
Artyom Filiposyan: "Oldinlari vodiyda futbol o‘ynasam deb niyat qilardim, peshonamga "Qo‘qon-1912" yozilgan ekan"
Pro ligada ham nomdor o‘yinchilar to‘p surishini bilasiz. Ulardan biri, hozirgi kunda “Qo‘qon-1912” sharafini himoya qilayotgan futbolchi Artyom Filiposyan.
Tajribali o‘yinchi yozgi transfer paytida qo‘qonliklar safiga qo‘shildi. Uning kelishi jamoa o‘yinini va ayniqsa, himoya chizig‘ini mustahkamladi.
Qo‘qonliklar birinchi davrada yo‘qotilgan ochkolar o‘rnini to‘plab bormoqdalar. Ammo yaqinda markaziy uchrashuvda “Qo‘qon-1912” Toshkentda “Lokomotiv”ga yutqazib qo‘ydi. Filiposyan bilan suhbatimizni ushbu uchrashuvdagi savol bilan boshladik.
- Avvalo "Lokomotiv"ga qarshi markaziy o‘yin haqida so‘ramoqchi edim. Unda qo‘qonliklar mag‘lub bo‘ldi. Muhim o‘yinda ochko yo‘qotilishiga nima sabab?
- O‘yinni yaxshi boshladik. Golli vaziyatlar yaratdik, lekin foydalana olmadik. “Lokomotiv” yaxshi jamoa. O‘yin muxlislar uchun zo‘r bo‘ldi. “Lokomotiv” yutdi, biz yutqazdik. Futbol shunisi bilan qiziq. Hammamiz harakat qildik va harakat qilyapmiz. Bu - futbol.
- Ilk bor pro ligadasiz. Bu erning saviyasi siz o‘ylagandekmi yoki...
- Ha, ilk bor pro ligada o‘ynayapman. Men uchun pro liganing saviyasi yaxshi. Chunki bu erda ham yaxshi o‘yinlar bo‘lyapti.
- Shuncha payt Superligada o‘ynadingiz va legioner bo‘lib ham to‘p surdingiz. Vaqti kelib pro ligaga borganingizda o‘zingizni noqulay his qilmadingizmi?
- Yo‘q, nimaga o‘zimni noqulay his qilishim kerak? Shu vaqtgacha Superligada va xorij klublarida to‘p surdim, Xudoga shukr qilaman. Peshonamga pro ligada o‘ynash nasib qilgan ekan, xursandman. Eng asosiysi, ishimni davom ettiryapman. Futbol o‘ynashni yoqtiraman, nasib bo‘lsa hali yana o‘ynashga intilaman. Asosan sog‘lik bo‘lsin, qolgan hamma narsa bo‘ladi.
- Nima sababdan bunday qarorga keldingiz?
- Qo‘qon jamoasidan taklif bo‘ldi va o‘tdim. Maqsadi bor joylarda har doim futbol o‘ynashni istayman. Xudo xohlasa, “Qo‘qon-1912” jamoasi bilan Superligaga chiqamiz.
- Ayting-chi, Qo‘qondagi faoliyatingiz qanday kechyapti? O‘zingizga yoqyaptimi?
- Qo‘qonda meni yaxshi kutib olishdi. Bu klubda menga hamma narsa yoqyapti. Oldinlari vodiyda futbol o‘ynasam deb niyat qilgandim, peshonamda “Qo‘qon-1912” jamoasi yozilgan ekan.
- “Qo‘qon-1912”ga aniq maqsad qo‘yilgan, Superligaga chiqish. Ushbu yo‘lda kurash oson emas. Bu boradagi raqobat katta qiyinchilik tug‘diryaptimi?
- To‘g‘ri, jamoamizning maqsadi Superligaga chiqish. Hammamiz shu yo‘ldamiz va harakat qilyapmiz, nasib bo‘lsa elitaga chiqamiz. Oldinda hali yana 4 ta o‘yin bor, Xudo xohlasa vazifani bajaramiz.
- Superligani kuzatyapsizmi? Ko‘proq qaysi jamoaning o‘yini yoqyapti?
- Superliga o‘yinlari ko‘ryapman. Bugungi kunda menga “Paxtakor”ning o‘yini yoqyapti.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar