
Mxitaryan hisobga olinmagan goli haqida: "Ehtimol, bu gol haqida butun umr o‘ylayman"
Chempionlar ligasi yarim finalining birinchi uchrashuvida "Barselona" va "Inter" 3:3 hisobida durang o‘ynadi. Ushbu bellashuvning 75-daqiqasida Genrix Mxitaryan tomonidan urilgan gol ofsayd sababli bekor qilindi — xavbekning butsasi uchi bor-yo‘g‘i uch santimetr ofsaydda bo‘lgan.
O‘yindan so‘ng arman futbolchisi ushbu vaziyat haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
"Bu gol haqida qay darajada ko‘p o‘ylaymanmi? Ehtimol, butun umr. Chunki o‘sha vaziyatda biz ustunlikni qo‘lga kiritishimiz mumkin edi. Men uch santimetr ofsaydda edim.
Lekin biz boshni baland ko‘tarib yuramiz. Javob o‘yinida yaxshi o‘ynab, ijobiy natija qayd etishimizga umid qilamiz" – deya o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi "nerazzurilar" yarim himoyachisi.
Fikrlar