
Turli manbalardagi yolg‘on xabarlar, Kucherenko bilan aloqalari va boshqa jamoalardan tushgan taklif haqida Ro‘ziqul Berdiev bilan katta intervyu
"Nasaf" jamoasida bo‘layotgan muammolarni ochiqlash maqsadida Ro‘ziqul Berdiev bilan bog‘landim. Deyarli 1 soat davom etgan suhbatdan so‘ng, ko‘ngil ancha taskin topdi. So‘nggi paytlarda, murabbiy haqidagi turli manbalarda e’lon qilingan mish-mishlar, klub kelajagi va jamoaning OFK kubogidagi imkoniyatlari borasida uzoq so‘zlashdik.
- Ro‘ziqul aka ayni damda Kucherenko bilan munosabatlaringiz qanday? OAV e’lon qilgan ma’lumotlar qay darajada to‘g‘ri?
- To‘g‘risi, men va Kucherenko o‘rtasida hech qanday janjal bo‘lmagan. Afsuski, ushbu voqea haqida turli mish-mishlar tarqalib ketdi. "Ular bir qozonda qaynamaydi, Berdiev yoki Kucherenkodan biri ketishi kutilmoqda" va shu kabi turli yolg‘on ma’lumotlarni o‘qib biroz g‘alati bo‘ldim. Aslida, hech qachon bunday gap-so‘z bo‘lmagan. To‘g‘ri, biz Kucherenko bilan qalin do‘st emasmiz, lekin ishda bir-birimizni hurmat qilamiz. O‘tgan yili ham birgalikda klubni chempionatda ikkinchi o‘ringa olib chiqqan edik. Bu yil ham ishdagi muammolarni birga hal qilib natija ko‘rsatmoqchimiz. Jamoaning natijasi yomonlashsa, barcha ayb meni zimmamga tushadi.
Jamoamning o‘yiniga va ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni aytib o‘tishim shart. Ertaga, ularga motivatsiya berishning imkoni bo‘lmay qolgandan ko‘ra, hozir ochiqchasiga so‘zlaganim yaxshiroq. E’tibor bergan bo‘lsangiz, matbuot anjumanida men hech kimni ishdan ketishi kerakligi haqida fikr bildirmaganman. Ayrim manbalar yozganidek, ichki muhit ayanchi ahvolda emas. Shunchaki, murabbiy sifatida tashkiliy masalar borasida kamchiliklar haqida aytishim shart. "Nasaf" bir oila. Har qanday oilada kelishmovchilik chiqishi aniq. Bu normal xolat. Nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoda bunday voqea sodir bo‘lib turadi. Klubda kimnidir qolishi yoki ketishi borasida hech qanday savol ham bo‘lmagan. Ertaga biz O‘zbekiston sha’nini OFK kubogida himoya qilamiz.
Turnirdagi ishtirokimiz kelajakda OChL kvotalarimizga ta’sir ko‘rsatadi. Shunday ekan, o‘zbek futboli rivoji uchun tashkiliy masalalar borasida fikr bildirdim. Buni to‘g‘ri tushunasizlar degan umiddaman. O‘z manfaatimni ustun qo‘ymadim. Shunchaki, yigitlarim bundan yaxshirog‘iga loyiq ekanligini aytmoqchi bo‘ldim xolos.
- "Nasaf" futbolchilarining kayfiyati qanday? Jamoada ichki muhit qay darajada?
- "SPORTS.uz"ning "You Tube" kanalidagi podkastda aytib o‘tganingizdek, qo‘rqinchli joyi yo‘q. Biz hali jarlikka qulamadik. Hech narsa boy berilmadi. 3 ta frontda ham muvaffaqiyatli kurash olib boryapmiz. Vaziyatni o‘nglashga kuchimiz etadi. Hozir MTJga 4, yoshlar terma jamoasiga 3 futbolchimiz yo‘l olgan. Shu bois, "Turon"ga qarshi bahs oldidan to‘liq tarkibsiz mashg‘ulotlar o‘tkazyapmiz.
- Sizda takliflar bo‘lishiga qaramay, nega jamoa bilan ishlashda davom etyapsiz? Bu erda sizni nima ushlab turadi?
- Faoliyatimning katta qismi "Nasaf"da o‘tgan. Murabbiy sifatida ham aynan shu erda ish boshladim. Hayotimda nimaga erishgan bo‘lsam, barchasiga klub sababchi. Men doim jamoaga kerak ekanligimi his etganman. Menga ishlash uchun sharoit yaratib berishgan. Qancha klubga kerak bo‘lsam, shuncha ishlab berishga tayyorman. Albatta, yil boshida va o‘rtasida menga bir nechta takliflar bo‘ldi. Ularning barchasiga bir javobni aytganman. Hech qachon "Nasaf"dan o‘z xohishim bilan ketmayman. "Nasaf" mening hayotim. Tirik ekanman, klubning jonkuyari bo‘lib qolaveraman. Agar klub mening xizmatlarimga extiyoj sezmasa, ana shunda boshqa takliflarni ko‘rib chiqishim mumkin.Rahbariyatning har qanday qarorini to‘g‘ri qabul qilishimiz kerak.
- "Nasaf"ning moliyaviy ahvoli qanday? Yigitlarning o‘yiniga bu omil ta’sir ko‘rsatadimi?
