Vladimir Klichkoni mag‘lub etgan o‘zbekistonlik bokschini bilasizmi?
Muaytay bo‘yicha 5 karra jahon chempioni, Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari chempioni (Bankok) Erkin Quttibaevni o‘zbek sport muxlislari yaxshi bilishadi. Taylarning milliy sport turida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritgan hamyurtimiz ukrainalik mashhur Vladimir Klichkoni ham mag‘lub etganligini eshitgan edik. Aka-uka Klichkolar o‘z vaqtida kikboksingda ham faoliyat yuritaganligi uchun aynan ushbu voqeylik mazkur yakkakurashda bo‘lgan bo‘lsa kerak deb o‘ylardim. Aslida ham shundaymi? Bunga oydinlik kiritish uchun Erkin aka bilan bog‘landik...
- Erkin aka siz o‘z vaqtida Vladimir Klichkoni mag‘lub etgan ekansiz?
- Ha, shunday bo‘lgandi.
- Kikboksingdami yoki u ham muaytay bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etganmi?
- Yo‘g‘ey... Uni boksda yutganman. Men aslida boks bilan shug‘ullanganman. Keyinchalik muaytayga o‘tgandim.

- Ochig‘i, bunga hayronman... Demak rasmiy musobaqalarda emas?
- Bilasizmi, buning o‘z tarixi bor. Men 1989-1994 yillar Ukrainda Kiev davlat muxandislik va arxitektura universtitetida o‘qiganman. Boks bo‘yicha Ukrainada sport ustasi darajasini qo‘lga kiritgandim. Uch marta Kiev shahri chempioni ham bo‘lishga erishdim. Klichko bilan Ukraina chempionatiga saralash bahslarida to‘qnash kelganman.
Men Kiev shahri chempioni, u esa Kiev viloyati chempioni edi. Shunda murabbiylari kelib, chempionatga Vladimir boradi deyishgan. Men rozi bo‘lmadim ya’ni saralashda ishtirok etsin. Mayli, meni mag‘lub etsa bemalol deya javob berganman.
Shunday qilib, u bilan jang o‘tkazib, g‘alaba qozonganman.
- Jang qanday kechgandi?
- Uni qo‘llab-quvvatlash uchun juda ko‘p muxlislar tashrif buyurgandi. Birinchi raund u hujumga o‘tdi. Men ikkinchi raqamli bo‘lib, qarshi zarbalarda uni tutib olaverdim. Butun arenani Vova-Vova degan hayqiriqlar bosib ketgandi. Raund oxirida ketma-ket qarshi zarbalarim manzilga etib borgach, zaldagi baqir-chaqirlar ham pasaya boshladi. Ikkinchi raundda men birinchi raqamli bo‘lib, harakat qildim. Aniq zarbalar yo‘llay boshladim.
Endi, uni qo‘llab-quvvatlayotganlar juda ham kamayib ketdi. Uchinchi raunda to‘la ustunlika erishdim. Muxlislar deyarli o‘chdi. Birgina akasi Vitaliy Klichko asabiylashib, baqirar edi. Birinchi raundda katta kuch sarflab, birorta zarba yo‘llay olmaganidan Vladimir qattiq asabiylashib, jang nazoratini qo‘ldan chiqargandi. Bundan men unumli foydalanganman. U birorta aniq va kuchli zarba yo‘llay olmagan.

- Demak, Ukraina chempionatiga siz borgansiz?
- Albatta, 3-o‘rinni qo‘lga kiritganman. Keyinchalik Sobiq ittifoq tarqalib, o‘zgarishlar yuzaga kelgan va boshqa chempionatda ishtirok etish nasib qilmagan.
- Sabab nima bo‘lgandi?
- Moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga kelgan. U erda bokschilar juda ko‘p edi. Shuning uchun, bokschilarga homiy topish qiyin bo‘lgan. O‘sha qiyinchilik davrda menga muaytayga o‘tib, musobaqalarda ishtirok etishim uchun moliyaviy tomondan ta’minlaydiganlar topilib qolgandi.
- Sizni boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida ishtirok etganligingizni eshitganmiz. Demak, keyinchalik yana boksda o‘zingizni sinab ko‘rgansiz?
- Shunday bo‘lgan. O‘shanda “Jakson” turnirini yutganman. Mamlakat chempionatida ishtirok etib, finalda Ruslan Chagaevga mag‘lub bo‘lgandim.
- Chagaev bilan jang qanday bo‘lgan?
- O‘sha vaqtlar Ruslanning yulduzli onlari edi. Lekin jiddiy qarshilik ko‘rsata olganman deb o‘ylayman. Kichik ustunlik evaziga g‘alaba qozongan. Men finalga qadar uchta raqibimni nokautga uchratib etib kelgandim. Oradan ko‘p o‘tmay sportchilik faoliyatimni yakunlaganman.




Fikrlar