
Ilhom parisi tark etgan rassom hikoyasi
SPORTS.uz Kataloniyaning «Barselona» jamoasi sobiq sardori va etakchisi Lionel Messi borasida fikr almashadi.
Ilhom parisi tark etgan daho
Dunyoning eng kuchli futbolchilaridan biri Messi ekanligidan xabaringiz bormi? Bilasizmi, men hech qachon u va Ronalduni solishtirishni istamaganman. Ronaldu – supermen! U atlet va motivatsiyaga boy inson. U istalgan jamoaning hujum chizig‘ida xanjar singari harakat qilishi mumkin. Krish «qon ko‘rgan» va istalgan uchrashuvga 100 foiz kontsentratsiya bilan tusha oladi. Messi esa futbol dahosi! U qurol emas. U kayfiyati yo‘q chog‘larda o‘z kuchini yo‘qotadi. Unda hech kim oldida aybdor emasligiga ishonch bor. Sababi, u hech kimga hech narsa qarz emas.
U aslida qanday futbolchi ekanligini barchaga isbotlab bo‘ldi. Futbol dahosi deganda, statistika, mushaklar yoki boshqa omillar haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Futbol dahosi ilhom parilari kelganidagina «ijod» qiladi va ular amalga oshirgan «san’at» namunasi 100 yil davomida xotirlanadi. «Barselona» Messi bilan o‘rtadagi shartnomani 2 yil avval kuch bilan saqlab qoldi, uning jismini saqlab qoldi, uning oyoqlarini saqlab qoldi, ammo dahoning erkinligini qo‘ldan boy berdi. Ijodkorlar uchun doimo chegarasi yo‘q erkinlik lozim. Afsuski, Messini aynan shu narsadan mahrum qilishdi. Agar, unga «ijod» qilishi uchun kerakli erkinlik taqdim etilsa, yana maydonda «san’at» asarlarini tomosha qilishimiz mumkin. Aks xolda, undan hech narsa talab qilmang!
Emirilishning boshi
Aslida, Leo hayotda qanday inson? U bilan suhbatlashgan jurnalistlar, uning do‘stlari va jamoadoshlarining aytishicha, Messi juda ham kamtarin, oddiy, hotirjam va yaxshi inson. Shuningdek, uning kamgapligi va o‘z qobig‘ida yashashi haqidagi fikrlar ham yo‘q emas. Bundan ko‘rinib turibdiki, Leo o‘z olamida istiqomat qiluvchi insonlar sirasiga kiradi. Messi kabilar o‘z oldiga hammani ham yaqinlashtiravermaydi. U sizga ishonishi uchun yillar kerak. Balki yillar ham kamlik qilar. Agar o‘ylab qarasak, o‘tgan 15 yil davomida Messining birorta do‘sti haqidagi xabar omma yuzini ko‘rgani yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, barchasi sekin-astalik bilan o‘zgarib bordi. Bu Messi birdaniga media odamga aylandi, degani emas, albatta. Shunchaki, uning olamida o‘zi singari ijodkorlar paydo bo‘lishni boshladi. Xavi va Inesta!
Ular ham Leo kabi tinchlikni va hotirjamlikni barcha narsadan ustun qo‘yuvchi super iqtidor egalari edi. Ortiqcha gap-so‘zlarsiz ham maydondagi vazifasini «san’at» darajasiga olib chiquvchi yigitlar bilan Messi o‘zini ancha erkin va ishonchli his etishni boshladi. Bu esa darrov uning natijalarida va «Barselona»ning sovrinlarida aks etdi. Boshqacharoq qilib aytganda, daho erkin ijod qilishni boshladi. Shuningdek, unga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan boshqa personajlarni ham unutmaslik lozim. Gvardiola, Pike, Pinto, Puyol, Buskets va Dani Alves. Aynan ularning ta’sir doirasi ostida qahramonimizning xarakterida o‘zgarishlar ko‘zga tashlanishni boshladi. Bu yigitlar Messining «ijodini» hurmat qilishar, uning erkinroq bo‘lishi uchun maydonda ko‘proq harakat qilishga intilishardi. Gvardiola esa Messining «ijod» qilishi uchun Ibragimovichni Italiyaga qaytarib yuborishdan tap-tortgani yo‘q. Futbolchilar ahil jamoa emas, Gvardiola boshchiligidagi yakdil mexanizm darajasida rivojlanishni boshlashdi. Shu bois, Messi yuqorida nomi zikr qilingan futbolchilar orasida o‘zini erkin his etar, ular bilan maydondan tashqarida ham bosimsiz aloqa qilardi. Ularning barchasi qaysidir ma’noda uning do‘stlariga aylanib ketdi.Shunday bo‘lsa-da, sekin-astalik bilan Messi hech biriga birdaniga yaqinlashish uchun imkon bergani yo‘q. Agar ular bilan «La Masiya»da birga katta bo‘lmagan bo‘lsa, albatta!
Pep qo‘liga qanday «olmos» tushib qolganini darrov fahmladi va uni ishga solish yo‘llarini o‘ylab chiqdi. Shu tariqa, butun jamoa bo‘lib futbolchilar Messini tashqi ta’sirdan himoya qilish uslubida harakat qila boshladi. Pep «olmos»ni tashqi bosimdan himoya qilibgina qolmay, uni sayqallab bordi. Bu «olmos» ko‘p o‘tmay butun dunyo mehrini qozondi. «Barselona»ga uzoq yillik orzuga aylangan «oltin davr»ni qaytarib berdi.
