
Arslonmurod Amonov AGMKga qaytdi
AGMK futbol klubi navbatdagi transferni rasmiylashtirdi.
Olmaliqlik futbol muxlislari yoqimtoyiga aylangan va 2015-2016 yilgi mavsumlarda jamoamiz sharafini himoya qilgan Arslonmurod Amonov yana "o‘z uyi"ga qaytdi.
AGMK futbol klubi turkmanistonlik qanot yarim himoyachisi Arslonmurod Amonov bilan shartnoma imzoladi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish kerakki, Arslonmurod Amonov AGMKdan so‘ng O‘zbekiston chempionatida ma’lum vaqt "Buxoro" va "Lokomotiv" sharafini himoya qildi. Yangi mavsumdan e’tiboran esa Amonov yana jonajon jamoasiga aylangan AGMK libosida o‘z o‘yinlari bilan yana muxlislar olqishi va ishonchini qozonishga harakat qiladi.
Arslonmurod Amonov AGMK safida 55 o‘yin o‘tkazgan va 8 golga mualliflik qilgan. Shuningdek, Amonov Turkmaniston milliy jamoasi a’zosi hisoblanadi. Arslonmurod Amonov Turkmaniston terma jamoasida hozirga qadar 38 o‘yin o‘tkazib, 10 ta gol muallifiga aylangan.
Manba: AGMK telegram rasmiy kanali
Fikrlar