"Nasaf"ning yarim finaldagi raqibini tahlil qilamiz!

  • 19 oktabr, 2021, 17:00
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 4
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, 20 oktyabr sanasida OFK kubogining yarim final bahsida "Nasaf" o‘z uyida Gonkongning "Li Man" klubi bilan kuch sinashadi. Uchrashuv oldidan raqib jamoa o‘yin uslubi, tarkibi va kuchli tomonlari nimada ekanligi bilan qiziqdik. Ushbu bahsda "Nasaf"ga nima yordam berishi mumkin, degan savolga javob izlab ko‘rdik.

Tecno

Jamoa haqida qisqacha:

reegg4,gl54

"Lee & Man Paper" kompaniyasi 2016-2017 yilgi mavsumda mamlakatning eng kuchli klubi "Reynjers"ga homiylik qildi. Bir yildan so‘ng, brend Gonkong ligasida to‘p surishga qodir yangi klubga asos soldi. Shu tariqa, 2017 yilda "Li Man" jamoasi paydo bo‘ldi. Kompaniya o‘z klubi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy ligada to‘p surishi uchun futbol federatsiyasiga 1 million Gonkong dollari miqdorida badal puli to‘lashdan qochgani yo‘q. Jamoa tuzilgach, rahbariyat sobiq futbolchi  Fung Ki Kani jamoa bosh murabbiyi etib tayinladi. Uning boshqaruvidagi debyut mavsumda klub finishga 8-o‘rinda etib keldi. 2018 yilning 21 may sanasida esa, "Li Man" jamoasi postiga o‘z o‘yin falsafasiga ega mutaxassis Chan Xiu Min taklif etildi.

Uning qo‘l ustida klub shu kunga qadar yagona bo‘lib turgan mamlakat kubogidagi oltin medallarga ega chiqdi. Mutaxassis mahalliy futbolchilar va kuchli legionerdan yaxshi jamoa tuzishga muvaffaq bo‘lgani tahsinga sazovor. Bugungi kunda "Li Man" mamlakatning eng kuchli 5 jamoasidan biri sanaladi.

O‘yin uslubi

Jamoaviy o‘yin juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Tezkorlik a’lo darajada. O‘yin sxemasi 4-2-3-1. Ammo hujumga o‘tish chog‘ida bu 4-3-3 ga aylanib ketadi. Qaysidir ma’noda, bu "Nasaf"ning uslubi bilan o‘xshash. Chan tezkor futbolni targ‘ib etishni xush ko‘radi. Ayniqsa, qarshi hujumlarda "Li Man" juda xavfli. Shuningdek, jamoa erta pressingdan unumli foydalanadi. Arab va Markaziy Osiyo klublaridan farqli o‘laroq, o‘z darvozasi oldida avtobusni joylashtirmaydi. Barcha aspketlarda zamonaviy futboldagi trendlardan foydalanishga urinadi. To‘g‘ri, mahalliy futbolchilarning mahorati ba’zan pand berib qo‘yadi, ammo sifatli legionerlarning tarkibda etarlicha ekanligi bu bo‘shliqni to‘ldirishga qodir. Sharqiy Osiyo mintaqasiga xos bo‘lgan tez fikrlashni "Li Man" ijrosida bir nechta o‘yinda kuzatdim. To‘pning mayda paslar bilan raqib darvozasi oldiga katta tezlikda etib kelishini, asosan, xorijlik futbolchilar ta’minlab beradi.

O‘yin legionerlar atrofida qurilgan. Ularsiz klub o‘z darajasidan bir necha barobar pastroq harakat qiladi. Keling, jamoa darajasini belgilab beruvchi legionerlar bilan tanishtirib o‘tamiz:

Jonatan Akosta - Argentina, 34 yosh

acosta

Klassik 10-raqam egasi. Maydon markazida turganicha, jamoa hujumlariga temp qo‘shadi. Hujumni qanotlarga ko‘chirish, kerakli chog‘da jarima maydonchasi ichida bo‘lish va so‘nggi paslarda benazir. U "Li Man"ning majoziy ma’nodagi "aqli", desak, adashmagan bo‘lamiz.

Gil - Braziliya, 30 yosh

gil

Sof braziliyalik vinger. Kerak bo‘lsa, bemalol markaziy hujumchi vazifasini ham o‘tab berishga qodir. Tezligi juda ham baland. Aynan u jamoaning eng qimmat futbolchisi sanaladi ("Transfermarkt" portali uni 400 ming evroga baholagan). Texnikasi kuchli bo‘libgina qolmay, kombinatsiyalarda bo‘shliq yaratish maqsadida to‘psiz yaxshi harakat qiladi.

Kim Sin Yong - Janubiy Koreya, 36 yosh

karis

99-raqamda harakat qilishiga e’tibor qaratmang! U klubning eng tajribali futbolchilaridan biri. Tezligi baland emas, ammo maydonni to‘liq ko‘ra oladi. Zarba yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shu bois, standartlarning barchasini aynan u ijro etib beradi. 36 yosh bo‘lgani bois, murabbiy uni ko‘pincha bir bo‘lim maydonda to‘p surishi uchun imkon yaratadi. Katta ehtimol bilan, Qarshidagi "Markaziy" arenasiga yig‘ilgan muxlislar janubiy koreyalik futbolchining harakatlarini tomosha qilishi mumkin.

