Millatlar Ligasida hafta ramziy terma jamoasi

  • 9 sentabr, 2020, 21:47
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Millatlar Ligasi joriy mavsumini ham boshlab oldik. Ancha qiyin start deyishimiz mumkin. Yarim yillik tanaffusdan so‘ng terma jamoalarning o‘zaro til topishib ketishi vaqt talab qildi. Bu ayniqsa 1-turda ko‘rinib qoldi. Kichik bir muddat mobaynida ushbu turnir naqadar kerak ekan degan savollar ham paydo bo‘ldi. Keyinroq esa bu gumonlar ham asta-sekin barham topdi.
Ikkinchi turda biz asta-sekin jamoalarni taniy boshladik. Grandlar o‘z o‘yinini topib oldi. Biz esa har ikkala turni ham hisobga olishimiz lozim. Boshladik!

Tecno

1

Murabbiy: Dide Desham

Frantsuz bosh murabbiyini Millatlar Ligasi joriy haftasida chinakam g‘olib murabbiy, deya olamiz. Sababi, u bir nechta eksperimentlarini amalga oshirib olish barobarida kerakli natijalarni ham qo‘lga kiritdi. Kecha Xorvatiyaga qarshi muhim bahsda maydonga tushganiga qaramay, kichik jarohat xavfi ostidagi Mbappeni maydonga tushirmadi. Etakchilarisiz ham 100 foizlik natija qayd eta olgan Deshamni olqishlasak arziydi.

Desham

Darvozabon: David De Xea

A liga jamoalari orasidan gol o‘tkazib yubormagan darvozabonni topish mushkul. Birgina Jordan Pikford o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qola oldi. Xorvatiya terma jamoasi posboni Livakovich ushbu haftaning eng zo‘r seyvlarini amalga oshirgan bo‘lsa-da, amalda 8 ta gol o‘tkazib yubordi. De Xea esa 2 ta uchrashuvda 1 tagina to‘pni darvozasidan olib chiqdi. Verner gol urgan vaziyatda Pau Torres hujumchini ochiqchasiga o‘tkazib yuborgan va Ramosning ulkan gavdasi MYu posboni ko‘zlarini to‘sib qo‘ygandi.
Ha, de Xea posti oldida ukrainlar kam paydo bo‘lishdi. Ammo ajoyib o‘yin namoyish etgan ispanlardan iloji boricha ko‘proq vakillarni ramziy terma jamoamizga kiritishga qaror qildik.

De Xea 1

Markaziy himoyachi: Jeyson Denayer

“Lion” tarkibidagi muvaffaqiyatli mavsumdan oldin ham Denayer Belgiya terma jamoasiga jalb qilinar, biroq katta raqobat sabab zaxirada qolib ketardi. Endi u terma jamoa miqyosida ham o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lib bormoqda. “Og‘ir artilleriya” tipidagi himoyachi sanaladigan Jeyson Daniyaga qarshi g‘oyat muhim uchrashuvda tezkor gol kiritib, jamoasiga xotirjamlik taqdim etdi.

Denayer

Markaziy himoyachi: Leonardo Bonuchchi

Himoya va italyanlar: naqadar uyg‘un bu so‘zlar! Bosniyaga qarshi uchrashuvda g‘alabali seriyasini yakunlagan Manchini shogirdlari uchun eng muhimi mag‘lubiyatsiz seriya davom etmoqda. Har ikkala uchrashuvda ham himoya markazida bo‘lgan Bonuchchi italyanlarning guruhda peshqadamga aylanib olishiga katta hissa qo‘shdi.

Bonuchchi

Markaziy himoyachi: Serxio Ramos

“El kapitano” bo‘lmasa, ramziy terma jamoa to‘kis bo‘ladimi?! Bu qadar goleador himoyachini yana qaerdan topasiz. Hali futbol o‘ynab yurgan paytidayoq bu qadar ulkan maqtovlarga munosib ko‘rilgan ushbu himoyachi oradan bir necha 10 yil o‘tib, yaxshigina ehtirom bilan eslanadi. Uning iste’dodi qiymatini Messi va Ronaldu bilan bir davrda o‘ynagani va ulardan biriga yillar davomida elkadosh, boshqasiga munosib raqib bo‘lgani yanada oshirib yuboradi.

ramos_1

O‘ng qanot loterali: Joau Kanselu

Portugaliyaliklarni ancha kutib qolganingiz tabiiy. 6 kun davom etgan Millatlar ligasi birinchi va ikkinchi turlarining eng yorqin jamoasi so‘zsiz Portugaliya. “Manchester Siti” futbolchisining Xorvatiyaga urgan goli birinchi turning eng chiroyli gollari qatoridan joy oldi. Gvardiola jamoasida bunday tavakkal zarbalarni himoyachilar kamdan-kam yo‘llashadi. Kompanining mana shunday zarbasi “Lester” darvozasini ishg‘ol qilgani va o‘sha gol orqali “Man Siti” chempion bo‘lgani boshqa masala. Kanselu “shaharliklar” tarkibida Vinsent erishgan obro‘ni topib ulgurgani yo‘q. Terma jamoada esa Gvardiola yo‘q!

kanselu

Chap qanot loterali: Rafael Gerreyru

Gerreyru chap qanot loterallari orasida ushbu haftada eng yaxshi harakat qilgani bo‘ldi. Uning ishonchli o‘yini Antoni Lopesh darvozasini ancha xavfli hujumlardan saqlab qoldi. Yaxshi mavsumdan so‘ng terma jamoadagi ajoyib o‘yin ham kerak edi. Portugaliyaning jamoaviy futboli hozir barchaning e’tiborida. Ayni o‘sha futbolni tashkil qilganlar bugungi ramziy terma jamoamizning yarmini tashkil qiladi.

gerreyru

Markaziy yarim himoyachi: Nikolo Barella

Manchini o‘zi uchun yana bir iqtidorni shakllantirib olmoqda. Avval “Inter”da, endi Italiya terma jamoasida o‘zining muqim joyini topib borayotgan Nikoloning har ikki uchrashuvdagi o‘yinidan birdek zavqlandik. Kichik jussasi va jismoniy imkoniyatlariga qaramay, ancha aqlli harakatlari bilan barchani hayron qoldirdi. 172 santimetrlik bu bolakay kuni kecha himoyasida Van Deyk bo‘lgan Gollandiyaga boshi bilan gol urdi.

barella

Markaziy yarim himoyachi: Brunu Fernandesh

Brununing o‘yinini ko‘rish doim yoqimli. Van de Bek bilan kuchaygan MYu yarim himoyasini kuzatish esa yanada maroqli bo‘ladi. Fernandesh ikkita turda jami 3 ta assist amalga oshirdi. Portugaliya Ronaldusiz ham, Ronaldu bilan ham g‘alaba qozonmoqda. Bunda 26 yoshli xavbek katta o‘rin tutadi.

brunu

Hujumchi ortidagi futbolchi: Joau Felish

“Atletiko” vunderkindi endi terma jamoa etakchilari qatorida tilga olinmoqda. Unda yoshiga xos xatolar uchrab turibdi. Vaqt o‘tishi bilan bu ham yo‘qoladi. Muhimi, unda xarakter bor. G‘alabaga intilish, jamoa natijalariga daxldorlik hislari mavjud. Rivojlanayotgan futbolchi uchun eng keraklisi ham shu aslida. Xorvatiya darvozasiga debyut golini kiritishini mana shu tarzda taqdirlashga qaror qildik.

felish

Markaziy hujumchi: Ansu Fati

Yana bir debyut gol muallifini qarshi oling! Germaniyaga qarshi muhim bellashuvda terma jamoadagi debyutini nishonlagan 17 yoshli bolakay Ukraina darvozasiga ilk golini urdi. Ungacha esa Ramosning penaltisini ishlab berdi. O‘sha vaziyatda biz Ronalduda ko‘rishga o‘rganib qolganimiz - “qaychi” finti bilan himoyachini dog‘da qoldirishi esa shunchaki super bo‘ldi. Muhimi, bizniki kabi alqovlar ichida havoyi hislarga berilib ketib qolmasligi. Hammasi uning o‘z qo‘lida.

fati

Markaziy hujumchi: Krishtianu Ronaldu

Saviya 50 yoshda ham yo‘qolmaydi. U faoliyatini yakunlagach, qaysidir xayriya o‘yiniga faxriy futbolchi sifatida taklif etilsa ham qolganlardan ajralib tursa kerak. Jarima zarbasini jahon chempionati guruh bosqichidan beri bu qadar chiroyli amalga oshirmayotgan edi. Ikkinchi goli esa dahshatli ko‘rinish oldi. O‘sha vaziyatda Olsen hech qanday xatoga yo‘l qo‘ymagandi. Shunchaki, zarba shu qadar ideal ko‘rinish oldiki, shved posbonining o‘rnida boshqasi bo‘lganda ham ushbu to‘pni ushlab qolishi qiyin edi.
Ali Dayigacha yana 8 ta gol qoldi. Katta ehtimol bilan Ronaldu ushbu rekordni yangilashni uddalaydi. Kelgusi oyda bo‘lib o‘tadigan Millatlar Ligasining navbatdagi turlari buning uchun katta imkon.

ronaldu_1

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!