
Terma jamoamiz ustozi Xitoyga qarshi bahsdan keyin: "Bu o‘yinlar biz uchun katta tajriba bo‘lmoqda"
O‘zbekiston U16 terma jamoamiz Xitoyda yig‘in o‘tkazib, xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazmoqda. Jumladan, o‘tgan safar Janubiy Koreya U16 termasi bilan bellashib 0:1 hisobida imkoniyat boy berildi. Ikkinchi o‘rtoqlik uchrashuvida Sergey Chigodaev boshchilik qilayotgan o‘smirlar terma jamoamiz xitoylik tengqurlariga qarshi maydonga tushdi.
Qiziqarli va hujumkor ruhda o‘tgan o‘yinda darvozalarga uchta gol urildi. Yakuniy hisob esa 2:1 Xitoy terma jamoasi foydasiga. O‘zbekiston U16 terma jamoamizdan yagona gol Ahrorbek Ravshanbekov hisobiga yozildi.
"Shenyang Urban" stadionida o‘tkazilgan uchrashuvda dastlab Kuang Jaole 2-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, birinchi bo‘limning qo‘shib berilgan daqiqalari - 45+2 da Ahrorbek Ravshanbekov muvozanatni tikladi. Biroq bahsning 88-daqiqasida Ju Yunu tomonidan kiritilgan gol evaziga Xitoy yoshlari 2:1 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdilar.
O‘yindan keyin matbuot anjumani tashkil qilindi. O‘zbekiston U16 terma jamoamiz bosh murabbiyi Sergey Chigodaev quyidagicha fikr bildirdi:
"Avvalambor, raqiblarimizni g‘alaba bilan tabriklaymiz. O‘yin qiziq va kurashlar ostida o‘tdi. Ikkala jamoa ham ko‘plab vaziyatlarga ega bo‘ldi. O‘yin golgacha bo‘ldi, ya’ni kim o‘z imkoniyatidan foydalansa g‘alaba qozonib ketdi.
Vaziyatlarimiz juda ham ko‘p bo‘ldi, lekin ularni golga aylantira olmadik. Xatolarimiz bor, o‘yinni tahlil qilamiz va kamchiliklarimiz ustida ishlaymiz. Bu o‘yinlar jamoamiz uchun katta tajriba bo‘lmoqda", - dedi Chigodaev.
Shuningdek, uchrashuvda terma jamoamiz tarkibida gol muallifiga aylangan Ravshanbekov ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Afsuski, imkoniyatlarimizdan foydalana olmadik. Etarlicha vaziyatlarga ega bo‘ldik. Raqibimiz ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi, biroq biz g‘alaba qozonishimiz ham mumkin edi. Endi keyingi o‘yinda g‘alaba qozonish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz", - deya fikr bildirdi, Ahrorbek.
Fikrlar