- Futbolchilar ham inson. Ularga psixologik oson emas. Shunga qaramay, ularga bu yoshda pulni birinchi o‘ringa qo‘ymaslik kerakligini uqtiraman. Bizda bu birinchi marotaba emas. O‘tgan yili ham deyarli 6-7 oy maosh olmay, chempionatda yaxshi natija qayd etdik. O‘ylashimcha, pandemiya chog‘ida O‘zbekistondagi deyarli barcha klubda bunday muammolar mavjud. Maoshlar va ko‘tarma pullar o‘z yo‘liga. Birinchi navbatda, klub manfaati turadi. Yigitlar maydonga chiqib kelyaptimi, o‘rtada shartnoma bormi? Demak, 90 daqiqa bor kuchini ishga solish shart. To‘g‘ri, so‘nggi paytlarda ko‘p ochko yo‘qotdik, biroq hech bir bahsda ishtiyoqsiz to‘p surganimiz yo‘q. AGMK va "Paxtakor" bilan bahsda xarakter ko‘rsatdik. Engilgan uchrashuvlarimizda esa, qaerdadir xato qilgan bo‘lishimiz aniq. Biz bu o‘yinlarni ko‘rib chiqdik. To‘g‘ri xulosa chiqaramiz va keyingi o‘yinlarda ijobiy natija qayd etamiz.
- Matbuot anjumanida tashkiliy ishlar borasida bildirgan fikringiz shu qadar katta shov-shuvga sabab bo‘ladi, deb o‘ylaganmidingiz?
- Ochig‘i, buni kutmagan edim. Menga jurnalistlar klub haqida savol yo‘lladi. Haqiqatni aytdim. Berkitishni nima keragi bor? Futbol ichidagi barcha ahvolimizni yaxshi biladi. "Hammasi a’lo" darajada desam, erta-indin yolg‘on gapirganim ma’lum bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, hammasini ochiqchasiga aytdim. Nimadir yashirmoqchi bo‘lsang, ertaga o‘z boshingga muammo orttirib olishining aniq. Men muxlislarni va jurnalistlarga yolg‘on gapirishni istamadim. Kamchiliklar bor, ammo ularga echim topamiz.
- Siz jamoadan ketish arafasida turganingiz haqidagi yolg‘on ma’lumotlar omma yuzini ko‘rgach, ko‘plab insonlardan qo‘ng‘iroq bo‘lgani aniq?! Muxlislarning ishonchi sizga motivatsiya beradimi?
- To‘g‘ri, men klub bilan ulkan yutuqlarga erishmadim, ammo xalqni mehrini qozondik. Bu men uchun eng katta yutuq. Hozir o‘sha erishgan mavqeyimizni yo‘qotmaslik uchun harakat qilyapmiz. To‘g‘ri, hamma muxlislarga yoqishni imkoni yo‘q. Natija bo‘lmagan o‘yinlarda ular bizdan ranjishi turgan gap. Asosiysi ularning ishonchini oqlash. Bizga ishonadiganlar uchun mehnat qilishda davom etamiz.
- OFK kubogida "Nasaf" negadir so‘nggi daqiqalarni juda bo‘sh o‘tkazmoqda. Bu nima bilan bog‘liq?
- "Ahal" bilan bahsning birinchi bo‘limdan so‘ng, kiyinish xonasida yigitlarga kerakli gaplarni aytdim. Ularga o‘yin bermaganimizni, imkon bersak, raqib o‘z kuchini ko‘rsatishidan ogohlantirdim, lekin baribir bo‘shashdik. Natija 2:2 bo‘lgachgina, futbolchilar harakatni boshladi. Sezgan bo‘lsangiz, AFK kubogidagi guruh bosqichida ham shunday holat yuzaga kelgandi. Biz bu o‘yinlarni to‘liq tahlil qilib chiqdik. Kamchiliklar ustida ishlayapmiz. Afsuski, ba’zan bizga "vojak" etishmayapti. Umar va Marko tabiatan kamtar insonlar bo‘lgani uchun kerakli pallada jamoani uyg‘ota olmay qolgan paytlar ham bo‘ldi. Shu bois, xalqaro o‘yindagi tajribasizlik pand berib qo‘ydi. Hindiston klubi bilan bo‘ladigan o‘yinda kontsentratsiyani yo‘qotmaslikka harakat qilamiz.
- Keyingi bosqichdagi raqibning 2-3 o‘yinini ko‘rdim. To‘g‘risi, hayron qoldim. Kuchli legonerlarga ega klub "inglizcha" stilda to‘p surar ekan?!
- Biz ham bir nechta o‘yinni ko‘rib chiqdik. Tarkibida Avstraliya, Irlandiyadan legionerlar bor ekan. Aytganingizdek, uzun paslar orqali inglizcha futbol namoyish etmoqda. Shunga qaramay, o‘z jamoamning ham imkoniyatlarini yaxshi bilaman. Nasib qilsa, chiroyli o‘yin namoyish etib muxlislarni xursand qilish niyatidamiz.
- Keyingi bahsga muxlislar kiritilsa, "Nasaf"ga bu qo‘l keladimi? Balki, to‘la tribunalar to‘lsa, 90 daqiqa kurash ko‘rarmiz?
- Albatta, bu bizning foydamizga ishlaydi. 12 futbolchimiz tashrif buyursa, bizni to‘xtatib qolish mushkul bo‘ladi. Pandemiya sababli muxlislar bilan to‘la arenada to‘p surishning imkoni bo‘lmadi. Umid qilamanki, bizni qo‘llab-quvvatlash uchun ularda imkoniyat bo‘ladi.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev suhbatlashdi.
Fikrlar