Bu oddiy o‘yin emas yoxud bugun vodiyda super to‘qnashuv bor!

  • 25 iyun, 2023, 00:54
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 13-turida super to‘qnashuv borligini bilasiz-a? Gap vodiy derbisi doirasidagi “Neftchi” – “Navbahor” uchrashuvi haqida ketmoqda. Hamma vaqt ushbu jamoalar o‘rtasidagi o‘yin barchaning diqqat markazida bo‘lib kelgan.

Tecno

Qolaversa, bu klublar maydonda kuch sinashishar ekan, ularning turnir jadvalidagi mavqei ahamiyatsiz bo‘lib qoladi. Chunki maydonda futbolchilar jangga kirishadilar. Shuningdek, Toshkentda Toshkent derbisi doirasida “Bunyodkor” – “Paxtakor” uchrashuvi ham bor. Tabiiyki, mazkur to‘qnashuvga ham qiziqish yuqori. Biz esa vodiyda bo‘ladigan uchrashuvga biroz to‘xtalmoqchimiz.

“Navbahor” Farg‘onaga musobaqa peshqadami sifatida boradi. Hisobida 25 ochko borligini bilasiz. “Neftchi”da esa 21 ochko mavjud va 4-pog‘onada bo‘lib turibdi. Lekin qizig‘i shuki, hozircha joriy mavsumda Superligada yutqazmagan yagona jamoa “Neftchi” hisoblanadi. To‘g‘ri, Kubok musobaqasida mag‘lubiyat alamini tatib ko‘rdi, ammo chempionatda bundan mustasno.

neftchi 6_3

O‘yin vodiy derbisi maqomida bo‘larkan, bunday to‘qnashuvlarga futbolchilarni ortiqcha tayyorlash ham shart emas, boisi, ularning o‘zlari ruhiy jihatdan ham o‘zlarini qanday tayyorlashni biladilar. Terma jamoadan qaytgan 5 nafar asosiy futbolchisi yana “Navbahor” ixtiyoriga qaytgan. Aynan Oston O‘runov, Jasur Yaxshiboev, Jamshid Iskanderov, Jamshid Boltaboev va O‘tkir Yusupov namanganliklarning asosiy qurollariga aylanishgan, shunday emasmi? Ayniqsa, O‘runovning darajasi alohida mavzuga aylandi.

Farg‘onadagi “Istiqlol” stadioni muxlislar bilan gavjum bo‘lishi aniq. Bir tomondan farg‘onalik, yana bir tomonda esa namangandik ishqibozlar va tabiiyki, arenada chinakam evropacha anshlag hukm suradi, ishonavering!

“Neftchi” – “Navbahor” jamoalarining o‘zaro o‘yinlari tarixi olis 1992 yilga borib qadaladi. Shu paytgacha klublar chempionatda 56 marta to‘qnashishgan. O‘tgan yili “Navbahor” Farg‘onada “Neftchi”ni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib ketgan. Namanganda esa hisob ochilmagan. “Neftchi” oxirgi marta “Navbahor”ni 2018 yilgi chempionatda mag‘lub etgan. O‘shanda Farg‘onada 2:1 hisobi qayd etilgan.

navbahor yangi2_5

Hozircha statistik ustunlik farg‘onaliklarda. Ular 56 ta uchrashuvning 26 tasida g‘alaba nashidasini surganlar. “Navbahor” esa 14 ta bahsda g‘olib chiqqan va 16 ta uchrashuvda kuchlar teng kelgan. To‘plar nisbati 81\56 “Neftchi” foydasiga, albatta.

“Navbahor” bosh murabbiyi Samvel Babayan bo‘lajak o‘yinga jamoasini juda jiddiy tayyorladi. Masalan, oxirgi o‘rtoqlik uchrashuvini Namanganda “Andijon”ga qarshi o‘tkazishdi va bu yopiq eshiklar ostida o‘tdi. Bilamizki, “Neftchi” ustozi Vitaliy Levchenko ham “Navbahor”ning kuchini yaxshi bilib turgan holda jamoasini bo‘lajak bahsga puxta tayyorlayotgani aniq. Bu o‘yin sarguzashtlarga boy o‘tadi, shunchaki, oddiy tarzda kechmasligi aniq. Imkoniyatlar borasida, deyarli hamma teng baholayotgan bo‘lsa ajab emas. Albatta, bu betaraf insonlarga tegishli. O‘yinga kim yaxshiroq tayyorlangan bo‘lsa va imkoniyatlardan unumli foydalana olsa bu o‘sha jamoaning yutug‘iga aylanadi. Bundan tashqari, Babayan bilan Levchenko hujumkor taktikani yoqtirishadi. Himoyaviy o‘yin ko‘rmasak kerak va katta ehtimol gollar uriladi.

Qisqasi, Superliganing super o‘yinidan zavqlaning!

Shuhratbek Jo‘raev.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!