Fernando Recio - Mahalliylashtirilgan ipsan, 38 yosh

recooo

Jamoa sardori va chinakam etakchi! Resio 10 yildan beri Gonkong Premer-ligasida to‘p surmoqda. Bo‘yi baland bo‘lgani tufayli, birinchi to‘p uchun kurashda juda faol. Ikkinchi qavatda "Li Man"ning asosiy quroli. Standart vaziyatlarda u raqib jarima maydonchasi ichida bo‘lishga o‘rgangan. Shunga qaramay, tezligi juda past. Shu bois, murabbiy markaziy himoyada doimo u bilan tezkor mahalliy himoyachilarni tandemda maydonga tushiradi. Jamoa sardori tez orada yordamchi murabbiy sifatida klubda ish boshlashi kutilmoqda.

"Li Man"ning kuchli tomoni

12jdj

Jismoniy tayyorgarlik borasida hech qanday muammo yo‘q. Hindiston klubidan farqli o‘laroq, jamoa 90 daqiqa bemalol pressing namoyish etishi mumkin. Asosiy kuchi vingerlar. Aynan ular qanot orqali hujumlarni keskin ko‘rinish olishini ta’minlab beradi. Bundan tashqari, markaziy yarim himoyachilarning ham o‘yinga ta’siri katta. Ular kerakli pallada oldinroq surilib, himoyani maydon markaziga qadar chiqib kelishini ta’minlaydi. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, katta urg‘u legionerlarga beriladi. Maydonning barcha qismida ishning katta qismini xorijliklar amalga oshiradi: mudofaa - Resio, yarim himoya - Akosta, hujum - Gil.

Kuchsiz tomoni

gil2

Futbol jamoasida 11 sportchi bo‘lishi kerak. Shu bois, "Li Man" faqat legionerlariga suyana olmaydi. Mahalliy futbolchilarning saviyasi haqida ortiqcha ta’rif berishga hojat yo‘q. Ortda qolgan mavsumda klub ichki birinchilikda 4-pog‘onani band etdi. 8 klub ishtirok etadigan ligada bu natijani a’lo, deb bo‘lmaydi. Mamlakatda birinchi raqamli jamoa bir necha yillardan beri "Kitchi" bo‘lib kelmoqda. Qarshida mehmon bo‘ladigan "Li Man" tarkibida terma jamoadan chaqiruv olgan futbolchilar sanoqli. Boz ustiga, ayni damda ichki birinchilik uchrashuvlari o‘z yakuniga etgan. Shu bois, raqib o‘yin amaliyotga ega bo‘lmagan xolda yurtimizga tashrif buyuradi.

Eng muhimi, Chan Xiu Ming jamoasi turli xil o‘yin rejalariga ega emas. Ular faqat birinchi raqamli bo‘lib harakatlanishga odatlangan. Soddaroq qilib aytsak, faqat va faqat ochiq futbol! Bu qaysidir ma’noda uchrashuv tomoshabopligini oshirishi mumkin, biroq final ostonisida biroz ayyorlik ham bizga qo‘l keladi. "Nasaf"ning tezkor futbolchilari 38 yoshli markaziy himoyachiga suyanib qolgan raqib mudofaasini qarshi hujumda "jazolab tashlashi" ehtimoli yuqori.

Shuningdek, gonkongliklar darvozasini qo‘riqlashga mas’ul bo‘lgan Ho Chun Yuenni ham mustahkam "qal’a", deb bo‘lmaydi. Kiper uzoq masofadan berilgan zarbalarni bartaraf etishda murakkabliklarga duch keladi. Shu bois, ayrim o‘yinlarda Ka Ho Chan asosiy darvozabon vazifasini o‘tab beradi. Qanot himoyachilari hujumga chiqqan paytda, katta zonalar bo‘sh qoldiradi.

Yarim final bahsida "Nasaf"ga eng katta plyus vazifasini o‘tab beruvchi omil muxlislar ekanligini ham unutmaslik lozim. "Li Man" o‘z uyida istalgan raqibga "jang" taklif etishi mumkin, ammo mehmonda biroz bo‘shroq o‘yin o‘tkazadi. So‘nggi 5 o‘yinning 2 tasida "Li Man" g‘alaba qozongan bo‘lsa, yana shuncha uchrashuvda imkoniyatni boy bergan. Bir uchrashuvda tomonlar durangga imzo chekkan.

"Nasaf" bilan o‘yin uchun jamoaning taxminiy tarkibi:

Darvozabon:88.Yun Ho Chun;

Himoyachilar: 21.Tsang Kam To, 14.Xose Angel Martin, 2 Fernando Resio, 3.Tsui Vang Kit; 

Yarim himoyachilar: 16.Ngang lok, 26.Vong Chung Ho, 99.Kim Seung Yong, 10.Jonatan Akosta, 11.Cheng Siu Kvan.

Hujumchi: 91.Gil.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
biloljon
19/10/2021 18:06
Ertaga Nasaf chollarga qarshi oʻynab yutib yana karillarkanda bundoq professional kamanda topilar nasafga bundoq oʻynashni bilmidigan kamandalrni yutib oʻzini ajdar deb nom qoʻyvobti Koreyani Yaponiyani 3yo4oʻrindagi kamandalriman oʻynasin his qiladi oʻshanda ajdarmas chuvalchang ekanini
Xayrulla Ataxanov
19/10/2021 21:28
Намунча ичинг кора