
UFC qirolichalarining jangi borasida o‘zbek MMA malikalarining taxminlari...
17 sentyabr kuni AQShning Las-Vegas shahrida "UFC Fight Night 227" turniri tashkil etiladi. Markaziy jangda Qirg‘iziston vakilasi Valentina Shevchenko hamda meksikalik Aleksa Grasso to‘qnash keladi. Bu ularning revansh jangi bo‘lib, avvalgisida Grasso sensatsion tarzda g‘alaba qozongan edi. Biz an’anaga muvofiq tarzda ushbu jang haqida o‘zbekistonlik MMA jangchilarini fikri bilan qiziqdik. Avvalgilardan farqli ravishda bu safar MMA malikalari ushbu jang borasidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Go‘zal Bekmirzaeva - murabbiy
- Avvalgi jangda ham Valentinaning g‘alaba qozonishiga ishongandim. Lekin Grasso yaxshi harakat qilib, g‘alaba qozongandi. O‘shanda Valya o‘ziga o‘xshamagan edi. Ehtimol, raqibasini kuchiga past baho bergandir. Lekin bu safar u bunday xatoga yo‘l qo‘ymaydi va katta ustunlik bilan g‘alaba qozonadi, deb o‘ylayman. Imkoniyatlarni 70/30 deya baholagan bo‘lardim.
O‘g‘iloy Nasimova - MMA jangchisi
- Menimcha Shevchenko yutadi. Chunki kamarni kaytarib olish uchun bor kuchini bersa kerak. Bu safargi jangga u har tomonlama yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan, deb uylayman. To‘g‘ri, Aleksa Grasso xam osonlikcha taslim bo‘lmaydi. U ham juda kuchli jangchi. Biroq, shaxsiy fikrim Shevchenko yutadi. O‘zim ham uning yutishini xohlayman.☺️
Madinabonu Salohiddinova - MMA jangchisi
- Juda qiziqarli jang bo‘ladi. Birinchi jangdagi mag‘lubiyat Shevchenkoga katta motivatsiya beradi. Valentina bu safar yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan va uning "stoyka"dagi ustunligi jang taqdirini hal qiladi. Jang to‘liq davom etsa kerak va unda Valentina katta ustunlik bilan g‘alaba qozonadi.
Mushtariy Jarkova - MMA jangchisi
- Albatta, Valentina Shevchenkoga muxlisalik qilamiz. Uning jang olib borish uslubi menga yoqadi. Avvalgi safargi mag‘lubiyati shunchaki tasodif deb o‘ylayman. Nazarimda u yaxshi tayyorgarlik ko‘ra olmagan yoki ruhiy jihatdan tayyor emasdi. Ammo bu safar u g‘alabaga chanqoq va u revanshda Grassoga imkoniyat qoldirmaydi. Imkoniyatlarni 60/40 degan bo‘lardim.
Hurshida Roziqova - MMA jangchisi
- Qiziqarli jang bo‘ladi. Aleksa Grasso ham osonlikcha taslim bo‘ladiganlardan emas. Birinchi jangda buni isbotlagan. Lekin Valentina bu safar yaxshiroq harakat qilishiga ishonyapman va katta ehtimol bilan u g‘alaba qozonadi. Menimcha hakamlar xam UFC rahbariyati ham ularning trilogiyasini tashkil qilishni xohlashsa kerak. Chunki, bu divizionga bo‘lgan e’tibor va muxlislarning qiziqishlari ham inobatga olinadi. Sababi bu divizion anchagina zerikarli bo‘lib ketgandi.
Aynura O‘razalieva - MMA jangchisi
- Valentina Shevchenko UFCdagi umuman jahon MMAsidagi eng kuchli jangchi desam adashmayman. Uning Grassoga mag‘lubiyati kutilmagan bo‘ldi. Menimcha u o‘sha jangga tayyor emasdi. Bu safar esa unda hammasi joyida. Grassodan kuchli raqibalarga ham imkoniyat qoldirmagan. Agar, Shevchenkoda ruhiy holat joyida bo‘lsa, Grasso unga qarshilik ko‘rsata olmaydi. O‘ylashimcha bu safar Valentina muddatidan avval g‘alaba qozonadi.
Zilola Muhammadova - MMA jangchisi
- Birinchi jangdan farqli ravishda bu safar oktagonda Valentina Shevchenko hukmronlik qiladi. Uning "stoyka"si Grassodan bir bosh ustun deb o‘ylayman. Avvalgi mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa qilgan va bu safar Grassoni shunchaki "yanchib" tashlaydi. Uzog‘i bilan 3-raundda jang o‘zi yakuniga etadi.
Fikrlar