Hamidjon Aktamov: Jamoamizda hamma narsa yaxshi, ichki muhit ham zo‘r. Ammo, natija omadga ham bog‘liq

  • 9 iyul, 2018, 22:05
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Navoiyning “Qizilqum” klubini ham ushbu mavsumdan umidi katta. Ular yozgi yig‘inni o‘zlari o‘ylagan reja asosida tashkillashtirishdi. Bungacha “Qizilqum” jamoasi o‘z o‘yinlari bilan raqiblari uchun sovg‘a emasligini ko‘rsatdi. Bosh murabbiy Hamidjon Aktamov ham jamoasining imkoniyatini yuqori baholayotgani e’tiborga molik. SPORTS.uz muhbiri esa tajribali mutaxassis bilan bir qator masalalar xususida suhbatlashdi.

Tecno

- “Qizilqum” jamoasining yozgi yig‘inidagi tayyorgarligi sizni qoniqtirdimi?

- Tayyorgarligimiz oldindan ishlab chiqilgan rejamiz asosida davom etyapti. Bir so‘z bilan aytganda, ishlarimiz zo‘r. “Bunyodkor” bilan o‘yinga jiddiy hozirlik ko‘ryapmiz. Xudo xohlasa, o‘sha uchrashuvda g‘alaba qozonamiz deb umid qilaman.

- Tarkibda ayrim o‘zgarishlar yuz berayotgani haqida eshityapmiz. Ushbu masalaga ham o‘zingiz oydinlik kiritib o‘tsangiz. Masalan, kimlar keldi va kimlar ketdi?

- Shu kunlarda hammasi 100 foiz aniq bo‘ladi. Hozir esa birgina Salim Mustafoevni rasman jamoamiz a’zosiga aylandi deb aytishim mumkin. U bilan shartnoma imzoladik. O‘zi ortiqcha futbolchi olmoqchi ham emasman.

- “Qizilqum”ni tark etgan futbolchilar haqida ham ayta olasizmi?

- Andrey Sidorov ketdi. Proxorov bilan ham xayrlashdik. Shuningdek, Alisher Yusupov ham jamoamizni tark etdi. Asosan shular.

- Yozda tarkibda jiddiy o‘zgarishlar qilamiz degandingiz...

- Ha, shunday o‘zgarishlarni amalga oshirmoqchi edim. Lekin yana o‘yinimizga ta’sir qilardi va boshqalarga javob berishim kerak bo‘lardi.

- “Qizilqum”ning dastlabki bosqichdagi ishtiroki haqida nima deya olasiz? Har xolda boshida mavsumni bo‘sh boshlab, keyinchalik natijalari biroz yaxshilandi.

- Ha, oxirida mavsumni yaxshi tugatdik. Menimcha, qoniqarli bo‘ldi. Jamoamiz yangiligi uchun boshida qiynalganimiz rost. Ayniqsa, futbolchilarning bir-birini tushunib olishlari uchun vaqt kerak bo‘lib qoldi. Shu bosqichdan o‘tib olganimizdan keyin hammasi iziga tushib ketdi. Endi bundan buyog‘iga ham yaxshi natijalar ko‘rsatish uchun tayyorgarlikni jiddiy ravishda olib boryapmiz. Bir qator o‘rtoqlik uchrashuvlarini ham o‘tkazdik. Masalan, “Qo‘qon-1912”, “Buxoro” va “Navbahor” kabi jamoalar bilan o‘ynadik. Hozircha hammasi yaxshi, men uchun qoniqarli.

- Chempionatni qoniqarsiz boshlagan paytlaringda jamoa uchun bosim kuchayib ketdi. Hattoki, adashmasam 3-turdan keyin sizning iste’foga chiqqaningiz haqida ham xabarlar keng tarqaldi va yana ishga qaytibdi deya vaziyat biroz yumshatildi. O‘sha paytlardagi bosimni qanday engib o‘tdingiz?

- Bu futbolda bo‘lib turadigan intriga. Bunga o‘rganib ham qolganman. Bunday gap-so‘zlarga e’tibor bermaslikka harakat qilyapmiz. Shunchaki, jaxl ustida kishi o‘zi bilmas holatda nimadir aytib yuborishi mumkin. Ammo mening iste’foga chiqishim haqida hech nima bo‘lmagan.

- Navoiylik muxlislar mavsumning ikkinchi bosqichidan yanada ko‘p yutuqlarni kutishyapti...

