
Yil yakuniga qadar professional boks olamida 3 ta super to‘qnashuv bo‘lib o‘tadi! (Anons)
2023 yil ham tobora o‘z yakuniga etib bormoqda. Joriy professional boks olamida qiziqarli janglarning guvohiga aylandik va bizni yana dekabr oyida uchta super jang kutib turibdi. Albatta, yana bir qator qiziqarli to‘qnashuvlar o‘rin olgan. Biroq, ularning darajasi yuqoridagi uchta qarama-qarshilikchalik deb bo‘lmaydi... Demak:
23 dekabr, Saudiya Arabastoni, Ar-Riyod.
Entoni Joshua (Buyuk Britaniya, 26-3,23 KO) – Otto Vallin (Shvetsiya, 26-1,14 KO)
- Og‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempioni Joshua Aleksandrp Usikka boy berilgan ikki jangdan so‘ng, ketma –ket, Jermeyn Franklin va Robert Xelleniusni mag‘lub etdi. Biroq, Otto nisbatan kuchliroq raqib va u jiddiy qarshilik ko‘rsatishi mumkin. U so‘ngi jangida rossiyalik Murat Gassievni ham mag‘lub eta oldi. Xullas, qiziqarli jangni guvohiga aylanamiz.
23 dekabr, Saudiya Arabastoni, Ar-Riyod.
Deontey Uaylder (AQSh, 43-2-1, 42 KO) – Jozef Parker (29-2,20 KO)
- Professional boks olamida juda kuchli zarbasi bilan tanilgan Uaylderning jangini sog‘inganlar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. U Tayson Fyuri bilan so‘ngi ikki jangidagi mag‘lubiyatdan keyin. “Qaytish” jangini o‘tkazdi va Robert Xelleniusni nokautga uchratgandi. Shu tariqa u 1 yillik tanaffusdan so‘ng yana ringga qaytmoqda. Parker ham yaxshi saviyadagi bokschi sanaladi. U uch mag‘lubiyatini Jo Joys, Entoni Joshua va Dillian Uaytdan qabul qilib olgan. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Parker yaxshi atlet, biroq bu jangda favorit baribir Uaylder sanaladi. Ammo bu professional boks va boz ustiga og‘ir vazn toifasi. Natija qanday bo‘lishidan qa’tiy nazar, muxlislar aslo zerikib qolmaydi.
26 dekabr, Yaponiya, Tokio.
Naoe Inoue (25-0,22 KO) – Marlon Tapales (35-3,18 KO)
- Birinchi yarim engil vazn (55,3 kg) toifasida mutlaq jahon chempionligi uchun o‘tkaziladigan jang. Yaponiyalik “Monstr” vaznini ko‘tarib, bu divizionda ham hukmronlikni to‘laligicha o‘rnatmoqchi. Raqib Marlon Tapales o‘zbekistonlik boks ixlosmandalariga yaxshi tanish. U Murordjon Ahmadalievdan IBF va WBA chempionlik kamarlarini tortib olgandi. Inoue esa Stiven Fultonni mag‘lub etib, WBC va WBO kamarlariga ega chiqqandi. Xullas, super to‘qnashuv! Ammo, barchasi Inoue uchun tashkil qilingandek, chunki jang Yaponiyada o‘tkaziladi. Bu ham “Monstr” uchun plyus jihat. Qolaversa, uning imkoniyati ham Tapalesdan yuqori baholanmoqda. Shubhasiz, favorit Inoue! Ko‘ramiz, Tapales professional boksdagi bu iqtidorga qarshi qanday chora qo‘llar ekan,..
Fikrlar