Vadim Abramov: "Kurashishda davom etamiz, nima bo‘lishini kuzda ko‘ramiz"

  • 17 avgust, 06:46
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 19-turidan o‘rin olgan «Dinamo» - OKMK (1:0) o‘yinidan keyin dastlab mezbonlar bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida qatnashib, jurnalistlar savollariga javob qaytardi. Bu xususida klub matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tecno

- Avvalo, har o‘yinda stadionimizni to‘ldirayotgan samarqandlik muxlislarni bugun nihoyat g‘alaba bilan xursand qila olganimizdan mamnunman. Ularning qo‘llab-quvvatlashi ostida yigitlar mana shunday qiyin o‘yinlarda kuch olib, oxirigacha kurashishmoqda. OKMK – asosiy raqiblarimizdan biri, yaxshi jamoa, ularni mag‘lub etish ikki karra quvonarli. Taqvim zich, vaqt tig‘iz, shunga qaramay keyingi o‘yinlargacha tezroq tiklanib olishimiz kerak.

- OKMK so‘nggi daqiqalardagi kambeklari va oxirigacha kurashishi bilan ajralib turadi. Raqibni to‘xtatish uchun qaysi omillarga e’tibor berdingiz?

- Raqib standartlarda kuchli ekanini bilardik, shu bois zaxiradan tushirilgan o‘yinchilarni ham ikkinchi qavatdagi kurashlarda yutqazib qo‘ymaslikni o‘ylab amalga oshirdik. Shunga qaramay, raqib jamoa bosim o‘tkaza oldi. Yana uch kun o‘tib bizni o‘yin kutmoqda. Kuchni to‘g‘ri taqsimlashimiz kerak. Mana shunday o‘yinlar orqali jamoa kuchayadi va o‘ziga ishonchi ortadi.

- Bugun tarkibda jiddiy o‘zgarishlar ko‘rdik – Edem Nemanov Superligada ilk bor asosiy tarkibda tushdi, Hojimirzaevni hujum markazida ko‘rdik. Bu zich taqvim paytida rotatsiyami yoki hozirgi vaziyatda shunday o‘zgarishlarga majbur bo‘ldingizmi?

- Buni rotatsiya ham deyish mumkin. Ammo biz raqib jamoani o‘rganamiz va ularning standart vaziyatlarda darvoza oldida ikkinchi qavatda o‘ynashini bilardik. Asosiy darvozabonimiz bo‘yi uncha baland emas, shu bois bo‘ydor Nemanovga ishonch bildirdik. Hojimirzaevning hujum markaziga qo‘yganim esa Ulug‘bek Hoshimovning jarohati bilan bog‘liq. Bu vaziyatdan shunday o‘zgarish orqali chiqib ketish mumkin edi. 

- O‘tgan yil viloyat hokimligi jamoaga qarorgoh qurib berishi haqida gapirgan edingiz. Bu borada yangiliklar bo‘ldimi?

- Bunga vaqt talab etiladi. Bu borada o‘zgarishlar bor, viloyatimiz hokimidan minnatdormiz – jamoaga e’tibor qaratmoqda. Bu borada ishlar olib borilyapti, umid qilamanki shu yilning o‘zidayoq jamoa o‘z qarorgohiga ega bo‘ladi. Ya’ni, baza tayyor, faqat uni tartibga keltirib, rekonstruktsiya qilish kerak. Bu masalada ishlar olib borilyapti.

- Marko Stanoevich «Paxtakor»ga qarshi o‘yinda kech tushgandi, bugun esa ertaroq tushib, tezkorligi yuqori bo‘lmasa-da, harakatlari bilan maydon markazida tartib o‘rnatdi...

- Markoning maydon markazida tartib o‘rnatishi uchun ham tushirdik. U zarba yo‘llash uchun yaxshi imkoniyatga ega bo‘lgandi, ammo negadir bunday qilmadi. U va Mirahmadov maydonga tushib, ikkinchi qavatdagi kurashlarga yordam bera olishdi. Mirjahon raqib vaziyatini boshi bilan qaytarib qoldi. 

- Ulug‘bek Hoshimovning holati qanday, uni yaqin orada maydonda ko‘ramizmi?

- Biz ham barchasi yaxshi bo‘lishiga umid qilyapmiz. Klub shifokorlari tavsiyasi bilan uni bugun maydonga tushirib tavakkal qilishni istamadik. «So‘g‘diyona»ga qarshi o‘yingacha safga qaytadimi yoki yo‘q, o‘yingacha ma’lum bo‘ladi. 

- Turnir jadvali yuqori qismida jiddiy kurash kechmoqda. «Nasaf», «Neftchi» va boshqa raqobatchilar tarkibi va byudjeti jihatdan «Dinamo»dan ancha kattaroq imkoniyatga ega ekani barchaga ma’lum. Hozirgi holatda chempionlik uchun imkoniyatlar qay darajada?

- Imkoniyat barchada bir xil. Axir, futbolni pullar o‘ynamaydiku! Futbolchilar maydonda o‘ynaydi. Kurashishda davom etamiz, nima bo‘lishini esa kuzda ko‘ramiz. Mavsumni «Nasaf»ga qarshi o‘yin bilan tugatamiz va umid qilamanki ungacha kurashda qolamiz. Bugungi o‘yin uchun Samarqand ahli, muxlislarga rahmat. Ular bizga 12-o‘yinchi sifatida qo‘shimcha kuch bermoqda va so‘nggi daqiqalarda bu juda muhim. Muxlislarni xursand eta olganimizdan juda mamnunman, dedi Vadim Karlenovich matbuot anjumanida.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!