
Kecha legioner edilar bugun esa...yoxud ular Superliganing super o‘yinchilarimi?
Yaqin kunlarda Superliganing yangi mavsumi uchun qur’a tashlanadi. Qarabsizki, yangi chempionatimiz ham asta-sekin eshik qoqmoqda.
Klublar hozir tayyorgarlik ko‘rishning rosa avjiga chiqishgan. Katta ehtimol bilan bu yilgi mavsum juda keskin o‘tishi, yuqori darajadagi intriganing kuzatilishi kutilmoqda. Bunga bir nechta sabablar bor, albatta.
E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, aksariyat klublar selektsiyada ham bir-biri bilan raqobat qilishyapti va tarkibni kuchaytirish ishlarini olib bormoqdalar. Biz uchun ahamiyatli tomoni bor. Ya’ni, legioner sifatida chetda to‘p surgan bir qator futbolchilar yana O‘zbekiston chempionatiga qaytdilar.
Xorijda ko‘rgan-kechirganlari, to‘plagan tajribalari bilan Superliganing saviyasini oshishiga xizmat qilsa ajab emas-a?! Quyida nomlari keltirilgan barcha futbolchilar Superligaga qaytishi bo‘yicha Sports.uz uchun intervyu berishga ulgurishgan.
Ikrom Aliboev
Ampluasi: yarim himoyachi
Oldingi klubi: “Tedjon Sitizen” (Janubiy Koreya)
Yangi jamoasi: “Paxtakor”
O‘zbekistonning amaldagi chempioni – “Paxtakor” Aliboevni qo‘lga kiritish orqali yaxshi transferni bajardi. Ilgari chempionatimizda “Lokomotiv” uchun bir necha yilni o‘tkazgan futbolchi keyinchalik legioner sifatida Koreyaga ketdi. Avvaliga K-1 ligada “Seul” safida to‘p surdi va o‘zini ko‘rsatdi. So‘ng, jarohat uni maydon tashqarisiga chiqarib qo‘ydi. Tiklanib safga qaytganidan keyin “Tedjon Sitizen”da to‘p surdi. 2019 yili Koreyaga ketgan Ikrom 2022 yilda yana chempionatimizga qaytib keldi. O‘zbekiston milliy terma jamoasining a’zosi “Paxtakor”ning o‘yinini kuchaytira oladimi? Bu savolga javobni chempionat davomida ko‘rib olamiz.
Aliboev: “Erkin agent bo‘lishim bilanoq, “Paxtakor” mutasaddilari men bilan bog‘landi. Ularga shartimni aytdim. Biz o‘zaro kelishdik va mutasaddilardan 20 yanvargacha vaqt berishlarini so‘radim. Menga yana Janubiy Koreya yoki boshqa davlatlardan takliflar bo‘lib qolishi mumkin edi. Afsuski, taklif bo‘lmadi va “Paxtakor” variantida qolishga to‘g‘ri keldi. Men bundan xafa emasman. “Paxtakor” ham o‘z oldiga oliy maqsadlarni qo‘ygan. Bu yil Osiyo Chempionlar ligasida ham ishtirok etadi. O‘sha nufuzli musobaqada ham jamoamga o‘z hissamni qo‘shib, yaxshi natijalar ko‘rsatishga harakat qilamiz. Nasib bo‘lsa, keyinchalik xorijdan takliflar bo‘lsa, ko‘rib chiqishga tayyorman”.
Sardor Rashidov
Ampluasi: yarim himoyachi
Oldingi klubi: “Al-Quvayt” (Quvayt)
Yangi jamoasi: “Paxtakor”
“Paxtakor” Aliboevdan tashqari Sardor Rashidovni ham qo‘lga kiritdi. Aniqrog‘ aytsak, uni ortga qaytardi. Yodingizda bo‘lsa, futbolchi o‘tgan yilgi mavsumni ham “Paxtakor”da boshlagandi. Keyinchalik unga Quvaytning “Al-Quvayt” klubidan juda yaxshi taklif kelib tushganidan keyin yarim himoyachi “Paxtakor”ni tark etdi. Biroq Rashidovning Quvaytdagi faoliyati uzoqqa cho‘zilmadi. Garchi moliyaviy tarafdan zo‘r shartnoma berishgan bo‘lsa-da, biroq u erdagi futbolning saviyasi Sardorga xush kelmadi. Yangi klubida ko‘p vaqtini tayyorgarlik ko‘rish bilan o‘tkazgan holda bir necha oy o‘tib O‘zbekistonga qaytishga qaror qildi. Albatta, Rashidovning keyingi jamoasi ko‘pchilik uchun qiziq edi. Yakunda u “Paxtakor”ning chorlovini yana bir bor qabul qilgan holda o‘zining sobiq jamoasiga qaytishni xohladi.
Rashidov: “Paxtakor” jamoasiga o‘tishimga kelsak, bu klubni Osiyoda juda hurmat qilishadi. Shuning uchun mazkur jamoaga o‘tish rejamda bor edi, degan bo‘lardim”.
Jamshid Iskanderov
Ampluasi: yarim himoyachi
Oldingi klubi: “Seongnam” (Janubiy Koreya)
Yangi jamoasi: “Navbahor”
Qishki selektsiya paytida ko‘zga ko‘ringan transferlardan biri. Iskanderov “Paxtakor” va “Lokomotiv”dan so‘ng, endi “Navbahor” uchun ham to‘p suradigan bo‘ldi. Oxirgi ikki yilni “Seongnam” jamoasida o‘tkazgan futbolchimiz oldida chetdan yana boshqa variantlar ham bor edi. Ammo Babayan uni “Navbahor”da to‘p surishga ko‘ndirdi. Shubhasiz, yaxshi o‘yinchi. Saviyasi ancha-muncha futbolchilarnikidan baland. Ko‘pchilik Jamshidning “Navbahor”ga o‘tishini omadli transferlar qatoriga qo‘shmoqda.
