
Sher Mamazulunov: UFC haqida keyin o‘ylayman
O‘zbekistonlik yakkakurashchi Sher Mamazulunov bu yilgi ilk jangini 20 aprel kuni Moskvada Yuriy Stupenkov xotirasiga bag‘ishlangan “ASV KV-15” turniri doirasida o‘tkazadi. Ushbu kechada u 85 kg vaznda rossiyalik Ruslan Kostin bilan raqobatlashadi.
Sher bilan ushbu jang oldidan Sports.uz muxbiri suhbatlashdi.
– Assalomu alaykum! Aytingchi nega aynan kikboksing sportini tanlagansiz?
– Assalomu alaykum! Men bolaligimdan mazkur sport turi bo‘yicha o‘tadigan musobaqalarni kuzatar edim. Shuningdek, boks sport turiga ham qiziqqanman. Shu tariqa, mazkur sport turi bilan muntazam shug‘ullandim va o‘z maqsadlarim sari olg‘a bormoqdaman.
– Birinchi murabbiyingiz kim bo‘lgan?
– Anvarjon Umarov qo‘l ostida ilk mashg‘ulotlarimni o‘tkazganman. Hozir esa ukrainalik Ruslan Kirivush.
– Oilangizdagilar bunga qanday munosabat bildirgan. Ular qarshilik qilmaganmi?
– Ha albatta, onam boshida qarshilik qilganlar. Sen yoshsan jarohat olsang qiyin bo‘ladi der edilar. Men esa onajon xavotir olmang! Men barcha qiyinchiliklarni bosib o‘taman der edim. Hozir bo‘lsa, barcha oilamdagilar birinchilardan bo‘lib jangimni kuzatib borishadi.
– Faoliyatingizdagi eng unutilmas g‘alaba qaysi va professional sportda birinchi chempionligingizga qaerda erishgansiz?
– Dastlabki 2006 yilda O‘zbekiston chempionatida ishtirok etganman. Chempion bo‘lmagan bo‘lsamda, tushkunlikka tushib qolmaganman. O‘z ustimda ishlab shahar miqyosidagi musobaqalarda toblanib, 2012 yilda mamlakatimiz chempioniga aylanganman. Bu g‘alabamni hech qachon unutmayman.
Professional sportdagi ilk jangim Moskvada 2014 yilda bo‘lib o‘tgan.
– Siz asosan qanday sport turlari bilan shug‘ullanasiz? Ushbu sport turlarida yoshning ahamiyati bormi?
– Men hozirda asosan boks va tayboks bilan shug‘ullanaman. Har qanday sport turida yoshning unchalik ahamiyati yo‘q. Eng muhimi sabr va qiziqish bo‘lsa etarli.
– Asosan qaysi davlatlarda jang o‘tkazasiz?
– Men Rossiyada jang o‘tkazaman. To‘g‘ri O‘zbekistonda ham qulay sharoitlar bor. Biroq ko‘plab turnirlar asosan Rossiyada o‘tgani bois, men u erda bellashaman. Lekin, Vatanimda chempionlik jangini o‘tkazish niyatim bor.
– O‘zbekistonlik sportchilarni ham kuzatib borasizmi?
– Albatta, Vatandoshlarimizning har bir ulkan g‘alabalarini eshitib, kuzatib boraman. Asosan boks va futbol sport turlarida jamoamizga muxlislik qilaman. Ularga ko‘z tegmasin, boshqa sport turlari kabi ular ham ulkan zafarlarga erishmoqda.
– Har bir sportchining jang uslubi bo‘lardi. Sizning jang uslubingiz qanday?
– Mening ham o‘z jang uslubim bor! Lekin musobaqalarda murabbiylarim ishlab chiqqan taktika bo‘yicha kurashaman.
– Sir bo‘lmasa, professional sportdagi faoliyatingizni qachon tugatmoqchisiz?
– Men faoliyatimni tugatish niyatida emasman.Hattoki mag‘lub bo‘lsam ham tugatmayman.
– Ko‘pchilik sportchilar UFC musobaqalarini orzu qiladi. Ammo siz GLORY ni tanladingiz. Buning sababi nimada?
– Men ham UFC sportiga qiziqaman. Lekin men o‘z yo‘nalishimda ketmoqchiman. Avval, GLORYY da ulkan g‘alabalarni qo‘lga kiritishni xohlayman. Keyin UFC haqida o‘ylayman.
– Siz bilan hali ringda uchrashmagan, lekin siz u bilan jang qilishni istaydigan sportchi bormi?
– Bor! Ular ko‘pchilik. Ular kimligini vaqti kelib bilib olasizlar.
– GLORY bilan shartnoma tuzganingiz rostmi?
– Yo‘q hali shartnoma imzolamadik. Xudo xohlasa bu kunlarga ham etamiz.
– Ruslan Kostin bilan bo‘lib o‘tadigan jangga tayyorgarlik qanday o‘tmoqda?
– Men ushbu jangga jiddiy tayyorlanmoqdaman. Biz dastlab jismoniy va ruhiy mashqlarni bajargan bo‘lsak, hozirda texnik va taktik mashg‘ulotlarni boshladik. Nasib qilsa ushbu jangda zafar quchaman.
– Samimiy suhbat uchun rahmat.
– Ishlaringizga omad.Sports.uz internet portalidan doimo minnatdorman.
Fikrlar