
Yozni transferlar bilan "yondirayotgan" Saudiya futboli. Amalga oshgan va oshishi kutilayotgan transferlar haqida nimalarni bilasiz?
Yozgi transferlar oynasi allaqachon ochilganidan xabaringiz bor. Bugunga qadar bir qancha kutilgan va kutilmagan oldi-sotdi ishlari amalga oshirildi. Ayni vaqtda eng olamshumul xabarlar Saudiya Arabistoni atrofida paydo bo‘lmoqda. Qit’adoshlarimiz ulkan miqdordagi pullar evaziga yulduzlarni arab diyoriga jalb qilish bilan band.
Biz bugun Saudiya o‘lkasida yuz bergan va tez orada amalga oshishi kutilayotgan transferlar haqida fikr yuritamiz.
Karim Benzema - "Al-Ittihod".
Shubhasiz, yozning eng qaynoq xaridlaridan biri. Karimning "Real"dan ketishining o‘ziyoq katta shov-shuv bo‘lsa, uning Saudiya Arabistoniga kelishi ikkinchi shok xabar bo‘ldi. To‘g‘ri, musulmon futbolchining arab diyoriga kelishi odatiy hol bo‘lishi mumkindir, ammo bizningcha, Benzema hali Evropaning top klublarida o‘ynash imkoniga ega edi. Biroq frantsuz "Real"ning hurmati uchun Evropaning boshqa jamoasiga o‘tishni lozim topmadi.
Amaldagi "Oltin to‘p" sohibi "Ittihod"da yiliga 200 million funt sterling ishlab topadi. Soniyasiga 6, daqiqasiga 350, soatiga 20 ming hamda kuniga 500 ming funt sterling futbolchining cho‘ntagiga borib tushadi. U klub bilan 3 yillik shartnomaga imzo chekkanini hisobga olsak, Karim 2027 yilgacha 600 millionga ega bo‘ladi. Ajoyib-a, shunday emasmi?
Ha, aytgancha, transfer saudiyaliklar uchun tekinga tushgan. Sababi, Benzemaning "qirollik klubi" bilan tuzgan shartnomasi yakuniga etgandi va hujumchi yangi bitimga rozilik bermadi.
N'Golo Kante - "Al-Ittihod".
Kamtar Kantening Saudiya Arabistonida paydo bo‘lishi Benzema transferidan so‘ng uncha hayratlanarli bo‘lib ko‘rinmadi. Aslida, N'Golo "Chelsi"ga hali foyda keltirishi mumkin edi. Biroq londonliklar klubda "tozalash ishlari" olib borayotgan bir paytda mehnatkash yarim himoyachiga ham javob berish vaqti kelganini anglab etishdi. Essiz, futbolchi:(
Frantsiyalik charm to‘p ustasi 2027 yilga qadar mo‘ljallangan shartnomaga imzo chekkan. Uning bir mavsumdagi maoshi 25 million evroni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, u "Chelsi"da har mavsum 15 million evro ishlab topgan.
"Al-Ittihod" keyingi mavsum ligada chempionlikni himoya qilish uchun ikkita zo‘r transferni amalga oshirdi. Bunisiga hech qanday shak-shubha yo‘q.
Ruben Nevesh - "Al-Hilol".
Portugaliyalik futbolchi "Barselona"dan taklif borligiga qaramasdan Saudiya Arabistoni klubi variantini o‘ziga ma’qul deb topdi. Kataloniyaliklar yarim himoyachini erkin agent sifatida klubni tark etgan Serxio Buskets o‘rniga munosib nomzod sifatida ko‘rayotgandi. Biroq futbolchi katta pullarni kareradan ustun qo‘ydi va Osiyo tomon yo‘l oldi.
U har mavsumda 15 million evro ishlab topadi. "Barselona" esa unga kamroq maosh taklif qilgan. Ustiga-ustak, futbolchi "bo‘rilar" tomonidan taklif etilgan shartnomaga ham rad javobini bergan.
Qayd etish lozim, "Al-Hilol" Nevesh uchun "Vulvz"ga 47 million funtning bahridan o‘tdi. Bu APL klubi tarixidagi rekord transfer hisoblanadi.
Neymar.
Neymarga ham Saudiya Arabistonidan takliflar yo‘q emas. Unga "Al-Hilol" klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda. Messi transferi o‘xshamagach, endi jamoa bor e’tiborini uning yaqin do‘sti Neymarga qaratdi va uni dunyoning eng ko‘p maosh oladigan futbolchisiga aylantirishni reja qildi. Biroq braziliyalik iqtidor sohibi bu kabi olamshumul takliflarga rad javobini bera oldi va Evropada qolish niyati borligini arab ishbilarmonlariga ma’lum qildi.
31 yoshli Neymarning PSJ bilan yana 2 yilga amal qiladigan shartnomasi mavjud. Katta ehtimol, u kelishuv muddati yakuniga etgach boshqa jamoaga ko‘chib o‘tadi. Bu katta ehtimol bilan Amerika qit’asidagi klublardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Balki "Ney" yana Messi bilan birga to‘p tepish baxtiga muyassar bo‘lar...
Son Xin Min.
Janubiy koreyalik futbolchi Son Xin Minda faoliyatini Saudiya Arabistonida davom ettirish imkoniyati mavjud. Yangi loyihalar, katta pullar va tanish yulduzlar jamlangan ligada qit’adoshimiz ko‘rinish berib qolishi ham mumkin.
Unga Benzema va Kanteni o‘z safiga qo‘shib olgan "Al-Ittihod" jamoasi rasmiy taklif yuborgani ham aytilmoqda. Biroq futbolchi va uning hozirgi jamoasi "Tottenxem" ham bu taklifni rad etgan. Shunga qaramay, saudiyaliklar to‘xtamoqchi emas. Ular yirikroq summa bilan o‘z maqsadiga erishish uchun yana bir bor kurashib ko‘rishi ehtimoldan holi emas.
Neymar va Sondan tashqari Hakim Ziesh, Kalidu Kulibali, Marselo Brozovich Eduard Mendi va Tomas Parti kabi yulduzlarga Saudiya klublaridan takliflar kelib tushgan yoki kelib tushmoqda. Ular safiga yana boshqa mashhur futbolchilar qo‘shilib qolsa ham ajablanmaymiz. Zero, Saudiya Arabistonida futbol o‘zining yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda.
Qayd etish lozim, Saudiya Arabistoni klublari bilan bitim imzolagan ushbu yulduzlar O‘zbekistonga tashrif buyurish ehtimoli juda yuqori. Boisi, Saudiya klublari OChL doirasida guruh bosqich o‘yinlarini o‘zbek klublariga qarshi o‘tkazadi. 2 jamoamiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri guruh bosqichida o‘ynash imkonini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, yana ikki klubimiz saralash bosqichida ishtirok etadi.
Saudiya Arabistonida esa chempion "Al-Ittihod" va kubok sohibi "Al-Hilol" guruh bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olgan bo‘lsa, "An-Nasr" saralashdan musobaqani boshlaydi. Ammo pley-offda Ronaldu va uning sheriklari "Navbahor" yoki OKMK bilan to‘qnash kelmaydi. Xullas, Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichi bizning jamoalar va umuman, o‘zbek futbol muxlislari uchun ham syurprizlarga boy bo‘lishi kutilmoqda.
Fikrlar