
"Klubdan ketganim rost, oldiga maqsad qo‘ygan jamoa yulduzli tarkib yig‘ishi shart emas" - Shoxruz Norxonov
Yangi mavsum oldidan “Neftchi” tarkibida jiddiy o‘zgarishlar yuz berayotganidan yaxshi xabardorsiz.
Bir qator yangi o‘yinchilar taklif qilinyapti. Shuningdek, jamoani tark etayotgan futbolchilar bor.
“Neftchi” bilan xayrlashgan futbolchilar orasida hujumchi Shoxruz Norxonov ham bor. Sports.uz muxbiri Norxonovdan intervyu oldi.
- Shoxruz, "Neftchi"ni tark etganingizni eshitdik. Klub yangi shartnoma taklif qilmadimi yoki o‘zingiz shuni istadingizmi?
- Ha, “Neftchi”ni tark etganim rost. O‘zim shuni istadim.
- "Neftchi"da o‘tkazgan bir yillik faoliyatingiz sizda ko‘proq nimasi bilan esda qoldi?
- Bu yil klub bilan ajoyib mavsumni o‘tkazdik. Bir bir oila bo‘la oldik. Murabbiylar va futbolchilarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
- 21 ta o‘yinda 4 ta gol urdingiz. Albatta, hujumchi sifatida bu siz uchun kam. Sizningcha, gollar nega kamroq bo‘ldi, deb o‘ylaysiz?
- To‘g‘ri, hujumchiga bu kam hisoblanadi. Ayrim vaqtlarda jarohat oldim va raqobat ham bizda bu yil ancha yaxshi edi. Agar menga ko‘proq ishonch bildirilganida boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi.
- "Neftchi"ni sizlardan qarzdorligi bormi?
- Ha, qarzdorliklar bor.
- Klub yangi mavsum uchun bir qator jiddiy transferlarni amalga oshiryapti. Yangi kelayotgan o‘yinchilar sizni hayron qoldirmadimi? Umuman, fikringiz qanday?
- Ha, eshitdim. Yaxshi o‘yinchilar kelishyapti. Oldiga maqsad qo‘ygan jamoa yulduzli tarkib yig‘ishi shart emas. Futbolchilarni to‘g‘ri o‘ynata olsa bo‘lgani.
- Yangi mavsum uchun rejalaringiz qanday? Sizni "Buxoro"ga qaytishingiz mumkinligi yoki chetga ketishingiz haqida eshitmoqdamiz. Oldingizda aniq qanday variantlar bor?
- Ha, eshitganingiz haqiqatga yaqin. O‘zbekistonda qolishim ham yoki legioner bo‘lishim ham mumkin. Hali aniq emas. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.
- Jamoani bu yilgi tarkibi ham yaxshi edi. Biroq maqsadiga erisha olmadi. Bunga nima sabab, deb o‘ylaysiz?
- To‘g‘ri, bizda bu yil kuchli tarkib bor edi. Qaerdadir xatoliklarga yo‘l qo‘ydik va medallardan quruq qoldik. Lekin murabbiylar va futbolchilar oxirgi turgacha maqsad uchun kurashdik. Shu o‘rinda “Neftchi” muxlislariga ham rahmat aytaman. Qanday natija bo‘lishidan qat’iy nazar biz bilan birga bo‘lishdi.
Fikrlar