"Muxlislar oldida juda hijolatdaman, balki bu erga kelmasdan u yoqda yurganim yaxshimidi?!". "Dinamo" futbolchisi jamoasining Superligada qolishiga ishonyaptimi?

  • 18 oktabr, 2022, 16:07
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Samarqandning “Dinamo” klubi har bir turdan keyin Superliga bilan xayrlashib pro liga tomon “salom” yo‘llayotgandek. Bu jamoa hamon yagona g‘alabasi bilan qolyapti va asosan raqiblariga ochko ulashib kelyapti. Mag‘lubiyatlar seriyasi esa davom ettirilmoqda.

Tecno

Bu safar o‘z uyida “Metallurg” jamoasiga imkoniyat boy berildi. Uchrashuv oxirlarida “Dinamo”dan Shoxruh Abdurahmonov bilan Erkin Boydullaev chetlatildi. Endi ular jamoaga yordam bera olmaydilar. Sports.uz jurnalisti Abdurahmonov bilan bog‘landi.

- “Dinamo” bu turda yana mag‘lubiyatga uchradi. Nima bo‘ldi, o‘zi?

- Harakat qilyapmiz. Hamma qiyin holatga tushib qolgan. Bunday vaziyatda bir nima deyishim ham qiyin. Hamma kurashyapti, lekin o‘xshamayapti-da. Yosh futbolchilar maydonga tushirilyapti. Ularga ham qaerdadir tajriba etishmayapti.

- O‘yin oxirlarida uchta qizil kartochka ko‘rsatildi. “Dinamo”dan siz bilan Erkin Boydullaev maydondan chetlatildi. O‘z vaziyatga qanday izoh berasiz?

- Ikkita sariq kartochka bo‘lib qoldi. Aslida shunaqa o‘yin edi. Boshqa iloj yo‘q edi. Qanaqa o‘ynash kerak, bilmadim. O‘yin vaziyatidan kelib chiqib kartochka ko‘rsatdi. Ikkinchi chetlatishda jamoamiz sardori Erkin aka Boydullaev qizishib ketdi, shekilli. Menimcha, jaxli chiqib ketdi. Raqib jamoaning zaxiradagilari aralashib nima qilishardi? Aralashmasa ham bo‘lardi. Menda bungacha bitta sariq kartochka bor edi. Hammasi hakamning qarori.

- “Dinamo” og‘ir ahvolda qolgan. Bu ham etmaganidek, endi keyingi uchrashuvda siz bilan Boydullaev jamoaga yordam bera olmaysizlar...

- Ha, jamoamiz qiyin vaziyatda edi. Endi yanada og‘ir holatda. Nima deyishni ham bilmayman.

abduraxmonov

- Turnir jadvaliga qarasak, haqiqatan “Dinamo” o‘ta murakkab ahvolga tushib qolgan. Deyarli hech kim “Dinamo”ni qiyin vaziyatdan chiqib ketishiga ishonmayapti. Bu masalada fikringiz qanday?

- Hali umidimiz so‘nggani yo‘q. Hozir ham qandaydir umid bor. Barchasi Xudodan. Vaziyat kutilmaganda teskarisiga o‘zgarib ketishi ham mumkin. Omad etishmayaptimi yoki boshqa narsami, bilmay qoldim. Yana qaytaraman: hali umid so‘nmadi. Nazariy jihatdan imkoniyatimiz bor.

- Vadim Abramov tajribali murabbiy. Lekin klubga bosh murabbiy bo‘lib kelganidan beri jamoa yutolmayapti. Garchi vaziyatni o‘zgartirishga urinayotgan bo‘lsa-da, natija yo‘q. “Dinamo”ga murabbiy kelganidan keyin nimadir o‘zgardimi?

- “Dinamo”ga qaytganimdan keyin avval Andrey Shipilov bilan ishladim. U ham yaxshi murabbiy edi. Vadim Karlenovich ham mahoratli mutaxassis. Jamoaning holatidan kelib chiqib o‘ynayapti. Baribir qaerdadir xato qilayotgandir. Abramov ham jamoaning ichki imkoniyati, futbolchilarning holatidan kelib chiqib o‘ynatyapti. Balki murabbiy xohlagan taktikaga o‘yinchilar mos tushmagani uchun boshqacha taktikadan foydalanayotgandir, yana bilmadim.

abduraxmonov1

- O‘tgan yili legioner sifatida Belarus chempionatiga ketdingiz va bu yil yarmida “Dinamo”ga qaytdingiz. O‘shanda samarqandlik muxlislar qaytganingizdan xursand bo‘lishgani rost. Lekin hech nima o‘xshamayapti. Bu holatda o‘zingizni aybdordek his qilyapsizmi?

- O‘zim uchun va meni kutgan samarqandlik muxlislar uchun ham juda hijolatdaman. Rosti, uyalayotganimdan zo‘rg‘a yuribman. Balki bu erga kelmasdan u yoqda yurganim yaxshimidi, deb o‘ylab qolyapman. Meni chaqirishgan va “Dinamo”ga yordam berish uchun kelgandim. Samarqandga yana katta niyatlar bilan qaytgandim. Har doim ham insonni aytgani bo‘lavermas ekan.

- Muxlislarga nima deysiz?

- Ishqibozlarimizdan uzr so‘rayman. Bizni doim qo‘llab-quvvatlashyapti. Ularning oldida xijolatdaman. Bunaqa holatga tushib qolishimiz hayolimga ham kelmagandi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!