
Bilasizmi? Shomurodov bu klubga o‘tsa, EChLda o‘ynashi mumkin
So‘nggi paytlarda “Roma” va O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodovning kelajagi keng muhokama qilinmoqda.
Avvaliga futbolchiga “Bolonya” qiziqish bildirdi. Keyin esa Italiyaning boshqa jamoalari “Torino”, “Sampdoriya” va “Sassuolo” kabi klublar ham Eldor borasida “Roma” bilan muzokara olib borishga harakat qildi. Shuningdek, terma jamoamiz sardoriga Angliyaning “Vulverxemton” klubidan ham taklif bo‘lgani haqida mish-mishlar tarqaldi. Ammo hech qaysi klub Shomurodov borasida rimliklar bilan kelisha olmayapti.
Qolaversa, turk nashrlari xabariga ko‘ra, “Trabzonspor” ham o‘zbek forvardi uchun kurashga kirgan. So‘nggi yangiliklarga ko‘ra, “qizil-ko‘klar” futbolchining bir yillik ijarasi uchun “Roma”ga 1 million evro to‘lashga ham tayyor.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, agar Eldor turk klubi safiga o‘tsa, Evropa Chempionlar ligasida o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ayni paytda “Trabzonspor” musobaqaning saralashi so‘nggi bosqichida ishtirok etmoqda.
Bu bosqichda trabzonliklarga “Kopengagen” raqiblik qiladi. Agar turk klubi daniyaliklarni mag‘lub etsa, EChL guruh bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Ma’lumot o‘rnida, Chempionlar ligasi saralash pley-off bosqichining dastlabki o‘yinlari 16 va 17 avgust kunlari, javob o‘yinlari esa 23 va 24 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.
Fikrlar