
Fabritsio Romano: "Koman "An-nasr" futbolchisi"
"Bavariya" qanot hujumchisi Kingsli Komanning "An-Nasr"ga transferi yaqin vaqtlar ichida amalga oshadi, deya xabar bermoqda X ijtimoiy tarmog‘ida jurnalist Fabritsio Romano.
Manbaga ko‘ra, Saudiya klubi "Bavariya"ning yakuniy roziligini kutmoqda. Shuningdek, Koman allaqachon Riyod klubiga o‘tishga rozilik bildirgani aytilmoqda.
Avvalroq, "An-Nasr" Komanga 2028 yilgacha mo‘ljallangan shartnoma va mavsum uchun 20-25 million evro maosh taklif qilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Frantsiyalik hujumchi Germaniya klubida 2017 yilning yozidan buyon to‘p surib kelmoqda. Bu davrda Koman barcha turnirlarda 339 ta o‘yinda maydonga tushib, 72 ta gol va 71 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Futbolchining klub bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portalida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining bozor narxi 30 million evroni tashkil etadi.
Fikrlar