Iskanderov: “Legioner bo‘lib o‘ynagach, O‘zbekistonga qaytib kelishim juda qiyin bo‘ldi. Rosa o‘yladim. Bir-ikkita klublar bilan gaplashib, shartnomani kutib turgandik. Lekin hali 100 foiz hal bo‘lmagandi. Bu yoqda siz aytganingizdek, Samvel Vyacheslavovich bilan har doim aloqada bo‘lib turdik. Menimcha, bu klubga kelishimda eng katta sabab Samvel aka. Birinchi ustozimiz, ko‘p yordam ko‘rsatgan odam. Taklifiga yo‘q demasdan rozi bo‘ldim. Turkiyaga ketishimizdan bir-ikki kun oldin “Navbahor”ga o‘tishim hal bo‘ldi. Klub bilan kelishgan holda shartnomaga qo‘l qo‘ydik”.
Oleg Zoteev
Ampluasi: himoyachi
Oldingi klubi: “Chonnam Dragons” (Janubiy Koreya)
Yangi jamoasi: “Qizilqum”
2021 yilgi mavsumni muvaffaqiyatli o‘tkazgan Oleg Zoteevning Koreya Kubogi sohibi sifatida “Qizilqum”dan qo‘nim topishini hech kim kutmagan bo‘lsa kerak-a? Unga Koreya, Rossiya va Erondan qiziqishlar bo‘ldi. Ammo taqdir taqozosi bilan futbolchi Navoiy klubini tanladi. Ikki yil mobaynida “Chonnam Dragons” sharafini munosib himoya qilgan Zoteevning “Qizilqum” bilan shartnoma imzolagani navoiylik ishqibozlar uchun xushxabar bo‘ldi.
Zoteev: “Qizilqum” jamoasiga o‘tganimga kelsak, menga Hamidjon aka Aktamov qo‘ng‘iroq qildi. Klubning bu yilgi maqsad va rejalarini aytdi. Yaxshi jamoa tuzishyapti. “Lokomotiv”da o‘ynagan bir qancha o‘yinchilar ham “Qizilqum”ga o‘tishdi. Bu futbolchilar bilan ilgari birga to‘p surganmiz va bir-birimizni yaxshi bilamiz. Natijada klubning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi yo‘lida men ham hissamni qo‘shish uchun ushbu jamoaga o‘tishga rozi bo‘ldim. “Qizilqum” birinchi davrani Toshkentda o‘tkazadi. Bu tomonlama ham bizga ancha qulay”.
Artyom Filiposyan
Ampluasi: himoyachi
Oldingi klubi: “Muangkan Yunayted” (Tailand)
Yangi jamoasi: “So‘g‘diyona”
Oxirgi uch yildan beri Tailand chempionatida to‘p surgan hamyurtimiz Artyom Filiposyan nihoyat O‘zbekiston chempionatiga qaytdi. Yurtimizda oxirgi bor 2018 yili “Buxoro” tarkibida to‘p surgan himoyachi bu yil “So‘g‘diyona” bilan kelishuvga erishdi. 34 yoshni qarshilagan tajribali himoyachiga oldida turgan variantlar orasida aynan jizzaxliklarning taklifi ma’qul keldi. Uning o‘zi ham yana chempionatimizda to‘p surishni sog‘ingandi.
Filiposyan: “So‘g‘diyona” jamoasi bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev menga qo‘ng‘iroq qildi va seni jamoamizda ko‘rishni juda xohlayapmiz deb katta qiziqish bildirdi. Yangi mavsumda “So‘g‘diyona”ning oldiga maksimal vazifalar qo‘yilyapti. Faqat sovrinli o‘rinlar uchun kurashish va O‘zbekiston Kubogida finalgacha borish maqsadi bor. Klubning vazifalari menga ham yoqdi. Natijada “So‘g‘diyona”dan tushgan taklifni bemalol qabul qildim. Baqoev bilan “Buxoro”da ham birga ishlaganmiz, bir-birimizni yaxshi bilamiz. Shuning uchun ikkilanmasdan “So‘g‘diyona” klubiga o‘tdim”.
Shahzod Ubaydullaev
Ampluasi: hujumchi
Oldingi klubi: “Energetik-BGU” (Belarus)
Yangi jamoasi: “Neftchi”
O‘tgan mavsumda Belarus chempionatida to‘p surgan legionerimiz kutilmaganda ortga qaytdi. Aslida Soligorskning “Shaxtyor” klubiga tegishli bo‘lgan hujumchi ijara asosida “Energetik-BGU” safida to‘p surdi. Uning maqsadi katta edi. Ammo joriy mavsumni Farg‘onaning “Neftchi” klubida boshlashga qaror qildi. Futbolchi Sports.uz saytiga bergan intervyusida ota-onasining xohish va istagi asosiy o‘rinda bo‘lganini ma’lum qildi.
Ubaydullaev: “Sizga oldin intervyu bergan paytimda ham aytgandim, Evropaga ketish niyatim bor edi. Lekin bu – futbol ekan. Futbol-ku mayli, bu o‘tkinchi narsa. Lekin oila muhim. Kichik o‘g‘ilman, uydagilar O‘zbekistonga qayt, deb qo‘yishmadi. Oilaviy holatga ko‘ra qaytdim. Ota-onamning bir og‘iz so‘zini erda qoldirmayman. Menga Evropadan 100 foizlik takliflar bor edi. Lekin ota-ona, oila muhimligi uchun qaytdim”.
Fikrlar