
Millatlar Ligasi. “Qizil furiya” Ramos ura olmagan penaltilar tufayli “nemis mashinasi”ni engishga majbur (prevyu)
Millatlar Ligasi guruh bosqichi keskin qarama-qarshiliklarga boy kechmoqda. Sababi, 6-tur arafasida turgan bir paytimizda, faqatgina Frantsiyaning pley-offda o‘ynashi aniq bo‘lib ulgurgan, xolos. 2-guruhda Angliya Belgiya bilan o‘zaro o‘yindagi mag‘lubiyat sabab butkul kurashdan chiqdi. Ammo qiziqarli tarafi “qizil iblislar”ning 6-turdagi raqibi Daniya bevosita qarama-qarshilikdagi g‘alaba orqali Roberto Martines shogirdlarini ham guruhda qoldirib ketishi mumkin. 1-guruhda esa, birato‘la 3 ta terma jamoada keyingi bosqichga chiqish uchun real imkoniyatlar saqlanib turibdi.
Biz ayni damda e’tiboringizni Ispaniya - Germaniya bahsiga qaratamiz. Sevilyadagi “Kartuxa” o‘yingohida bo‘lib o‘tadigan ushbu bellashuv Luis Enrike shogirdlari uchun qiyin o‘tishi aniq. Umuman olganda, so‘nggi ikki o‘yinni keraksiz ochko yo‘qotishlar orqali o‘tkazmaganida, Serxio Ramosning muvaffaqiyatsiz penaltilari seriyasi Shveytsariyaga qarshi bellashuvga to‘planib qolmaganida, Pireney yarimoroli vakillari o‘z maydonida kechadigan bahsda ancha erkin harakat qilgan bo‘lardi.
O‘zaro uchrashuvlar tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, har ikkala jamoa foydasiga ishlaydigan statistikalarni uchratishimiz mumkin. Germaniya ispanlarga qarshi o‘yinlarda 9 marotaba g‘alaba qozongan, ispanlarda bu ko‘rsatkich 7 taga teng (8 ta durang).. Ammo “qizil furiya” so‘nggi 4 ta uchrashuvda nemislarga mag‘lub bo‘lmay kelmoqda.
O‘tgan galgi bellashuvda Gayyaning hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda urgan hisobni tenglashtiruvchi goli Yoaxim Lyov shogirdlarini tayyor g‘alabadan mahrum qilgandi. Bugun mana shu yo‘qotish uchun o‘ch olish imkoniyati mavjud. Buning uchun g‘alaba raqib maydonida mag‘lubiyatga uchramaslikning o‘zi kifoya.
Ispaniya
Luis Enrike boshchiligidagi jamoadan muxlislar allaqachon titullar kuta boshlagan. Jamoada avlodlar almashinuvi pala-partish tarzda olib borilmoqda. Tarkibda notekisliklarni juda ko‘p uchratamiz. Darvozabon masalasida Enrike nimani o‘ylayotganini tushunish qiyin. Ha, Kepa va De Xea o‘z darajasini birmuncha yo‘qotgan. Biroq har qanday holatda ham ular Unai Simondan yuqoriroq saviyadagi posbonlar hisoblanadi.
Pau Torresning markaziy himoyadan muntazam ravishda o‘rin olishi ham naqadar to‘g‘ri, degan savollar ham paydo bo‘lmoqda. Texnik imkoniyatlari cheklangan, kelgan to‘pni qaytarib yuborishga ixtisoslashgan daroz himoyachi jamoaning umumiy kompozitsiyasidan tushib qolayotgandek. Bu o‘rinda kadrlar muammosi borligini ham e’tirof etib o‘tish joiz. Jamoa hujumida bir qator yosh iqtidor egalariga imkoniyat taqdim etib kelinyapti. Himoya markazida ham Erik Garsiya singari talantlarni sinab ko‘rish kerak emasmikin?! Pau Torres va Diego Lorente u qadar katta yoshda emas. Ammo ular klub miqyosida ham u qadar barqaror o‘yin namoyish etmayapti. Biz taqdim etayotgan variant - Erik Garsiyada ham “Manchester Siti” tarkibida muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘la olmaslik muammosi mavjud.
