
Terma jamoamiz ustozi JCh qur’asidan so‘ng: "Guruhimizda Ispaniya nomdor va jarangdor. Lekin favoritni ham, autsayderni ham ko‘rmayapman"
Ma’lumki, shu yilning 10 noyabr – 2 dekabr kunlari Indoneziyada U17 jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Bo‘lajak mundial uchun qur’a tashlandi.
Demak, O‘zbekiston terma jamoamiz “V” guruhida Ispaniya, Mali va Kanada termalari bilan kuch sinashadi.
Qur’adan keyin terma jamoamiz bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullaev Sports.uz muxbirining savollariga javob qaytardi.
- U17 jahon chempionatiga qur’a tashlandi va unga ko‘ra terma jamoamiz “V” guruhida Ispaniya, Mali va Kanada bilan birgalikda joy oldi. Qur’adan oldin qaysi terma jamoalarni kutgandingiz? Umuman aytganda, qur’adan rozimisiz?
- Qur’aga keladigan bo‘lsak, bilamizki, jahon chempionatida kuchsiz raqibning o‘zi bo‘lmaydi. Biz qur’adan avval uchinchi savatchadan joy olgandik. Har qanaqasiga guruhimizdan kuchli raqiblar o‘rin olishi aniq edi. Umuman olganda, qur’a natijalaridan qoniqish hosil qildim. Guruhimizga kelsak, ha, Ispaniya terma jamoasi nomdor va jarangdor. Lekin umumiy ma’noda oladigan bo‘lsak, katta favorit ko‘rmayapman. Shu jumladan autsayder jamoani ham ko‘rmayapman. Xuddi Osiyo chempionatida joy olgan guruhimiz kabi bunda ham hamma bir-biriga yaqin jamoalardan tashkil topdi. O‘ylaymanki, guruhimizdagi har bir uchrashuv qimmatbaho ochkolarni taqdim etadigan o‘yinlar bo‘ladi. Albatta, har bir o‘yinda maydonga g‘alaba uchun tushib, muxlislarimizni xursand qilishga harakat qilamiz.
- Jahon chempionatiga qur’a tashlangach, barcha guruhlarga e’tibor qaratgan bo‘lsangiz kerak. Siz uchun “o‘lim guruhi” qaysi?
- Barcha guruhlar haqida fikr bildiradigan bo‘lsam, ko‘pchilik Eronni juda kuchli guruhga tushdi, deb aytishmoqda. Shuni aytishim mumkinki, uchta guruhdan uchta jamoani keyingi bosqichga chiqish imkoniyati borligini hisobga oladigan bo‘lsak, u erda autsayder jamoani ko‘rishimiz mumkin. Shu sababli bu “o‘lim guruhi” bo‘ldi, deb o‘ylamayman. “D” guruhida Yaponiya, Senegal, Polsha hamda Argentina joy olgan va shu guruhni alohida aytishimiz mumkin. Kuchli va bir-biriga munosib raqiblar to‘planishdi. Shuningdek, bizning “B” guruhimizda ham Ispaniya, Mali, Kanada va O‘zbekiston termalari bir-biriga yaqin va munosib jamoalar yig‘ilishdi. Bularda keyingi bosqichga chiqish uchun imkoniyatlari yaqqol katta farq bilan ajralib turmaydigan jamoalardan tashkil topgani uchun ham ikkala guruhni ta’kidlab o‘tishim mumkin.
- Mundial shu yilning noyabr oyida boshlanadi va terma jamoamizning hal qiluvchi pallagacha tayyorgarlik rejasi qanday?
- Yaqinda Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida bo‘lib qaytdik. Xabaringiz bo‘lsa kerak, u erda Marokash termasiga qarshi ikkita o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdik. Birinchi uchrashuvda 1:0 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsak, ikkinchi bellashuvda 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchradik. Hozirda futbolchilarimizga o‘z klublariga ruxsat berilgan. Oldimizda turgan rejalarimiz shundayki, oktyabrning dastlabki 15 kunligida Toshkentda mashg‘ulotlarga kirishib, futbolchilarning jismoniy holatiga e’tibor qaratamiz. Oktyabrning ikkinchi 15 kunligida yana Turkiyaning Antaliya shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazish reja qilingan. U erda jahon chempionati ishtirokchilariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkillashtirish kelishib olingan. Rasman tasdiqlansa, bu jamoalarni bilishingiz mumkin. Shundan keyin tayyorgarligimizning so‘nggi bosqichiga kirishamiz. Indoneziya iqlimiga yaqin bo‘lgan Osiyo davlatida moslashuv jarayonini o‘tkazamiz. U erda bitta o‘yin o‘tkazmoqchimiz va jahon chempionati qur’asidan avval birinchi savatchadan bo‘lgan jamoa bilan muloqotda bo‘lib turibmiz. Shu kunlarda aniq bo‘lib qoladi. Aytishim mumkinki, o‘rtoqlik o‘yinini Malayziyada o‘tkazmoqchimiz va shundan so‘ng Indoneziyaga yo‘l olamiz.
- Jahon chempionatida terma jamoamiz oldiga qo‘yilgan aniq vazifa qanday? