
XXI asrda tarix yaratgan Paralimpiyachilarimiz haqida 21 ta fakt!
Parij-2024 XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasining qayd etgan yuqori natijalari hali hamon yurtdoshlarimiz orasida keng muhokama qilinmoqda. Biz esa ushbu mavzu sovumasdan delegatsiyamizning Frantsiya poytaxtida o‘tkazilgan o‘yinlarda qayd etgan qiziqarli faktlarini e’tiboringizga havola etamiz.

1. O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor eng ko‘p para atletlar bilan, ya’ni 9 ta sport turi bo‘yicha 65 nafar sportchi (29 nafar ayollar) bilan ishtirok etdi.

2. O‘zbekiston delegatsiyasi medallar sifati bo‘yicha o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi (10 ta oltin, 9 ta kumush, 7 ta bronza).
3. O‘zbekiston Paralimpiya o‘yinlaridagi eng yaxshi natijani qayd etib, umumjamoa hisobida 13-o‘rinni egalladi va kuchli 15 talikdan joy oldi. Delegatsiyamiz umumjamoa hisobida Osiyo davlatlari orasida 3-o‘rinni (1-o‘rin Xitoy, 2-o‘rin Yaponiya) hamda Markaziy Osiyo, MDH, Islom davlatlari va Turkiy davlatlar tashkilotlari orasida 1-o‘rinni egalladi.

4. Parij-2024 Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston tarixida ilk bor 11 nafar ayol sportchilarimiz medal qo‘lga kiritdi. (Rio-2016 Paralimpiya o‘yinlarida 8 nafar, Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida 10 nafar)

5. Para taekvondo bo‘yicha jamoamiz umumjamoa hisobida kuchli uchlikdan joy oldi (1-o‘rin Buyuk Britaniya, 2-o‘rin Turkiya).

6. Para engil atletika bo‘yicha erkaklar jamoamiz medallar sifati bo‘yicha umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi va kuchli uchlikdan joy oldi. (1-o‘rin AQSh 9 ta oltin, 2-o‘rin O‘zbekiston 6 ta oltin, 3-o‘rin Xitoy 5 ta oltin)

7. Para o‘q otish bo‘yicha terma jamoamiz a’zosi Server Ibragimov (46 yosh) Paralimpiya o‘yinlari sovrindori bo‘lgan O‘zbekiston tarixidagi eng yoshi katta sportchiga aylandi.

9. Shahinaxon Yigitalieva (15 yosh) O‘zbekiston tarixida hamda dunyo tarixida para engil atletika tarixida Paralimpiya o‘yinlari sovrindori bo‘lgan eng yosh sportchi bo‘ldi.

10. Xusniddin Norbekov uch karra Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan O‘zbekiston tarixidagi ilk sportchiga aylandi.

11. Bobirjon Omonov va Sherzod Nomozov Paralimpiya o‘yinlarining ikki karra g‘olibi bo‘ldi.

12. Nurxon Qurbonova va Tolibboy Yo‘ldashev Parij-2024 Paralimpiya o‘yinlarida delegatsiyamizning multimedalchilariga aylandi. Ular bittadan oltin va bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
13. Asila Mirzayarova, Mohigul Xamdamova, Elbek Sultonov, Uchqun Kuranbaev, Karomatov Dovurxon, Guljanoy Naimova, Ruza Kuzieva va Server Ibragimov Paralimpiya o‘yinlarining ikki karra sovrindori bo‘ldi.
14. Safiya Burxanova, Doniyor Soliev va Muslima Odilova Paralimpiya o‘yinlarining uch karra sovrindori bo‘ldi.

15. 17 yoshli Ruxshona O‘ktamova 114 kg natijasi bilan yoshlar o‘rtasidagi Jaxon rekordini yangiladi.

16. Asila Mirzayorova uzunlikka sakrash dasturida 5.24 metr natija qayd etish orqali Paralimpiya o‘yinlarida 28 yil avval ispaniyalik sportchi tomonidan qayd etilgan
Paralimpiya o‘yinlari rekordini (5.07 metr) 17 sm farq bilan yangiladi.

17. Bobirjon Omonov yadro uloqtirish dasturida 14.32 metr natijasi orqali Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida o‘zi o‘rnatgan 14.06 metrli Paralimpiya o‘yinlari rekordi yangiladi.

18. Xusniddin Norbekov yadro uloqtirish dasturida 16.82 metr natija qayd etib, 16 yil avval Pekin Paralimpiya o‘yinlarida xitoylik sportchi o‘rnatgan 16.22 metrli Paralimpiya o‘yinlari rekordi yangiladi.

19. Nurxon Qurbonova nayza uloqtirish dasturida 21.12 metr natija ko‘rsatib, 2016 yilgi Paralimpiya o‘yinlarida nigeriyalik sportchi tomonidan (20.25 metr) o‘rnatilgan Paralimpiya o‘yinlari rekordi va 2024 yil jahon chempionatida o‘zi o‘rnatgan (20.73 metr) rekordlarni yangiladi.

20. Yorqinbek Odilov nayza uloqtirish bo‘yicha 50.32 metr natija qayd etib, Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida eronlik sportchi tomonidan (49.56 metr) o‘rnatilgan Osiyo rekordini yangiladi.

21. Shahinaxon Yigitalieva nayza uloqtirishda 43.12 metr natija qayd etib, 2019 yil xitoylik sportchi tomonidan o‘rnatilgan (41,97 metr) Osiyo rekordini yangiladi.
Baxtiyorjon Toshtemirov tayyorladi.
Fikrlar