
Luis Enrike qimmatbaho to‘purarga qo‘shib, to‘rtta yulduzni asosiy jamoadan chetlatdi
Frantsiya chempionati va UEFA Chempionlar ligasi g‘olibi “Pari Sen-Jermen” murabbiyi Luis Enrike qimmatbaho hujumchi Randal Kolo Muanini asosiy jamoadan chetlatib, zaxira tarkib bilan mashg‘ulot o‘tashga yubordi.
PSJ Kolo Muanini 2023 yili katta maqsadlar bilan “Ayntraxt”dan 95 million evroga transfer qilgan edi. Biroq Parij klubini Luis Enrike boshqara boshlagach, bu forvardning ishlari yurishmay qoldi.
Asosiy tarkibdagi joyini yo‘qotgan Randal o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida ijara asosida “Yuventus”da o‘ynab, 22 ta uchrashuvda o‘nta gol urdi va uchta golli pas uzatdi.
Lekin bu natijalar Luis Enrike e’tiborini tortmadi.
Le Parisien nashrining ma’lum qilishicha, ispaniyalik bosh murabbiy zaxira tarkibi mashg‘ulotlariga ijaradan qaytgan Karlos Soler, Marko Asensio, Milan Shkrinyar va Nordi Mukiele kabi o‘yinchilarni ham jo‘natib yuborgan. Bu futbolchilarning birortasi Luis Enrikega kerak emas va tezroq o‘zlariga yangi jamoa topishi talab etiladi.
Fikrlar