"Hayotimda hali bunaqasi bo‘lmagan". Fozil Musaev omadsizlikning sababi, tarkib zo‘r emasligi va qaerda to‘p surishi haqida gapirdi

  • 11 dekabr, 2021, 10:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Bu yil Superligada debyutant sifatida ishtirokini boshlagan “Turon” o‘z muxlislariga olam-olam quvonch bag‘ishlagandi. Lekin shu yilning o‘zidayoq pro ligaga qaytgani ishqibozlarini ranjitgani bor gap.

Tecno

Aslida klubda sharoitlar yaxshi edi, hamma narsa muhayyo qilingan. Biroq natija yo‘q. Futbolchilarga kelsak, tajribali ijrochilar jamlandi. Ayniqsa, Fozil Musaevning debyutant jamoada to‘p surishi muhim voqeliklardan biri bo‘lgandi. Kuni kecha ushbu o‘yinchi mavsum yakunlari bo‘yicha Sports.uz saytiga intervyu berdi.

- Yodimizda, mavsum avvalida sizni “Turon”ga o‘tishingiz etarlicha shov-shuv ko‘targandi. Mana, yil ham tugayapti. “Turon” klubidagi bir yillik faoliyatingiz haqida so‘ramoqchiman. Afsuski, jamoa kuchlilar orasini tark etdi...

- Boshida bilgandim. To‘g‘risini aytaman, bizga qiyin bo‘lishini va mana shunday vaziyatga tushib qolishimizni sezganman. Baribir harakat qildik. Ko‘rdingiz-ku, o‘xshamadi. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor, ammo ayta olmayman. Klub xo‘jayinlarining futbolga e’tibori va maqsadlari rostdan ham jiddiy. Ularga qoyil qolish kerak va fursat kelganda albatta rahmat, deyish lozim. Rahbariyat Yaypanda futbolni ko‘tarmoqchi. Ko‘p ish qilishyapti.

- To‘g‘ri, rahbariyatning yaratib berayotgan sharoitlari, imkoniyatlari haqida hamma faqat yaxshi gaplarni gapiryapti. Mablag‘ masalasida ham muammo yo‘q. Lekin natijaga kelganda...Bunda murabbiylarning xatolari yoki tarkib borasida kamchiliklar bo‘ldi, deb o‘ylaysizmi?

- Bunga javob bera olmayman. Faqat keyinchalik o‘zingizga aytishim mumkin. Javobi bor. Lekin...

- Faoliyatingiz davomida ilk bor jamoangiz bilan quyi ligaga tushib ketdingiz. Bundan chiqdi, ushbu mavsumni tezroq unutishni xohlayapsizmi?

- Ha, hayotimda hali bunaqasi bo‘lmagan. Birinchi marta yuz berdi. Yana qaytaraman: bu erga ilk bor kelganimdayoq shunaqa bo‘lishini sezganman. Tezroq unutish kerak. Shu holat bo‘lishi yozilgan ekan, shunday bo‘ldi. Lekin biz kurashdik, harakat qildik. Taqdir ekan, bundan qochib qutula olmadik. Bularni unutib, yangi mavsum haqida o‘ylashimiz kerak.

fozil3

- Aslini olganda, jamoangizning bunday holatga tushib qolishini qanday qabul qildingiz?

- Albatta, qiyin. Qaerdadir o‘xshadi, qaerdadir o‘xshamadi. Ko‘p o‘yinlarda yo‘q joylardan ochkolarni yo‘qotdik. Yutadigan o‘yinlarni boy berdik. “Turon” ilk bor Superligaga chiqqandi va tarkib yangi yigitlar bilan yig‘ildi. Jamoa tuzishga, yaxshi kollektivni shakllantirishga ham vaqt talab qilinardi. Bu xatoni endi boshqa takrorlamaslik kerak.

- Sizni “Turon”da ekanligingiz qo‘shimcha mas’uliyat yukladimi? Masalan, yoshlarni ortingizdan ergashtirish, jamoa o‘yinini tashkillashtirishda qo‘shimcha bosimlar kuzatilmadimi?

- To‘g‘ri, mas’uliyat bo‘ldi. Ochig‘i, yutqazgan paytlarimizda buni xazm qilishim og‘ir kechdi. Futbolchilik faoliyatim mobaynida ko‘p mag‘lubiyatga uchraydigan jamoada o‘ynamaganman. Shu narsaga ko‘nikish juda qiyin bo‘ldi. Yutqazaverganimizdan xafa bo‘lib, xayolimdan chiqara olmagan paytlarim ham bo‘ldi. Hattoki, sog‘ligimga ta’sir qiladigan darajaga ham borib qolgandi. Ko‘p o‘ylayversam, sog‘ligimga ziyon bo‘lishini bilardim. Shuning uchun imkoni qadar xayoldan chiqarib ishlashda davom etdik. Balki yaxshi bo‘lib ketar, degan umid bilan harakat qilaverdik. Baribir biz kutgandek bo‘lmadi.

- Kelasi yili “Turon” bilan pro ligada ishtirok etmasangiz kerak-a? Rejalaringiz qanday?

