
"Jahon chempionati U-20". Iroq keyingi bosqichdan umidini uzdi, Janubiy Koreyaga esa durang ham etarli
Bugun tunda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida jahon chempionatining 2-tur doirasidagi so‘nggi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda "E" va "F" guruhlaridagi jamoalar o‘z o‘yinini o‘tkazdi.
"E" guruhida Angliya Urugvayni 3:2 hisobida mag‘lub etdi va hozircha 6 ochko bilan 100 foizlik natija qayd etib turibdi. Terma so‘nggi turda Iroq bilan durang o‘ynasa ham keyingi bosqichga yo‘llanma oladi.
Kvartetdagi yana bir o‘yinda Tunis qit’adoshlarimiz Iroqni yirik 3:0 hisobida taslim etdi. Shu tariqa, Iroq musobaqada keyingi bosqichga chiqish imkonini qo‘ldan boy berdi. Tunis esa so‘nggi turda Urugvay bilan hayot-mamot masalasini hal qiladi.
"F" guruhida Gambiya terma jamoasi kutilmaganda Frantsiyalik tengqurlaridan ustun keldi - 2:1. Afrikaliklar hali ochko yo‘qotganicha yo‘q. Oxirgi turda Janubiy Koreya bilan 1-o‘rin masalasi hal qilib olinadi. Frantsiya esa sensatsion tarzda guruhda qolib ketdi.
Yana bir bellashuv Osiyo vakili Janubiy Koreya va Shimoliy Amerika a’zosi Gonduras termalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Qiziqarli kechgan bellashuv 2:2 hisobidagi durang natija bilan yakun topdi.
Koreyaliklarni so‘nggi turda durang ham qoniqtiradi. Gonduras esa pley-off uchun 3-turda Frantsiyani engishi va Janubiy Koreyaning Gambiyaga yutqazishini kutishiga to‘g‘ri keladi.
Fikrlar