
Xaridor ko‘payib ketdi: “Lans” Husanovni qanchaga qo‘yib yuborishi ma’lum bo‘ldi!
Qishki transfer oynasi tobora yaqinlashib kelmoqda. Kuchli klublar o‘z tarkibini mustahkamlash uchun butun Evropa bo‘ylab yangi iste’dodlarni qidirmoqda. Ana shunday xaridori ko‘p o‘yinchilarga ega jamoalar esa, tushumlarni hisob-kitob qila boshladi.
Oldindagi transferlar davrida bozori qaynaydigan o‘yinchilardan biri Abduqodir Husanov bo‘ladi. 20 yoshli himoyachi joriy mavsum boshidan beri klubi “Lans”da ham, O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham yuqori salohiyati, iste’dodi va mahoratini namoyish qilib kelmoqda.
Ayniqsa, legionerimizning universalligi, himoyaning har qanday nuqtasida ishonchli o‘ynay olishi, hujum tashkil qilishi, maydonni yaxshi ko‘ra olishi, aniq paslari va xavfli zarbalari unga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirib kelmoqda.
Frantsiya ommaviy axborot vositalari Abduqodir Husanovning transfer imkoniyatlarini o‘rganib chiqdi va “Lans” bu savdodan qancha daromad ko‘rmoqchi ekanini hisob-kitob qildi.
Sports.uz portali ikki nufuzli manbaning o‘zbek futbolchisi atrofidagi vaziyat bo‘yicha chiqargan ma’lumotlarini futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qiladi.
Leons Siriak, foot-sur7.fr sayti eksperti:
“Lans”da o‘ynayotgan o‘zbek himoyachisi Abduqodir Husanov qishki transferlar oynasi ochilishiga bir necha hafta qolgan pallada takliflarga ko‘milib ketdi. Futbolchi atrofida yuzaga kelgan raqobat oqibatida uning narxi keskin oshmoqda.
Yosh o‘zbek legioneri juda yaxshi sport formasida ekanini “Lans” o‘yinlarida namoyish qilib kelmoqda. Uning muvaffaqiyatli o‘yinlari Evropaning bir necha klublari e’tiborini torta boshlagan.
Taniqli insayder Muhammaj Tubash-Ter PSJ Husanovni ko‘zlayotganini birinchi bo‘lib yozgandi. Parijliklar “dans” o‘yinchisini poytaxtni tark etish ehtimoli katta bo‘lgan Milan Shkrinyar o‘rniga yanvarda olib kelmoqchi.
Husanovga Frantsiyada yana bir jiddiy talabgor bor. Taniqli mutaxassis Roberto De Dzerbi boshqarayotgan “Marsel” rahbariyati himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinchisini olib kelmoqchi.
NEWS.DAYFR.COM portali:
O‘zbek futbolchisi Abduqodir Husanov atrofida jiddiy raqobat yuzaga kelgan. Xorij klublaridan bir nechtasi uni qo‘lga kiritishga urinib ko‘radi. O‘yinchi uchun kurashga oxiri bo‘lib, Xabi Alonso boshqarayotgan Germaniya chempionlari – “Bayer” qo‘shilgan edi.
Turli ommaviy axborot vositalari va manbalar “Arsenal”, “Tottenxem” va “Chelsi” kabi Angliya grandlari yanvarda Husanovni olish uchun harakat qilayotgani haqida ma’lumot chiqardi.
Bundan e’tibor ortidan himoyachining narxi ko‘tarilyapti. The Team hamda L'Equipe kabi manbalarning ma’lum qilishicha, Husanovning transfer narxi hozirning o‘zida 10 million evrodan o‘tib ketgan. Lekin bu narx “Lans”ni umuman qoniqtirmaydi.
Transferlarga ixtisoslashgan italiyalik insayder Nikolo Skira “Lans” rahbariyati 2023 yilning yozida 100 ming evroga olingan Husanovning transferi uchun 40 MILLION EVRO talab qilishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumot chiqardi.
Ta’kidlash joizki, Husanovga bunday katta summa belgilangani bejiz emas. Yaqinda bir necha manba “Lans” Nil Al-Aynaui va Kevin Dansoning transferi barbod bo‘lishi ortidan 40 million evro miqdorida defitsitga to‘qnash kelayotgani haqida xabar bergan edi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, “Lans” ikki maqsadni ko‘zlagan. Birinchisi, agar Husanovni belgilangan 40 million evroga oladigan grand klub topilsa, lansliklar defitsit masalasini bittada yopadi. Ikkinchidan, “Lans” ishongan o‘yinchisi transferiga juda katta badal puli talab qilish orqali Abduqodirni o‘z tarkibida saqlab qolishni ko‘zlayotgan bo‘lishi mumkin.
Xullas, oldindagi qishki va yozgi transfer oynalari davrida Abduqodir Husanov atrofida “qaynoq xabar va yangiliklar” juda ko‘p bo‘lishi kutilmoqda. Kutamiz, vaziyat qanday davom etishini vaqt ko‘rsatadi...
Fikrlar