
La Liga yangi mavsumining translyatsiya huquqini O‘zbekistondagi telekanal sotib oldi. O‘yinlar internetda ham namoyish etiladi
"UZREPORT" Ispaniya chempionati yangi mavsumining eksklyuziv translyatsiya huquqini xarid qildi. Bu haqda telekanal rasmiy sayti xabar berdi.
- Ispaniya chempionatidan o‘rin olgan futbol uchrashuvlari butun dunyodagi futbol muxlislari qatorida yurtimizdagi millionlab futbol ishqibozlarining ham doimo diqqat-markazida turadi. Dunyodagi eng ko‘p muxlislarga ega bo‘lgan “Barselona” va “Real” kabi klublar ham aynan Ispaniya chempionati — La Ligada ishtirok etadi.
Millionlab o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarining qiziqishlarini inobatga olgan holda, "UZREPORT" Ispaniya chempionatining yangi mavsumini ham O‘zbekiston hududi bo‘ylab eksklyuziv translyatsiya qilish huquqini xarid qildi. Mazkur eksklyuziv huquqlar televizion translyatsiyalardan tashqari, internet orqali translyatsiya huquqini ham o‘z ichiga oladi.
La Ligada 1-tur uchrashuvlari 12 sentyabr kuni "Eybar" va "Selta" jamoalari o‘rtasidagi o‘yin bilan boshlanadi. Demak, 2 kundan keyin futbol muxlislari "UZREPORT TV" va "FUTBOL TV" telekanallari orqali Ispaniya chempionati o‘yinlarini jonli efirda tomosha qilib, shiddatli o‘yinlardan bahra olishlari mumkin bo‘ladi, - deyiladi telekanal rasmiy saytida.
Fikrlar