Ispaniyadagi yaxshi darajadagi ijrochilar orasida bir qator yuqori darajaga tortmaydigan futbolchilarning uchrayotgani bu fikrni bildirishimizga sabab bo‘lmoqda: Oyarsabal, Kanales…
Taxminiy tarkib: De Xea, Navas, Ramos, Torres, Regilon, Rodri, Buskets, Kanales, Traore, Ferran, Morata.
Germaniya
Yoaxim Lyovning jamoasi Ukrainaga qarshi bahsda oson g‘alabaga erishdi, deb ayta olmaymiz. Dastlab, xotirjamlikka berilib, gol o‘tkazib yuborgani ularning foydasiga ishladi. Ularning ketma-ket o‘yinlarda g‘alabani so‘nggi daqiqalarda boy berishi guruhdagi vaziyatni og‘irlashtirib yuborgandi. Ispaniya maydonida kechadigan bellashuvda ular shunchaki himoyalanish bilangina muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Ukraina ancha shakllangan jamoaga aylanib qolganligi rost. Biroq, Ispaniya darajasi har qanday holatda ham yuqoriligicha qoladi.
Toni Kross Ukrainaga qarshi kechgan o‘yinni o‘tkazib yuborganidan so‘ng safga qaytdi. Ammo endi Ryudiger diskvalifikatsiya sabab 6-turda qatnasha olmaydi. Shuningdek, bergamoliklar loteral qanot himoyachisi Robin Gosens ham jarohati sabab Millatlar Ligasi guruh bosqichining eng muhim qarama-qarshiligini o‘tkazib yuboradi. Joshua Kimmix va Niko Shultsning jarohati haqida gapirib o‘tirishning hojati yo‘q. Ularning klublari safida ham maydonga tushishlari so‘roq ostida.
Taxminiy tarkib: Noyer, Ginter, Zyule, Ryudiger, Kerer, Kross, Goretska, Brandt, Gnabri, Sane, Verner.
Murabbiylar
Luis Enrike: “Biz oldimizda turgan bellashuvda o‘z imkoniyatlarimiz darajasidan yuqoriroq harakat qilishga majburmiz. Seshanba kuni bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda Serxio Buskets bizga yordam bera olmaydi. Uning tezroq safga qaytishiga umid bildirib qolamiz.
Ramosning foydalana olmagan penaltilari meni xavotirga solmaydi. U bizning sardorimiz”.
Yoaxim Lyov: “Guruhning birinchi pog‘onasida turish juda ajoyib. Taqdirimiz qaysidir jamoaning natijasiga bog‘liq emasligidan xursandmiz. Biz yuqori darajadagi raqibga qarshi kechadigan bellashuvga jiddiy tayyorlanyapmiz. Bu natijaga erishish yo‘lidagi eng og‘ir sinov bo‘lishi aniq”.
Xulosa o‘rnida
Jamoalar tarkibida yo‘qotishlarning borligi tabiiy holat. 3 oydan buyon mavsum davom etyapti va eng yomon tarafi, tanaffus juda qisqa bo‘lgandi. Top-darajadagi futbolchilar har 3-4 kunda maydonga tushishga majbur bo‘lmoqda. Qayta tiklanishga etarlicha vaqt bo‘lmayotgani sabab jarohatlar ham ko‘p.
Maydon egalarida bosim yuqori. Ularni g‘alabadan boshqa natija qoniqtirmaydi. Bu Germaniyaga qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etishi mumkin. Hisobini va g‘olibni oldindan aniqlab bo‘lmaydigan o‘yin oldida turibmiz.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar