
Meni hech kim chaqirmadi, aks holda jamoamni o‘zgartirishimga to‘g‘ri keladi - Marko Stanoevich "Nasaf"dagi vaziyatdan xayron!
“Nasaf”ning o‘tgan mavsumdagi eng yaxshi o‘yinchilaridan biri bo‘lgan serbiyalik Marko Stanoevich qaerda? Chunki klub mashg‘ulotlarni boshlagan, ammo o‘sha legionerdan hali ham darak yo‘q.
Aytish mumkinki, Marko Superligamizdagi eng yaxshi legionerlardan biri bo‘la oldi. Shunga qaramay, o‘zidan yaxshi taassurot qoldirgan va o‘rtamiyona bo‘lmagan serbiyalik futbolchining hozir jamoasiz ekanligi biroz ajablanarli. O‘z o‘rnida Stanoevich sports.uz muxbirining savollariga javob qaytarar ekan, hozirgi vaziyatga oydinlik kiritdi.
- Salom Marko! Ishlaringiz yaxshimi? Ayni paytda qaerdasiz va nimalar bilan bandsiz?
- Men uydaman. Ko‘p vaqtimni oilam bilan o‘tkazyapman. Keyin takliflarni kutyapman.
- Ammo sizni O‘zbekistonda kutishyapti-ku. Lekin siz hali ham uydasiz. Nima, “Nasaf” sizga yangi shartnoma taklif qilmadimi?
- Bu savolingizga qanday javob berishni bilmayman. Ketishimdan oldin “Nasaf” rahbari bilan gaplashgandim. Suhbat chog‘ida keyingi yilda ham yana klubda qolish masalasini gaplashgandik. Ammo bilishimcha, “Nasaf”ning yig‘ini boshlangan. Lekin meni hech kim chaqirmadi. Bundan keyin, “Nasaf”da to‘p surishim so‘roq ostida. Ochig‘i, savolga nima deyishni bilmayapman. Chunki klubdan hech kim qo‘ng‘iroq qilmadi. Bir so‘z bilan aytganda, kutyapman.
- Umuman aytganda, Ro‘ziqul Berdiev bilan jamoadagi kelajagingiz haqida gaplashdingizmi?
- Albatta, Serbiyaga qaytishdan avval, u bilan ham gaplashganman. Berdiev bilan qo‘ng‘iroqlashib turganimni aytishim kerak. Biroq hozircha men bilan bog‘liq vaziyat mavhumligicha qolyapti. Hozircha biz uchun kutish qolyapti xolos. Lekin yaqin orada barchasiga oydinlik kiritilsa kerak.
- Eshitishimcha, sizga Superligamizning qator klublaridan yaxshi takliflar bor ekan. Sir bo‘lmasa, qaysi jamoalar xizmatingizga qiziqib qolgan?
- Shukrki, boshqa klublardan takliflar bor, yo‘q emas. Albatta, bu sir emas. Chunki bundan “Nasaf” rahbari ham xabardor. Ro‘ziqul Berdiev ham buni yaxshi biladi. Ammo, hozircha xizmatimga ko‘z tikayotgan klublarning nomlarini aytishni istamasdim. Asosiysi, men “Nasaf” klubiga nisbatan hech qanday yashirincha yo‘l tutmayapman. Agar munosib taklif bo‘lsa, buni ko‘rib chiqishga tayyorman.
- Klub qarzlarini uzyaptimi?
- Ha, bizda qarzlar bor edi. Oz-ozdan to‘lashga harakat qilishyapti.
- Demak, “Nasaf”ni tark etishingiz aniqroqmi?
- “Nasaf”da tuzilgan shartnomam tugagan. Agar yana shartnomani uzaytirishni taklif qilishsa rozi bo‘laman, bo‘lmasa jamoamni almashtiraman. Hammasi qanday kelishib olishimizga bog‘liq. Aks holda jamoamni o‘zgartirishimga to‘g‘ri keladi.
- Mendagi ma’lumotga qaraganda, “Navbahor” sizga qiziqarli taklif bilan chiqqan, shu rostmi?
- Yuqorida xizmatimga ko‘z tikayotgan klublarni sanab berishni istamasligimni aytgandim. Aytishim joizki, menga qiziqish bildirganlarga o‘zimni qoniqtiradigan shart-sharoitlar haqida yashirmasdan aytganman. Agar bu talablarimdan kelib chiqib qanoatlantiradigan klubdan taklif bo‘lsa, muzokaralar stoliga o‘tirishimiz mumkin. Yaxshisi, nomlarini aytmay qo‘yaveray.
- Nima deb o‘ylaysiz, o‘zingizni narxi baland futbolchi deb hisoblaysizmi?
- Qiziqarli savol. Bu kabi savollarni hamma narsaga qiziquvchi siz jurnalistlar berasizlar-da. Siz qalam ahli vakillari raqamlarga tayangan holda tanishishni va yozishni yaxshi ko‘rasizlar. Agar yuqoridagi savolingizga javob beradigan bo‘lsam, menda bunday ishlar yaxshi amalga oshadi. Men hayotga real ko‘z bilan qaraydigan odamman, doim shunday bo‘lishga harakat qilaman.
Fikrlar
Hokim bo‘va Nasafga etibor beriiiiiiiiiiiiiiiiiiiiiiiiiiing.