
EChLda g‘alaba qozonish uchun ko‘p narsa kerak emas!
Yurgen Klopp boshchiligidagi «Liverpul»ning APLda ishlari yurishmayapti. «Borussiya D» klubi ham «mersisaydliklar» singari o‘z chempionatida 6-o‘rinda bormoqda. Shunga qaramay, ularni EChL g‘olibi bo‘lish imkoniyatidan hech kim mahrum qilgani yo‘q. Musobaqa tarixida ichki chempionatdagi omadsizlikka qaramay, yakunda eng nufuzli musobaqada g‘alaba qozonganlar mavjud. Bugun ana shunday klublar haqida so‘z boradi.
«Real Madrid» 1955/56 yilgi mavsum
Aslida Evropa chempionlar kubogi musobaqasi tarixidagi ilk yillarda Madrid klubiga teng keladigan jamoa topilmagan. Qatorasiga 5 bor oltin medallarni o‘ziniki qilgan klub 1955/56 yilgi mavsumni juda bo‘sh o‘tkazgan.
Chempionlik uchun kurashda Bilbaoning «Atletik»idan 10 ochko ortda qolgani etmaganidek, «Qirollik klubi» azaliy raqibi – «Barselona»ni ham 9 ochkoga oldinga o‘tkazib yuboradi. Vaholanki, Alfredo Di Stefano chempionatda 24 gol bilan to‘purarlikni hech kimga bermagan edi. Chempionlikni qo‘ldan boy bergach, «Real» bor e’tiborini Evropa chempionlar kubogiga qaratadi.
Finalda «Qirollik klubi» juda og‘ir vaziyatga tushib qoladi. «Park De Prens»da 2 ta to‘p farqi bilan ortda qolayotgan bo‘lsa ham, jamoa «Reyms» darvozasini 4 bor ishg‘ol qilishni uddalaydi.Yakunda 4:3 va «Real» Evropaning tengsiz klubi.
«Real Madrid» 1997/98 yilgi mavsum
Bu mavsum Madrid klubi muxlislari uchun o‘zgacha. Sababi, jamoa 32 yillik tanaffusdan so‘ng, yana Evropa taxtiga qaytishga muvaffaq bo‘lgan. Chempionlik uchun yo‘l davomida klub yarim finalda amaldagi g‘olib – «Borussiya Dortmund»ni engdi. Finalda esa, «Yuventus» minimal hisobda mag‘lub etildi.
Xalqaro maydondagi yutuqlariga qaramay, bosh murabbiy Yup Xaynkesni rahbariyat ishdan oldi. Bunga jamoaning ichki birinchilikdagi omadsiz o‘yinlari sabab bo‘ldi.
Madrid klubi «La Liga»ni 4-o‘rinda yakunlagani uchungina nemis mutaxassisi iste’foga chiqarildi. Bunga katta ehtimol bilan chempionatda «Barselona» g‘alaba qozongani sabab bo‘lgan. Kataloniya klubidan keyingi o‘rinlarni «Atletik» Bilbao va «Real Sosedad» egallagani voqealar rivojini tezlashtirib yubordi.
«Real Madrid» 1999/00 yilgi mavsum
Bu safar ham xuddi shunday holat, biroq «Real»ning ichki birinchilikdagi ahvoli yanada og‘irroq. «Deportivo»(chempion), «Barselona», «Valensiya», «Saragosa»dan keyin «qaymoqranglilar» finishga 5-bo‘lib etib keladi.
Aslida, mavsumni to‘liq omadsiz, deb bo‘lmaydi. «Real» EChL bosh sovrinini qo‘lga kiritish yo‘lida «Manchester Yunayted», «Bavariya»ni ortiqcha muammosiz mag‘lub etadi. Finalda esa, Ektor Kuperning «Valensiya»siga hech qanday imkon qoldirmaydi. Aynan «ko‘rshapalaklar» bir necha hafta oldin «Santyago Bernabeu»da «Real»ni taslim etgan va bronza medallaridan mahrum qilgan edi. Mavsumning bunday yuqori tempda yakunlash orqali, «Real» o‘z muxlislari oldida yuzini yorug‘ qilib oldi.
«Liverpul» 2004/05 yilgi mavsum
Bu Rafa Benitesning Angliyadagi ilk mavsumi edi. «Valensiya»dan «Liverpul»ga o‘tgan mutaxassis debyut mavsumidayoq «mo‘’jiza» namoyish etadi. Istanbulda bo‘lib o‘tgan «Milan»ga qarshi o‘yin hech kimning yodidan ko‘tarilgani yo‘q. Ernan Krespo, Andrey Shevchenko, Rui Koshta, Kaka, Dida, Kafu, Paolo Maldini, Klarens Zeedorf va boshqa yulduzlari bor «rossonerilar» Karlo Anchelotti qo‘l ostida to‘xtatib bo‘lmas kuchga aylangan edi.
Finalda ularni «mersisaydliklar» qanday mag‘lub etgani haqida ortiqcha fikr bildirishning hojati yo‘q. Evropadagi ajoyib natijalarga qaramay, o‘sha mavsum Rafa Benites APLda hech narsa namoyish eta olmadi. Klub 4-o‘rin uchun kurashda «Everton»ga mag‘lub bo‘lgani esa, ikki hissa alamli bo‘ldi.
«Milan» 2006/07 yilgi mavsum
Oradan ikki yil o‘tib, bu klublar yana turnir finalida to‘qnash keldi. «Rossonerilar» kutilganidek revansh olishga muvaffaq bo‘ldi. Shu tariqa, ular «A seriya»dagi omadsiz mavsumni «berkitib» ketishdi.
Italiya chempionatidagi kelishilgan o‘yinlar sababli, «Milan» A Seriyani -8 ochko bilan boshlagan edi.
Shu bois, chempionat finishida «Milan» chempion («Inter»)dan 36 ochko ortda qoldi. 4-o‘rin o‘sha davrdagi «Milan» uchun yoqimsiz holat, biroq «Liverpul» printsipial o‘yinda mag‘lub etilgani barchasini «yuvib» ketdi.
«Chelsi» 2011/12 yilgi mavsum
London klubi mavsumni ichki birinchilikda juda yomon tugatdi. Chempion «Siti» «aristokratlar»dan 25 ball ko‘proq jamg‘ardi. London klubi chempionatni 6-o‘rinda yakunlashga majbur bo‘ldi. Bu klubning so‘nggi 10 yillikdagi eng yomon natijalaridan biri.
Xalqaro maydonda ham ishlar pachava edi. Andre Villash Boash shogirdlari «Napoli» bilan o‘yinni 3:1 hisobida qo‘ldan boy bergach, pley-offda o‘z yurishini to‘xtatishi aniqdek edi. Og‘ir vaziyatda qolganiga qaramay, klub portugaliyalik mutaxassisni ishdan oldi. Uning o‘rnini egallagan Roberto Di Matteo «mo‘’jiza» namoyish etdi. Avvaliga, Neapol klubi javob uchrashuvida mag‘lub etildi. Keyin «Benfika» va «Barselona» yo‘ldan olib tashlandi. «Alyants Arena»da dramatik kechgan bahsda «Bavariya» mag‘lub etildi.
Ushbu sovrin «Chelsi» klubi tarixidagi birinchisi va hozirga qadar oxirgisi bo‘lib turibdi.
Fikrlar