
Vinisius Juniorni pul “aynitdi”
Ispaniyaning amaldagi chempioni “Real” yangi mavsumning ilk uchta uchrashuvidan ikkitasida ochko yo‘qotdi. “Las-Palmas” maydonida bo‘lgan uchrashuvda Vinisius Junior penaltidan to‘p kiritib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
Biroq braziliyalik yulduzning o‘yinida pasayish davom etmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, “Qirollik klubi” rahbariyati Vinisiusning jismoniy va ruhiy holatidan xavotirda.
Marca nashrining yozishicha, hujumchi o‘ziga o‘xshamayapti. Klub mutasaddilari bunga Vinisius yozda Saudiya Arabistonidan misli ko‘rilmagan taklif olgani bilan izohlamoqda. Ma’lumki, shayxlar Vinisius transferi uchun “Real”ga bir milliard badal puli, o‘yinchining o‘ziga har mavsum uchun 350 million evro maosh taklif qilgan edi.
Bundan tashqari, klub rahbariyatini braziliyalik yana bir hujumchi Rodrigoning holati ham qoniqtirmayapti. Bu futbolchi ham keyingi o‘yinlarda o‘z darajasida o‘yin ko‘rsata olmayapti.
Fikrlar