Kayfiyatni ko‘taring, Ro‘ziqul aka!

  • 5 sentabr, 2021, 13:29
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

Yaqinda “Nasaf” ustozi Ro‘ziqul Berdievning toqati toq bo‘lib, “Navbahor”ga qarshi o‘yindan keyin matbuot anjumanida muammolar haqida gapirib, rahbariyat bilan o‘rtada ziddiyat borligi va klubdagi taqdiri haqida uzil-kesil gaplashib olishi to‘g‘risida aytgan so‘zlari hammani o‘ziga qaratdi.

Tecno

Bu Berdiev tomonidan aytilgan jiddiy e’tiroz bo‘lib, klubdagi mavjud kamchilik va muammolar bugun yoki kecha paydo bo‘lmagan. Ancha vaqtlardan beri yig‘ilib-yig‘ilib oxiri Ro‘ziqul Sa’dullaevich hammasini oshkora tarzda gapirdi. Keling, o‘shanda Berdiev nimalar deganini yana bir bor yodga olamiz:

“To‘g‘risini aytishim kerak, vaziyat biz kutgandek emas. Ancha muammolarimiz echilmayapti. Bugungi mag‘lubiyatni o‘z bo‘ynimga olib, ular bilan vaziyatni muhokama qilmoqchiman, o‘z fikrimni bildirmoqchiman. Ya’ni, rahbarlar bilan o‘z taqdirim haqida gaplashmoqchiman. Natija uchun faqat futbolchilar va murabbiylar javobgar bo‘lmasligi kerak. Hamma birlashishi kerak. Qachondir o‘yinimizda pasayish bo‘lishi kerak edi. Vaziyat shunga qarab kelayotgandi. Shu bois rahbariyat bilan ochiqchasiga gaplashmoqchiman.

Futbolchilarning ruhiy holatiga albatta, ta’sir qiladi. Futbolchilarni har doim o‘ynanglar, deb motivatsiya berish ham effekt beravermaydi. Vaziyat jiddiy. Jamoamiz oldida uchta frontda o‘yinlar turibdi. E’tiborsizlik bo‘laversa, yanada chuqurlashishi mumkin.

berdiev

Muammo, tashkilotchilik masalasi. Rag‘batlantirish, motivatsiya berish kerak. Bu bugungi o‘yinga bahona emas. Ushbu mag‘lubiyat fojea emas. Biz hali har bir frontda yuqori o‘rinlar uchun kurashishimiz mumkin. Ammo tashkilotchilik tarafidan e’tiborsizlik bo‘laversa, bu o‘yinimizga ta’sir qilishi mumkin. Muammo oldindan o‘rtaga tashlangan. Bu nimadaligini ular ham, biz ham bilamiz. Faqat jamoaga e’tibor kerak, bu narsa juda ham muhim. Rahbariyat jamoa bilan birga bo‘lishi, himoya qilishi va qo‘llab-quvvatlashi kerak. Balki boshqa yangiliklar ham bo‘lishi mumkin”.

Bular shunchaki aytilgan gaplar emasdi. Ro‘ziqul Berdiev klubdagi muammolarni ro‘y-rost aytdi. Bu rahbariyat tarafiga qaratilgan o‘ta jiddiy signal bo‘lib, bundan keyingi vaziyat u yoq, bu yoqqa qarab o‘zgarishi ehtimoli katta edi.

Ochig‘ini aytganda, biz bu gaplardan keyin “Nasaf” bosh menejeri Sergey Kucherenkoning munosabatini bilishga juda qiziqdik. Shu sababli unga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildik. Chunki bosh murabbiy asl vaziyatni oshkor qildi. Tashkiliy muammolarni ochiqchasiga gapirdi. Demak, endi rahbariyat tomonidan bu borada albatta reaktsiya bo‘lishi lozim edi. Reaktsiya deganda biz ikki tomonni bir-biriga qarshi qilish emas, balki muammoning echimini nazarda tutyapmiz. Biroq Sergey Petrovich bizning qo‘ng‘irog‘imizga javob berishni istamadi. Uning bunday munosabati esa yanada turli savollarni keltirib chiqardi va muhimi, Berdiev yuqoridagi muammolarni aytganida haq ekanligini va shunchaki aytmaganini bilish qiyin emasdi.

nasaf

Qizig‘i, kecha telefonim jiringlab qoldi. Qarasam, Sergey Kucherenkodan qo‘ng‘iroq! Nihoyat, gapirish uchun endi vaqt topibdi-da, degan xayol bilan endi javob bermoqchi bo‘lganimda aloqa uzildi. Ikki marta qayta qo‘ng‘iroq qildim, ammo Petrovich javob bermasdi. Hayron bo‘lib qoldim. Keyin undan sms keldi: “Izvinite, sluchayno!!!”. Izohga hojat yo‘q.

Ayni paytda “Nasaf” klubi “Navbahor”ga uchralgan mag‘lubiyatdan keyin Qarshida navbatdagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ryapti, Ro‘ziqul Berdiev boshchiligida. Albatta, bosh murabbiyning o‘sha kuni aytgan jiddiy gaplaridan so‘ng, rahbariyat bilan uning o‘rtasida suhbat bo‘lib o‘tgan. Baribir klub mutasaddilaridan Ro‘ziqul Sa’dullaevichning reaktsiyasiga munosabatni bilish muhim edi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, biz klub sport direktori Botir Qoraevga yuzlandik.

- Klubda hammasi yaxshi. Shunchaki, noto‘g‘ri ma’lumot chiqib ketgan. Kucherenko bilan Berdiev o‘rtasida hech qanday ziddiyat yo‘q. Faqat klubda moliyaviy tarafdan muammolar bor. Bu bartaraf etilyapti, - dedi Qoraev.

- Ro‘ziqul Berdiev aytgan gaplarini ko‘rgandirsiz, munosabatingiz qanday?

- Ha, ko‘rdim. Tashkiliy ishlardagi holatlarni ham e’tiborga olishlari haqida aytgan. Lekin yana takrorlayman: Kucherenko bilan o‘rtalarida ziddiyatli vaziyat yuz bergani yo‘q. Munosabatlari yaxshi. Hammma o‘z ishini davom ettiryapti.

berdiev2

- Yuz bergan voqealardan keyin klubda qanday o‘zgarishlar bo‘lyapti?

- Asta-sekinlik bilan hammasi hal bo‘lyapti. Futbolchilarning kayfiyati mag‘lubiyatdan keyin biroz tushgandi. Hozir keyingi o‘yinga tayyorlanishyapti. Bundan fojea yasash kerak emas. Bilasizlar, “Nasaf” har doim o‘zi qatnashadigan musobaqalarda maksimal vazifa uchun kurashadi. Chempionatda ham hali hech nima yo‘qotilmagan. Medallar uchun kurashamiz.

Umid qilamizki, klubdagi hozirgi holatdan qisman bo‘lsa-da xabardorsiz. Bosh murabbiy o‘zi mard bilan "Navbahor"ga uchralgan mag‘lubiyatni o‘z zimmasiga oldi. Lekin jamoaning kayfiyati tushgani rost. Biz yuz bergan barcha holatlarni faqat yaxshilikka deb hisoblaymiz. Shunday ekan, kayfiyatni ko‘taring, Ro‘ziqul aka!

Kucherenko bilan bosh murabbiy o‘rtasidagi munosabat bu ikkalasining ichki ishi. Muhimi, bundan klub jabr chekmasligi lozim. "Nasaf" OFK Kubogida yarim finalga keldi. Final ostonasiga bir qadam qolgan paytda klubda turli nizolarning chiqishi yaxshilik alomati emas. Aks holda bu natijalarga ta’sir ko‘rsatishi katta ehtimol. Qolaversa, ichki chempionatda ham jamoa sovrindor bo‘lishni istayapti. Bunday paytda jamoaga ko‘mak juda zarur. Buni rahbariyat to‘g‘ri tushunadi, degan umiddamiz. Berdiev hali “Nasaf”ga kerak...

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
05/09/2021 13:45
Botirni uzi ham Kucherinka olib kelgan. Vaqtiga Ruziqul Botirga jamoa sardorlegini olib Arturga beruvdi. bu degani. Kuchirenka va Botir. bitta Ruziqul aka. bitta. jamoa. Kuchirenka bilan kupdan beri gap chiqadi. Ruziqul aka butun hayotini kerak bulsa Nasafka bagishlagan. odam.
&
05/09/2021 14:48
Sodiqlik zoʻr narsa Roʻziqul akaga klas lekin sodiqlikni rahbariyat notoʻgʻri tushinishvotkanakan ketar payt kebti qadrini bildiradigan oni kelobdi rozi akani man 1mavsumga boʻsayam ketish tarafdoriman
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
05/09/2021 19:01
Ruzi aka ketsa. Nasaf ham sinadi Rahbariyat Ruzi aka bulmasa pul ham zur buladi aniq. chunki pul qilish uchun imkoniyat buladi. ayni. kelgindi uyinchilarni yigadi. 70. 30. kelishadi. kattala uchun shans kuchli buladi. Ruziqul aka bilan qilolmayapti