
OChL. “Nasaf” – “Al Faysaliy”. Tarixga nazar
Xabaringiz bor 30 yanvar kuni Qarshining "Nasaf" klubi o‘z maydonida Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritig uchun Iordaniyaning "Al-Faysaliy" klubiga qarshi bahs yuritadi. Shu bois klub matbuot xizmati ushbu uchrashuvga oid bir qator qiziqarli ma’lumotlarni e’lon qildi.
Aytish lozimki, bu uchrashuvga qadar har ikki jamoa o‘zaro bir marta tuqnash kelishgan. Ushbu uchrashuv OFK kubogining nimchorak finalida sodir bo‘lgan edi. 2011 yil 24 mayda ammanliklar Qarshida 2:1 hisobida mag‘lub etilgan. Endi bu uchrashuv tarixda qoldi. Endi klublar oldidagi vazifa ham boshqacha, tarkiblar ham boshqacha.
E’tiborlisi, OFK kubogi bahsida maydonga tushgan futbolchilarimizdan tarkibimizda faqat Maqsud Karimov qoldi. Tajribali himoyachimiz “Al Faysaliy”ga qarshi uchrashuvda ikkinchi marta maydonga tushishi mumkin.
Ozgina tarixga qaytamiz. 2001-2002 yilgi Osiyo chempionlari kubogida mamlakat sharafini himoya qilish “Nasaf”ning chekiga tushgan. “Do‘stlik” va “Neftchi” jamoalari bu turnirda qatnashishdan bosh tortgach, bu vazifa “Nasaf”ga yuklanadi. Va qarshilik futbolchilar o‘shanda qit’ada shov-shuvli natijalarni qayd etishgandi. Dastlab Turkmaniston va Tojikiston chempionlari mahv etilgach, BAA da tashkil etilgan guruh bosqichida mezbonlar, Eron hamda Quvayt chempionlariga munosib qarshilik ko‘rsatishdi. “Ajdarlar” mamlakatimiz jamoalari orasida “Neftchi”dan keyin qit’aning eng nufuzli musobaqasida yarim finalga qadar etib kelishadi.
“Nasaf” shundan so‘ng qit’amizning klublar o‘rtasidagi eng nufuzli musobaqasi - OChLda 2012, 2013, 2015 va 2016 yillar ishtirok etgan.
Endi mehmonlar haqida to‘xtaladigan bo‘lsak. “Al Faysaliy” o‘z tarixida ikki marta OFK kubogini qo‘lga kiritgan. Mamlakat chempionatida esa sovrinlar yig‘ish bo‘yicha rekordchi klub hisoblanadi. “Al Faysaliy” Qarshida mag‘lub bo‘lsa ham, OFK Kubogi-2018dagi ishtirokini saqlab qolaveradi.
30 yanvar kuni mamlakatimiz futbol ishqibozlarining nigohi “Markaziy” stadionga qaratiladi. Yangi futbol mavsumining ilk rasmiy uchrashuvi sanalgan “Nasaf” – “Al Faysaliy” bahsiga bo‘lgan qiziqish juda katta. O‘yinga chiqarilgan chiptalarning ham aksariyati sotib bo‘lindi.
Fikrlar