
Chempionatimizda 7 ta turdan keyin nimalar ro‘y berdi?
Superliganing 8-tur uchrashuvlari iyun oyi oxiri va iyul oyi boshlariga qoldirilganidan xabaringiz bor. Shu bois endi o‘z-o‘zidan jamoalar navbatdagi 9-turga e’tiborlarini qaratishgan.
Chempionatimizda 7 ta turdan keyin nimalar ro‘y berdi? (Faqat hakamlar va VAR mavzusidan tashqari!) Musobaqa jadvalining kuchli uchligidan “Navbahor”, “Neftchi” va “Paxtakor” jamoalari joy olishgan. Qachon dastlabki uchta pog‘onani yuqoridagi klublar band etib turganini ko‘rgansiz? Taxminan bir necha yillar ilgari chempionatimizda mazkur uch klub favoritlar edi va ularga bas keladiganini topish qiyin bo‘lardi. Hozir yana o‘sha trio chempionatda gegemonlikni o‘z qo‘llariga olayotgandek. “Bunyodkor”, AGMK, “Nasaf” singari medallar uchun da’vogar sanalgan jamoalar hozircha yuqoridagi uchlikning orasiga kira olmayaptilar. To‘g‘ri, hali mavsum uzoq davom etadi. Ammo “Navbahor”, “Neftchi” va “Paxtakor” klublarining shashti balandga o‘xshayapti. Uchalasida bir xil – 15 tadan ochko mavjud. Ularning orasida “Neftchi”ning kuragi hali erga tekkani yo‘q. “Paxtakor” esa hozircha durang o‘ynamadi. Superligani ketma-ket ikkita mag‘lubiyat bilan boshlagan “Sherlar” shundan beri faqat g‘alaba qozonib kelyapti. Darvoqe, “Navbahor” hisobida ham hozircha durang mavjud emas. Samvel Babayan jamoasi safarda ikkita mag‘lubiyatga uchragan, qolgan uchrashuvlarda raqiblarini taslim qilib kelmoqda. Shuningdek, duranggi yo‘q jamoalar orasida “Andijon” ham bor bo‘lib, ular 7 ta bahsning 3 tasida g‘alaba qozonib, 4 tasida imkoniyatni boy berishdi.
Xullas, “Navbahor”, “Neftchi” va “Paxtakor” medallar uchun asosiy da’vogarlar ekanini amalda isbotlashga kirishib ketdilar. Bu yaxshi albatta. Yana oldingi paytlardagidek “uchovlon” intrigani qizdirib yuborishi faqat ijobiylikdan darak. Ulardan keyin “Bunyodkor” bilan “Nasaf” ta’qib qilib kelishmoqda. Etakchilardan so‘ng “Surxon”ning 6-pog‘onada borayotgani kutilmagan holatlardan biri ekanligi aniq. Tan olish lozimki, mavsum avvalida ko‘pchilik termizliklardan bunday startni kutmagandi. “Surxon” o‘yini va mehnatiga yarasha 6-o‘rinni band etib turibdi. Hatto OKMK bu klubdan ortda boryapti. Biroq mavsum yakunigacha barqarorlikni qaysi jamoalar saqlab qolishida gap ko‘p. Hozir 7-turdan keyingi holat bilan fikr yurityapmiz. Lekin chempionat yakuniga yaqin kim qaysi o‘rinda bo‘ladi? To‘g‘ri, hozir klublar borasida ma’lum tasavvurga egamiz, baribir oxiriga kelganda asl kuchiga tayangan va barqarorligini saqlay olgan jamoalarnigina sovrinli o‘rinlar qatorida ko‘rishimiz mumkin. Bu borada katta ehtimol bilan avvaldan favoritlar qatorida nomlari e’tirof etilgan jamoalar joylarini boshqalarga bo‘shatib qo‘yishmasa kerak.
Darvoqe, yana “Paxtakor” haqida. 7 ta turdan keyin eng ko‘p gol urgan jamoa “Sherlar” bo‘lib turibdi. Raqiblar darvozasiga 15 ta gol urgan va o‘z darvozasidan 10 marta to‘p olib chiqqan. “Paxtakor”dek jamoa uchun albatta o‘tkazib yuborilgan gollar soni ancha ko‘p. Bu esa Shatskix jamoasining himoya chizig‘ida muammolar etarli ekanini ko‘rsatib turibdi. Umuman olganda, 7 ta turdan keyin darvozasidan eng ko‘p to‘p olib chiqqan jamoa “Metallurg” bo‘lib turibdi – 16 ta. Undan keyin “So‘g‘diyona” (12) va OKMK (11) klublari darvozasidan ko‘p gol o‘tkazganlar orasida kuchli uchlikni yakunlab turishbdi. Eng ko‘p gol urgan jamoalar orasida “Paxtakor”dan so‘ng mos ravishda “Navbahor” bilan “Neftchi” jamoalari boryapti. Ularning hisobida 14 tadan gol bor. Superligada eng oz gol “Qizilqum”ga tegishli bo‘lib turibdi. Navoiyliklar 7 ta uchrashuvda 3 ta gol urdilar xolos.
G‘alabasiz kelayotgan jamoa nomini hamon “Turon” o‘zida saqlab kelyapti. Yaqinda u erda bosh murabbiy o‘zgartirildi. Baxtiyor Ashurmatov o‘rniga rossiyalik Denis Bushuev tayinlandi. Uning debyut o‘yinida jamoasi Yaypanda “Navbahor”ga 0:2 hisobida yutqazib qo‘ydi. Oldinda “Turon”ni o‘z uyida “Paxtakor”ga qarshi uchrashuv kutayotganini unutmaslik kerak. Bosh murabbiyi o‘zgargan klublar orasida hozircha “Metallurg” bir marta yutdi. Chernogoriyalik Vesko Steshevich Bekobodda OKMK ustidan qozonilgan 2:1 hisobidagi g‘alaba aynan uning debyut uchrashuviga to‘g‘ri keldi. Biroq keyingi turda “Metallurg” safarda “Andijon”dan qaqshatgich zarbani qabul qilib oldi. Ivan Boshkovich ham “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi sifatida ilk g‘alabasini 22 aprel kuni “Qizilqum”ga qarshi uchrashuvda qo‘lga kiritdi. “Buxoro” esa Ulug‘bek Baqoev boshchiligida hozircha yuta olgani yo‘q. Hamon 1-turda Hakim Fuzaylov boshchiligida “Turon” maydonida qo‘lga kiritilgan g‘alaba “Buxoro” uchun yagona bo‘lib turibdi.
Navbatdagi tur bahslari 4-8 may kunlari o‘tkaziladi. Oldinda esa siz bilan bizni yana keskin o‘yinlar kutayotgani aniq.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar