
"Navbahor" selektsiyada yana faol! Klub Yaxshiboevni nishonga oldi va tarkibda boshqa o‘zgarishlar ham bor
Turnir peshqadami bo‘lib turgan Namanganning “Navbahor” jamoasi xuddi qishdagi selektsiya singari yozgi selektsiyada ham faol bo‘lishga urinyapti. Hozircha Superliga ishtirokchilari orasida jiddiy transferlarga guvoh bo‘layotganimiz yo‘q. Lekin “Navbahor” bunday sukunatga chek qo‘yish arafasida turibdi. Nega deganda, ularning tarkibida yana o‘zgarishlar kuzatilyapti. Bunday o‘zgarishlar shubhasiz faqat yaxshi tarafga desak mubolag‘a qilmaymiz.
Bilasiz, bosh murabbiy Samvel Babayan jamoani qo‘yilgan maqsadiga yarasha kuchaytirdi. Stadion yana muxlislar bilan to‘lib-toshyapti. Jamoaning peshqadam bo‘lib turgani fikrimizni tasdiqlab turibdi. Ammo Babayan hamon izlanishdan to‘xtamayapti. Transferlar doim ham 100 foiz o‘zini to‘liq oqlashi qiyin masala. Shuning uchun namanganliklar yozgi transfer oynasi ochilganidan maksimal foydalanishmoqchi. Xabaringiz bor, dastlabki o‘tish Diyor Turopov bilan amalga oshirildi. “Navbahor” ushbu yarim himoyachi bilan 1,5 yillik shartnoma imzoladi. Uning ortidan esa tojikistonlik yarim himoyachi Exsoni Panshanbe Eronning “Zob Axan” jamoasiga ko‘chib o‘tdi. Buning natijasida “Navbahor”da osiyolik limiti bo‘sh qoldi.
Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, klub ushbu limitdan foydalanmoqchi. Panshanbe o‘rniga boshqa osiyolik legionerga ko‘z tikilgan va allaqachon o‘sha futbolchi “Navbahor” mashg‘ulotlarida. Gap Qirg‘iziston terma jamoasi hujumchisi Mirlan Murzoev haqida ketmoqda. 32 yoshli hujumchi o‘z yurtida ayni paytda eng kuchli futbolchilardan biri bo‘lib turibdi. Yodingizda bo‘lsa, u Namanganda “Navruz Cup” xalqaro musobaqasida Qirg‘iziston terma jamoasi safida bizning terma jamoamiz darvozasiga gol ham urgandi. Agar Murzoev o‘z o‘yini bilan murabbiylar shtabini qoyil qoldira olsa, shubhasiz ikkinchi davrani namanganliklar safida boshlaydi va shu orqali osiyolik limitni yopishadi.
Mavsum boshida klubga qator yangi o‘yinchilar qo‘shilishgandi. Bizga etib kelgan ma’lumotga qaraganda, ulardan ikki nafari “Navbahor”ni tark etdi. Bular – yarim himoyachi Islom Kenjaboev bilan hujumchi Andrey Sidorov. Kenjaboev Superliga doirasida 11 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Sidorov esa 4 ta bellashuvda o‘ynadi va ikkalasining hisobida gol yo‘q. Darvoqe, ularning keyingi manzili ham qulog‘imizga chalingandek bo‘ldi. Islom Kenjaboev sobiq jamoasi – “Qizilqum”ga qaytmoqda. Sidorov bo‘lsa, Qo‘qonga!
“Navbahor” jamoasining yozgi transferidagi asosiy nishoni – bu Jasur Yaxshiboev bo‘lib turgandi. Anchadan beri ushbu o‘yinchiga klub tomonidan qiziqish mavjud edi. Jasur Evropa Chempionlar ligasida “Real”dek darvozaga gol urgan o‘zbek futbolchisi sifatida tarixdan joy olgan. Keyinchalik u “Sherif”dan ketdi, “Legiya”ga qaytgandi, ko‘p o‘tmay u erni ham tark etdi. Erkin agentga aylangan katta iqtidor egasiga “Navbahor”dan jiddiy qiziqish bo‘layotgandi. Natijada Jasur Namanganga etib keldi. To‘g‘ri, hali shartnoma imzolangani yo‘q. Xullas, Yaxshiboev “Navbahor” klubiga o‘tishga yaqin turibdi. Tez orada klub yuqoridagi o‘zgarishlar bo‘yicha rasmiy ravishda xabar berib qolsa ajab emas.
Ayni paytda jamoa o‘z qarorgohida shug‘ullanyapti. Ma’lum bo‘lishicha, uchta nazorat uchrashuvi tashkillashtiriladi va barcha o‘yinlar Namanganda o‘tkazilishini eshitdik. Hozirda futbolchilar ko‘tarinki kayfiyatda mashg‘ulotlarda ishtirok etishmoqda.
Ko‘rib turganingizdek, jamoaning transfer siyosati puxta o‘ylangan reja asosida amalga oshirilmoqda. Klubni tark etayotgan futbolchilar o‘rni shunga yarasha munosib kadrlar yordamida to‘ldirilishi ko‘zda tutilgan. Maqsad ikkinchi davrani yanada ishonchli o‘tkazgan holda yakunda poygada birinchi bo‘lib etib kelishdir.
Fikrlar