
Hamidjon Aktamov: "Qizilqum" chempionlik uchun kurashadi
Nihoyat, ushbu haftada O‘zbekiston Superligasiga rasman start beriladi. Navoiyning «Qizilqum» jamoasi ham yangi chempionatga astoydil tayyorgarlik olib borgan holda muxlislarini xursand qilish uchun mehnat qilmoqda. Jamoa bosh murabbiyi Hamidjon Aktamov ham yangi mavsumda o‘zini ko‘rsatish ilinjida yuribdi. Xo‘sh, yangi mavsumda «Qizilqum» ijrosida biror-bir yangilik ko‘ramizmi? Aktamov esa yangi mavsum arafasida bir qator masalalar yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Qishki yig‘in haqida
- Qishki tayyorgarlik haqida nima deyishim mumkin? Jamoamizning yig‘inidan ko‘nglim to‘ldi. Hammasini o‘zimiz istagandek olib bordik. Mavsumga qadar biz Navoiy, Toshkent va Antaliyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etgan holda tayyorgarligimizni davom ettirdik. Qolaversa, bir qator nazorat uchrashuvlarida ishtirok etish orqali jamoamizning o‘yinini shakllantirishga ham e’tibor qaratdik. Shu bois futbolchilarimning tayyorgarligidan qoniqish hosil qildim. «Qizilqum» yangi mavsumga tayyor.
Qur’a xususida
- Qur’a – oldindan u yoki bu jamoa bilan o‘ynaysan degani emas. Superligada 14 ta jamoa bo‘lsa, har bir klub 13 ta raqibi bilan qachondir o‘ynab chiqadi. Kim bilan qachon to‘qnash kelishimizning katta farqi yo‘q, chunki vaqti kelib hammasi bilan uyda va mehmonda kuch sinashishimiz aniq. Qur’a tashlanganidan keyin biz 1-turni «Andijon» jamoasiga qarshi o‘tkazadigan bo‘ldik. Aslida dastlabki bellashuvni safarda o‘tkazishimiz kerak edi. Ammo o‘yin endi Navoiyda bo‘ladigan bo‘ldi. Lekin ikkinchi davrada nima bo‘lishini bilmay turibmiz. Rahbariyatning gapi bo‘yicha qaraydigan bo‘lsak, ikkinchi davradagi bellashuv ham Navoiyda o‘tishi kerak. Sababi maydonning tayyor yoki tayyor emasligiga «Andijon»ning o‘zini aybdor, bu ularning muammosi deyilgan. Har holda Diyor Imomxo‘jaev shunday degandi. Bu qanchalik o‘z tasdig‘ini topishini esa hozircha bilmadim. Lekin shu kunlarda bu masalaga ham oydinlik kiritib olamiz.
Ayollar bayramiga tuhfa
- Chempionatimizning dastlabki turini 8 mart kuni o‘tkazamiz. Ayollarimizning bayrami nishonlanadigan kunda futbol o‘ynash yanada yoqimli bo‘lsa kerak. Shu bois o‘sha kuni ayollarimizni 8 mart xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan tabriklash maqsadida o‘yindan oldin katta kontsert dasturini uyushtiramiz. Buning uchun Toshkentdan bir qancha estrada xonandalarini ham gaplashib qo‘yganmiz. Shu kuni stadionimizda chinakam bayramona muhit hukmronlik qiladi.
Superligada ishtirokchilar soni ortganligi to‘g‘risida
- O‘zi oldin ham chempionatimizda 14 ta jamoa ishtirok etardi. Keyin klublar sonini 16 taga oshirishgandi. Aytmoqchimanki, Superligada 14 ta jamoa bo‘lishi kutilmagan yangilik emas. Biz bu masalaga aralasha olmaymiz, hammasi rahbariyatning qarori. Chempionatda o‘yinlar soni kam bo‘lyapti deyishgani uchun endi Liga Kubogi musobaqasini ham tashkil qilishdi.
Aktamovdan PFLga taklif
- Mening PFLga taklifim bor. Endi bizda O‘zbekiston Kubogi va Liga Kubogi musobaqalari o‘tkaziladi. Ushbu Kuboklarni qo‘lga kiritgan ikkita jamoa o‘zaro bir-biri bilan o‘ynab, g‘olib bo‘lgan klubga Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasi berilish masalasini ko‘rib chiqishsa yaxshi bo‘lardi. Bu bilan Liga Kubogining nufuzini oshirishga katta xizmat qilgan bo‘ladi. Natijada ikkala Kubok bahslariga bo‘lgan qiziqish va saviya ham yanada ortadi. Menga kimdir bu haqida maslahat bergani yo‘q, hammasini o‘zim o‘ylab chiqdim. Liga Kubogining obro‘sini oshirishning yagona yo‘li shu deb o‘ylayman. Mazkur masala bo‘yicha PFLga xat bilan ham murojaat qilmoqchi bo‘lib turibman.
Selektsiya qanday bo‘ldi?
- Selektsiya masalasiga kelsak, o‘tgan yilgi tarkibimizni saqlab qoldik. Faqat ayrim o‘zgarishlar bo‘lganligi rost. Ivan Nagaev, Doniyor Usmonov, Artur Gevorkyan va Nemanya Yovanovichga javob berdik. Xullas, safimizni to‘rt nafar futbolchi tark etdi. Albatta, ularning o‘rniga yangi futbolchilarni ham oldik. Masalan, «Nasaf»ni tark etgan Maqsud Karimovni oldik. O‘ylaymanki, u bilan himoya chizig‘imiz yanada mustahkam bo‘ladi. Hujum chizig‘iga esa «Neftchi»dan Murod Bobojonovni taklif etdik. To‘g‘risini aytsam, har safar o‘yinchi almashtirishni yomon ko‘raman. Iloji bo‘lsa, jamoani saqlab qolishga harakat qilaman. Futbolchilarning bir-birini yaxshiroq tushunishi, o‘yin saviyasining o‘sishida bu jihatlar muhim omil bo‘ladi. Negaki, o‘yinchilarning bir-birini tushunib, yaxlit bir jamoa bo‘lib shakllanishiga kamida 2-3 yil vaqt kerak bo‘ladi. Natija ketidan quvib, har olti oy yoki bir yilda tarkibni almashtiraverishni yoqtirmayman. Har bir futbolchining o‘z qirralarini ochishi uchun ma’lum vaqt kerak bo‘ladi. Futbolchi bir jamoada ko‘proq o‘ynasa bu o‘ziga ham, murabbiylarga ham oson. Ayniqsa, jamoaning o‘yini shakllanishida qulay bo‘ladi.
«Qizilqum»ga Janubiy Amerikadan futbolchi kelmoqda
- Jamoamizga Janubiy Amerikadan hujumchini taklif qilyapmiz. Biz u bilan gaplashganmiz, shu kunlarda futbolchining masalasi hal bo‘ladi. Qachonki, jamoamizga qo‘shilganidan keyin u haqida 100 foiz ma’lumot berishim mumkin. Hozirgi paytga kelib janubiy amerikalik futbolchining ishi 80 foizga hal bo‘lgan. Ayni paytda tarkibimizda Evgeniy Cheremisin va Elguja Grigalashvili kabi legionerlarimiz bor. Elgujani boshqa klubga ketishi haqida ham gap-so‘zlar chiqqandi. Ammo uning biz bilan yana bir yillik shartnomasi bor. Aslida mavsum tugaganidan keyin qaysidir o‘yinchining u yoki bu jamoaga o‘tishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqaladi. Bu ham futbolning bir qismi. Grigalashvilining o‘zi ham yana «Qizilqum»da qolishni ma’qul ko‘rdi.
Murabbiy bilan Gevorkyan o‘rtasida kelishmovchilik bo‘lganmidi?
- Artur Gevorkyan bilan o‘rtamizda hech qachon kelishmovchilik bo‘lmagan. Shunchaki, ushbu futbolchi bilan tuzilgan shartnomamiz nihoyasiga etgandi. Yana nima desam ekan? Gevorkyan o‘ynaydigan pozitsiyaga iqtidorli yoshlarimiz etishib chiqishyapti. Ayniqsa, o‘rinbosarlar safimizdan iste’dodli futbolchilarimiz paydo bo‘lishmoqda. Yana qaytaraman, Gevorkyan bilan o‘rtamizda nizo kelib chiqqani yo‘q. Faqat o‘sib kelayotgan yoshlarga ham imkoniyat bermoqchimiz.
«Qizilqum»ning vazifasi
- Oldin ham aytganman, hozir ham aytaman, biz har doim yuqori o‘rinlarga intilib boraveramiz. Chempionatda aslo jon saqlab qolish uchun kurashmaymiz. Biz chiroyli o‘yinlar ko‘rsatib, yuqori o‘rinlarga harakat qilaversak, muxlislarimiz ham bizdan xursand bo‘lishadi. Bilasizmi, bundan 2-3 yil oldingi «Qizilqum» bilan hozirgi «Qizilqum»ning o‘rtasida er bilan osmoncha farqi bor. Asta-sekin hammasi yaxshilanib boryapti. Biz ham O‘zbekiston chempioni bo‘lishni va Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etishni orzu qilamiz va shu niyatlarimiz sari harakat qilib boraveramiz.
Yangi mavsum haqida
- Yangi boshlanadigan chempionatdan mazmunli o‘yinlarni kutyapman. To‘pni olib faqat oldingi tepish orqali futbol o‘ynashni yomon ko‘raman, bu haqida oldin ham aytganman. Natijani deb chiroyli futbol o‘ynashni unutib qo‘yyapmiz. Endi esa hammaga yoqadigan, mazmunli o‘yinlar bo‘lishini kutyapman. «Qizilqum» ham yangi mavsumda ishqibozlarga yoqadigan o‘yin ko‘rsatishga harakat qiladi.
Fikrlar