- Imkoniyat har doim bo‘lgan. Lekin omadga ham ozgina bog‘liq. Jamoamizda hamma narsa yaxshi. Ichki muhit ham zo‘r. Bizda hech qanaqa kamchilik yo‘q. Rahbarlarimiz, homiylarimiz va ishqibozlarimizni g‘alabalarimiz bilan xurand qilamiz degan niyatdamiz. Maqsadimiz esa kuchli oltilikka kirib olish.

- Siz bilan qishda gaplashganimizda gruziyalik zo‘r o‘yinchini olib keldim degandingiz. Chindan ham Elguja Grigalashvilining o‘yini hammaga yoqyapti. To‘g‘risi, ayni paytda u chempionatimizdagi legionerlar orasida eng yaxshisi bo‘lib turibdi. Qiziq, uni qanday topib keldingiz?

- Bizning chempionatda xuddi shu kabi o‘ynaydigan futbolchi yo‘q. To‘g‘risi, bunday legionerning O‘zbekistonga kirib kelishi boshqalarga ham o‘rnak bo‘ladi. Mahalliy o‘yinchilar unga qarab qanday o‘ynashni o‘rganishadi. U Evropada to‘p surgan va u erning futbolidan ko‘p narsa o‘rgangan. U o‘yin tizginini o‘z qo‘liga olishni biladi va qo‘rqmasdan raqib jarima maydoni ichiga kirib borishni xush ko‘radi. Men uni ortiqcha maqtamoqchi ham emasman. Har holda uning qanday futbolchi ekanligini o‘zlaring ham ko‘rib turibsizlar. Lekin bunday saviyadagi o‘yinchi oxirgi paytlarda chempionatimizda kamayib ketgan. Uni qanday topganimga kelsak, izlangan imkon topadi degan gap bor. Albatta, bu borada ancha izlandik. Bizga shunaqa o‘yinchi etishmasligini oldindan bilardim.

- Demoqchimanki, aksariyat klublarimiz ham legionerlarni olib kelishadi. Ularni chaqirishdan avval videoroliklarini ko‘rishadi va keyin taklif qilishadi. Ammo ular Grilashvilidek o‘ynashmaydi. Lekin siz bu safar boshqalarga legioner tanlash qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsata oldingiz. Ayting-chi, Grigalashvili siz uchun ham syurpriz bo‘ldimi?

- To‘g‘ri aytdingiz, boshqalar legionerlarning videoroligini ko‘rib olib kelishaveradi. Lekin men bunday roliklarga ishonmayman. Uning o‘yinini shaxsan o‘zim ko‘rib, kuzatganman. Qolaversa, Gruziyadagi murabbiylar bilan ham gaplashganimda yaxshi o‘yinchini olib ketayotganimni alohida aytishgan. Do‘stlarim ham ushbu futbolchi haqida juda iliq fikrlarni aytishgan. Shundan so‘ng hech ikkilanmay Elgujani olib keldim. Baribir tan olishim kerakki, ushbu o‘yinchi borasida omadimiz keldi.

- Oxirgi paytlarda aynan Grigalashviliga qiziqayotgan jamoalar ko‘payib borayotgani haqida ko‘p eshityapman. Endi uni jamoada olib qolish sizga qiyinchilik tug‘dirmayaptimi?

- Yo‘q, nimaga qiyinchilik bo‘ladi? U bizning futbolchimiz. Grigalashvili bilan kelasi yil uchun ham shartnomamiz bor.

- U bilan shartnomani uzaytirishga ulgurdingizmi?

- Ha, uni olgan paytimdayoq ikki yilga shartnoma tuzganmiz.

- Agar uning o‘yin sifati va legioner maqomidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, jamoadagi eng ko‘p oylik maoshni aynan gruziyalik futbolchi oladimi?

- Yo‘q. Bu haqida sizga ma’lumot bera olmayman.

- Bu yilgi Superligada o‘sish qay tariqa yuz beryapti deb o‘ylaysiz?

- Superliga juda qiziqarli o‘tyapti. Jamoalar uchun bo‘shashishga umuman vaqt yo‘q. Har bir o‘yin juda ham muhim. Shu bois joriy yilgi chempionat ancha kuchli o‘tyapti. Xullas, menga juda yoqyapti. O‘sish borligi yaqqol bilinib turibdi.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!