
Maksim Shatskix: "Kubokni ko‘targanimizdan so‘ng chempion bo‘ldik deya olamiz
O‘zbekiston Superligasi 24-turidan o‘rin olgan "Paxtakor" - "Nasaf" bahsi yakunlandi. Unda tomonlar 1:1 hisobida durang o‘ynadi.
Mehmonlar safida yagona golga Sherzod Nasrullaev mualliflik qildi. Uning goliga javoban ikkinchi bo‘limda Hojimat Erkinov muvozanatni tikladi.
Uchrashuvdan so‘ng "Paxtakor" ustozi Maksim Shatskix matbuot anjumanida qatnashib, jurnalistlar savollariga javob berdi.
"Bugungi uchrashuv barchaga yoqdi deb o‘ylayman. Tezkor o‘yin bo‘ldi. Hakamlarga ham rahmat, ular bugun a’lo darajada ishlashdi. Chempionatda shunday o‘yinlar soni ko‘paysa, muxlislar chempionat o‘yinlariga tashrif buyurishni boshlashadi. O‘yinni nazorat qildik. Birinchi bo‘limda raqibimiz bitta hujum qildi va gol urdi. Ikkinchi bo‘limda agressivroq o‘ynadik. Birinchi bo‘limning o‘zidayoq gol urishimiz kerak edi.
Dragan jamoa etakchisi va sardori. U maydonga qaytganidan so‘ng uslubimizni o‘zgartirdik. Uni maydonda ikki himoyachi qo‘riqlaydi. Shu sababdan boshqa futbolchilarda ochiq hudud paydo bo‘ladi. U o‘zining optimal sport formasiga qaytishiga umid qilaman.
Kubokni ko‘targanimizdan so‘ng chempion bo‘ldik deya olamiz. Osiyo chempionlar ligasida ham eng muhim uchrashuvlar vaqti keldi. Zich taqvim futbolchilarni, ayniqsa terma jamoa a’zolarini qiynab qo‘yadi. Biz terma jamoa yig‘ini avvalidan beshta muhim uchrashuv o‘tkazgandik. O‘sha uchrashuvlarda ko‘p ochkolar yo‘qotdik, ammo o‘yin bo‘yicha hammasi joyida edi. "Al Ayn"ga qarshi ko‘p vaziyatlarni yaratgandik. Saudiyada ham o‘yin bo‘yicha ustunlik qilib, mag‘lub bo‘ldik. "So‘g‘diyona", OKMK, "Andijon" jamoalariga qarshi uchrashuvlarda ochko yo‘qotdik. Lekin o‘yin bo‘yicha biz ustun edik. Bugun ham so‘nggi daqiqalarda gol ursak bo‘lardi. Durang adolatli natija bo‘ldi deb o‘ylayman. Jismoniy holat bo‘yicha hammasi yaxshi", - dedi Shatskix.
Fikrlar