"Kapadze bilan doim aloqadamiz, lekin "Navbahor" haqida gaplashmadik" - Rahmonaliev "Sabax"dagi goli va takliflar haqida

  • 14 dekabr, 10:13
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Kecha Ozarbayjon chempionatining navbatdagi turida hamyurtimiz Umarali Rahmonaliev to‘p surayotgan “Sabax” klubi safarda “Turan” jamoasini 1:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Tecno

O‘yindagi uchinchi golga esa bizning legionerimiz mualliflik qildi. O‘yindan keyin Sports.uz jurnalisti Rahmonaliev bilan suhbatlashdi.

- Har doim legionerlarimizni gol urganini ko‘rish yoqimli. Tabiiyki, sizni ham golingizdan xursandmiz va ayniqsa, bu g‘alabaga hissa qo‘shsa ikki karra yoqimli, shunday emasmi?

- Albatta, aytib o‘tganingizdek, gol urish yoqimli his beradi, ayniqsa, g‘alaba bilan birga kelsa!

- O‘yin qanday kechdi? Adashmasam, bu mavsumdagi ilk golingiz. Darvozani ishg‘ol qilishingizni kutganmidingiz?

- O‘yin qiyin kechdi. “Turon” jamoasi himoyaviy o‘yin bo‘yicha ligani etakchi klublaridan biri hisoblanadi. Maydon holati yaxshi emasdi. Shunga qaramasdan, Xudoga shukurki, o‘yin g‘alaba bilan tugadi. Ha, bu mavsumdagi birinchi golim. Sababi, ushbu yil hamma o‘yinlarni himoyaviy yarim himoyachi zonasida o‘tkazyapman. Ikki o‘yindan beri gol urishim kerakligini o‘ylayotgandim. Bu uchrashuvga nasib qilgan ekan.

- “Sabax” chempionatda peshqadam bo‘lib turibdi. Legioner sifatida jamoangiz bilan birinchi o‘rinda yurishni gashti boshqachami?

- Peshqadam bo‘lish har bir jamoaning orzusi va maqsadi, shuningdek, bizning jamoani ham. Hamma xursand, lekin hali chempionat yakunlangani yo‘q. Oxirigacha saqlash uchun ko‘p ter to‘kishga to‘g‘ri keladi.

- O‘tgan yili jamoa 5-o‘rinni egallagan. Bu yil esa “Sabax” klubi qaerdan kuch topyapti?

- O‘tgan yili chempionatda ishlar yurishmagandan so‘ng maqsad Kubokni qo‘lga kiritish edi. Shuning uchun 5-o‘rinda yakunlagan edik. Bu yil jamoaga ko‘plab yangi futbolchilar jalb etildi va Ozarbayjonda legionerlar limiti olib tashlandi. O‘ylashimcha, asosiy sabablari shu.

- Ozarbayjon chempionatida sizga yoqqan va yoqmagan narsa nima?

- Chempionatda har bir jamoa har bir o‘yinda raqobat qila oladi, hech qaysi o‘yinga 100 foiz yutamiz, deb chiqa olmaysiz. Raqobat bor joyda faqat o‘sishga xizmat qiladi. Yoqmagan narsa, muxlislarni ozligi. Futbol muxlislar bilan qiziq. Afsuski, bu erda ishqibozlar tashrifi juda oz.

- Oxirgi paytlarda sizni yana chempionatimizga qaytishingiz haqida gapirishyapti. Shu rostmi?

- Bu gap-so‘zlar har yili transfer oynasi ochilishi bilan chiqadi, yangilik emas.

- Timur Kapadze sizni “Navbahor”ga taklif qilayotgani haqiqatmi?

- Kapadze bilan har doim aloqadamiz. “Navbahor” taklifi haqida hali gaplashmadik. Kelasi yilga nima qilmoqchiligimni so‘radilar. Hali “Rubin” bilan shartnomam borligi, hozirda “Sabax” futbolchisiligim va asosiysi, klub menga ishonayotganini aytdim.

- Ozarbayjon chempionati bilan bizni chempionatimizni solishtirgandirsiz? Farqli tomonlari nimada?

- Ozarbayjonda legionerlar darajasi va jamoalar Evropa ligalarida o‘ynash imkoniyati borligi uchun o‘ylashimcha, kuchliroq. Bu erda futbol ko‘proq hujumkorlikka asoslangan bo‘lsa, O‘zbekistonda yarmidan ko‘p jamoalar himoyaviy o‘yin uslubida o‘ynashadi. Lekin o‘zimizda oxirgi yillarda futbol sezilarli darajada yaxshi tomonga o‘sdi va o‘sishda davom etmoqda. 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Адхамжон Низомов
14/12/2025 11:20
Озарбайжондан 10 баробар кучликку.Шуни билиб туриб хам Озарлар томон булганини буни.Узбекистон кучли деб тугрисини айтиб куйавер,чайналанмасдан.