"Bu men uchun juda noqulay holat, futbolchilarimga beradigan jiddiy savollarim bor". "Lokomotiv" raqibni mensimadimi yoki...

  • 13 aprel, 2022, 05:28
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Coca-Cola Kubogi guruh bosqichida qiziqarli va muxlislarni hayajonda ushlab turadigan o‘yinlarga ham guvoh bo‘lyapmiz. 12-15 aprel kunlari guruh bosqichida 2-tur o‘yinlari davom ettirilmoqda. Ana shunday uchrashuvlardan biri “V” guruhida Toshkentdagi “Lokomotiv” stadionida o‘tkazildi. Superliga vakili bu safar pro liga qatnashchisi sanaladigan Jizzaxning “Zomin” klubini qabul qildi. Ushbu bahs to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi.

Tecno

Rosti, ko‘pchilik ushbu bahsning bu qadar ochiq, keskin hamda qiziqarli o‘tishini kutmagandi. “Lokomotiv” o‘tgan turda AGMK bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagandi. Bu gal esa temiryo‘lchilar juftlikda yaqqol favorit edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Denis Korostichenko jamoasining g‘alabasiga ishonganlar ko‘p edi. Biroq ilk turda “Xorazm” ustidan ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritgan “Zomin” Toshkentga shunchaki kelmaganini amalda ko‘rsatib qo‘ydi.

O‘yin shunday kechdiki, pro liga jamoasi mezbonlarga ochiq futbolni taklif qildi. Avvaliga “Zomin” hisobni ochdi. Keyin mezbonlar bunga ikkita gol bilan javob qaytardilar. Lekin jizzaxliklar taslim bo‘lmadi va ikkinchi golni ham kiritishdi. Ularda uchinchi golni urish uchun ham yaxshi imkoniyatlar bo‘ldi. Xuddi shunday holat “Loko”da ham kuzatilgan bo‘lib, vaziyatlardan foydalana bilmadilar. Shu tariqa, “Lokomotiv” o‘z maydonida pro liga klubini mag‘lub eta olmadi.

denis3_3

Bu borada mezbon jamoa ustozi Korostichenko Sports.uz muxbiriga buning sababini quyidagicha izohladi:

- Juda asabiy o‘yin bo‘ldi. Bellashuv davomida raqibga ko‘plab hujumlar uyushtirish imkonini berdik va ular o‘z imkoniyatlaridan foydalanishga erishdilar. Men uchun bu o‘ta noqulay holatdir. Namoyish etgan o‘yinimizdan va qayd etilgan natijadan xafaman. Bunga faqat o‘zimiz aybdormiz xolos. Futbolda gohida shunday vaziyatlar ham uchrab turadi. Ammo biz bunday holatdan chiqib ketishimiz kerak, - dedi Denis Vladimirovich.

Yana shuni ham aytmoqchimizki, balki “Lokomotiv” futbolchilari raqibga nisbatan etarlicha baho bermagandir, ularni mensimagan bo‘lishi ham mumkin, shunday emasmi? Futbolda esa bu kabi holatlar tez-tez uchrab turadi.

- Aytish kerakki, raqib bizga qarshi juda yaxshi to‘p surdi. Biz ularning qanday o‘ynashini bilardik. Shunga qaramasdan, bellashuv davomida bir qancha xatolarga yo‘l qo‘ydik va natijada raqib bundan foydalanib qoldi, - deya bu vaziyatga munosabat bildirdi, murabbiy.

denis4_4

Shunday qilib, guruhda “Lokomotiv” ketma-ket ikkita uchrashuvda durang o‘ynadi. “Zomin” bo‘lsa, yuqorida aytganimizdek, bir g‘alaba va bir durangga erishdi. “Loko” guruhdan chiqish imkoniyatini oxirgi turga qoldirdi. Lekin raqiblarni o‘yini ham ta’sir qilishi mumkin. Qiziq, aslini olganda, “temiryo‘lchilar”da Kubok uchun jiddiy maqsad qo‘yilganmi yoki bu musobaqaga unchalik ahamiyat qaratishmayaptimi?

- Biz ikki bor durang o‘ynadik. Kubok musobaqasida raqobat ancha kuchli. Navbatdagi o‘yinni endi yaxshi o‘tkazishdan boshqa choramiz yo‘q, - dedi Korostichenko.

denis2_2

Mezbonlarga ochiq futbolni taklif qilgan “Zomin”ning o‘yini ham ancha qiziqarli ko‘rindi. Har holda pro liga vakili bo‘lsa-da, ularda ishtiyoq ancha yuqori edi. “Loko” ustozidan raqib o‘yini qanchalik yoqqani va o‘zining qaysi o‘yinchilariga e’tirozi borligi haqida so‘raganimizda shunday dedi:

- “Zomin”ni qo‘lga kiritilgan ochko bilan tabriklayman. Ular uchrashuvda juda xavfli ko‘rinishdi. “Zomin”ga keyingi o‘yinda ham yaxshi natijani tilab qolaman.

Aniq bir futbolchiga nisbatan e’tirozim yo‘q, ammo jamoaviy o‘yinimiz borasida futbolchilarimizga beradigan jiddiy savollarim etarli.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!