- Hali rejalar to‘g‘risida bir nima deya olmayman. Klub bilan shartnomam shu oy oxirigacha. Keyin u yog‘ini o‘ylab ko‘raman. “Turon”da qoldim yoki ketdim, deb ayta olmayman. Klub xo‘jayinlarini futbolchilarga e’tibori yaxshi. Agar boshqa jamoaga ketadigan bo‘lsam ham rahbariyatning oldidan o‘tib, maslahatlashib keyin ketishim mumkin.

- Ayni paytda qanday takliflar ustida bosh qotiryapsiz?

- Ko‘ramiz, takliflar bor, yo‘q emas. Hali aniq bo‘lmagani uchun bir nima deya olmayman.

- Balki legionerga aylanmoqchidirsiz...

- Balki bo‘lishi mumkin. Bu borada takliflar ham bor.

fozil1

- Yaponiya chempionatida bir necha yil o‘ynadingiz va ma’lum vaqtdan so‘ng O‘zbekiston chempionatiga qaytdingiz. Ayting-chi, Superligada qanday o‘zgarishlarni ko‘rdingiz?

- Kurashuvchan o‘yinlar ko‘p bo‘ldi. Hamma ochko uchun oxirigacha talashdi. “Paxtakor”dan tashqari 2- va 3-o‘rinlarga hamda ligada qolish uchun kurashlar qizg‘in bo‘ldi. Maydoni sifatsiz bo‘lgan stadionlarni ham ko‘rdik.

- Yaypanlik muxlislarga nima degan bo‘lardingiz?

- Hammaga birdek yoqib bo‘lmaydi. Tushib ketgan bo‘lsak ham oxirigacha kurashdinglar, buning uchun sizlarga rahmat, degan futbolni tushunadigan muxlislar ham bor. Qolaversa, bizni o‘ynamadi, deya futbolni tushunmaydiganlari ham yo‘q emas. Hammani shaxsiy fikri bor. Oxirigacha muxlislik qilish kerak. Bunday omadsizlik har qanday klubning boshida bo‘lishi mumkin. Agar biz futbolchilarga qizig‘i yo‘q bo‘lganida unda gapirsa bo‘lardi. Lekin jamoa bilan so‘nggi turgacha kurashdik. Hamma yutishni xohlaydi, shaxsan men ham. Mag‘lub bo‘lishni juda yomon ko‘raman. Muxlis o‘z jamoasiga qanday vaziyatda bo‘lishidan qat’iy nazar oxirigacha ishqibozlik qilsin.

- “Turon”da yil davomida Islom Ismoilov, Boguslav Baniak, Igor Shkvirin va Bahrom Hakimov bosh murabbiy bo‘lib ishladi. O‘yinchilarga esa qiyin edi. Chunki bir murabbiyning uslubiga endi moslashayotganida boshqasi keladi. Jamoa sardori sifatida murabbiylarga qanday ta’rif bergan bo‘lardingiz?

- Hammani o‘ziga yarasha plyus va minus taraflari bor. Ularga ta’rif bera olmayman. Qandaydir fikr bildirsam noto‘g‘ri bo‘ladi.

- Murabbiylarni o‘zgarishi ham salbiy natijaga asosiy sabablardan biri bo‘ldi, deb o‘ylaysizmi?

- Ha, bo‘ladi. Mavsum o‘rtasida bunday o‘zgarishlar bo‘lishi nafaqat bizga, balki murabbiyni o‘ziga ham qiyin. Baribir vaqt kerak, hammasini birdaniga bajarib bo‘lmaydi. Bunday vaziyatda qiyin tomonlari ko‘p-da.

fozil2

- Ishlagan murabbiylardan kimga ko‘proq imkoniyat berish kerak edi?

- Shaxsiy fikrimni ayta olmayman. Hammamiz aybdormiz. Balki kimgadir oxirigacha imkoniyat berilganida ham shu ahvol bo‘larmidi, buni oldindan bilib bo‘lmasdi. Bu rahbariyatning ishi.

- Tarkibda nomi chiqqan futbolchilar ko‘p, ammo jamoaviy o‘yin yo‘q edi, degan gaplarga qo‘shilasizmi?

- Jamoa tarkibi zo‘r edi, degan gapga qo‘shilmayman. Tarkib zo‘r bo‘lganida biz Superligada qolish vazifasini uddalardik.

- “Turon”ga kelib adashdim, degan xayol sizni qiynamayaptimi?

- Yo‘q, adashdim deb o‘ylamayman. Hayotimda shunday qiyinchilik ko‘rishim kerak ekan, shu narsa bo‘ldi. Adashdim demayman. Yaxshi yigitlar bilan ham o‘ynadim. Ichimizda ajoyib futbolchilar ham bor edi. Rahbarlarni futbolga e’tibori, yaratib bergan sharoitlari ancha-muncha klubda yo‘q. Bu mavsumdan o‘zimga yarasha xulosa qildim. Yanada ko‘proq ishlashim kerak.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
QDPI Talaba
11/12/2021 12:12
Sharafsiz muhlislarga til tekizma!
Baxil Alihuja
11/12/2021 11:28
Туронни камчилиги таркибида эмас! Камчилик рахбарларида, айнан клуб президенти, менежерлари ва директорлари тугри шарт-шароит яратмагани ва тугри йуналишни топа олмагани, тажрибасизлиги туфайли шундай булди! Клуб тизимидаги рахбарларни аксарияти аввал бу даражада ишлашмаган, маъсулиятсиз ва тажрибаси ЙУК!