Oradan yillar o‘tdi. Jamoada yangi futbolchilar paydo bo‘la boshladi. O‘z olamida istiqomat qiluvchi qahramonimiz odatlarga sodiq qoldi. Kimnidir yuragiga yaqin oldi, kimgadir yaxshilik qilishga urindi va yana kimlar bilandir shunchaki jamoadosh bo‘lishga qaror qildi. Aynan shu omil unga Pep Gvardiola ketgach o‘z qobig‘ida qolishga ko‘mak berdi. Hatto, uni tashqi omildan himoya qilgan ichki olamidan o‘rin egallagan futbolchilar klubni tark etganida ham Messi o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Sababi, u o‘zi uchun to‘liq chegaralarni yaratgan va aynan o‘sha chegaralar ortida hayot kechirishni boshlagan edi. Afsuski, qahramonimiz o‘z do‘stlarini, o‘z olami vakillarini birin-ketin yo‘qotishni boshladi. Uning o‘rnini maydonda to‘ldirish maqsadida tashrif buyurganlar esa Messi o‘zi uchun belgilab olgan chegaralardan uyog‘iga o‘ta olmadi. Boshqacharoq qilib aytganda, Leo ularni o‘z olamiga qabul qilmadi. Uning bu qarorini tushunish mumkin.
Uddalaganlar ham bor!
Kutilmaganda ikki xil tabiatga ega Janubiy Amerikalik yigitlar uning chegaralarini buzib kirishdi.O‘yinqaroq Neymar va qiyinchilik ko‘rgan Suares. Mentalitet yaqin bo‘lgani uchun ham Messining chegaralarini osonlik bilan hatlab o‘tishdi. Ular jamoaga tashrif buyurganida, Messi allaqachon superyulduz maqomida edi. Neymar vaziyatga tezda moslashdi va hech qachon 1-raqam bo‘lishga intilmadi. Suares ham Messining eng yaqin do‘stiga aylandi. Buning uchun urugvaylik futbolchiga ko‘p vaqt talab etilmadi. Leo o‘z olamida kirib kelgan 2 ta futbolchi bilan birgalikda erkin harakat qila boshladi Ularga bog‘lanib qoldiyu. Qarabsizki, «Barselona» yana trebl qayd etmoqda! Do‘stlik va hurmat ustiga qurilgan munosabatlar sababli Leo ularga mehr qo‘yishni boshladi. Bu mehr tobora ortib bordi va qalin do‘stlikka aylandi. Bu yigitlar Ibragimovich yoki Vilya singari Messiga qarshi chiqishgani yo‘q. Ular Leoga moslashishga harakat qilidi. Mana shu omil yakunda MSN triosi paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
Keyin ketma-ket yo‘qotishlar seriyasi boshlandi. Eski maktab a’zolari, bolalikdagi do‘stlar Messini tark etdi. Xavi, Alves, Neymar, Inesta, Valdes... Bir zumda Leoning shovqin-suronga boy ichki olami huvullab qoldi. Messi o‘zi uchun yaratgan olamda eskilardan Buskets, Alba, Suares qoldi xolos. Qahramonimiz maydon tashqarisida deyarli faqat shu yigitlar bilan aloqa qilar, yangilarni o‘z olamiga yaqin ham yo‘latmasdi.
Qulab ketgan olam
Bu vaziyatda, Suaresning ketib qolishi Messi uchun og‘ir zarba bo‘ldi. Qolganlardan Pike, Alba va Buskets uning o‘z olamida u qadar katta o‘rin egallamagan insonlar edi. Shu bois, ijodkor yakkalanib qoldi. Boshqacharoq qilib aytganda, jamoa ichida o‘zini begonadek his eta boshladi. Afsuski, Bartameu klubni kuchaytirish maqsadida Messining atrofini «begonalar» bilan to‘ldirib tashladi. Asosiy vaqtini video o‘yinlar uchun sarflaydigan Dembele, hech narsani jiddiy qabul qilmaydigan Grizmann, noilojlikdan xarid qilingan Breytueyt, erkatoy Koutino Messi o‘zi uchun belgilab olgan chegaraga yaqin ham kelgani yo‘q. Uning o‘zinikilar ichida o‘zini «begona» his etishi jamoaning natijalariga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi.
Boz ustiga, yangi murabbiy – Ronald Kumanning jamoa tepasiga kelishi futbolchini ruhiy bosim ostida qolib ketishiga sabab bo‘ldi. Niderlandiyalik mutaxassis Leo va uning oilasi uchun juda yaqin insonni klubdan ketkazib yubordi. Bu esa Messning jahlini chiqardi. Suares ketgach, uning maydonda ko‘zlari yonib to‘p tepganini hech kim ko‘rmadi. U endi avvalgidek o‘zini himoyalangandek his etmayapti. Shu bois, maydondagi «san’at» asarlaridan darak yo‘q. Leo yangi shedevrlarni yaratish maqsadida Parijga yo‘l olmoqda. Kataloniyada o‘zi istasa ham boshqa shoxasarlar yarata olmasligini anglab etgan ko‘rinadi. Uning qarorini hurmat qilishdan boshqa choramiz yo‘q. Ahir, san’at qurbonlikni talab qiladi!
Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar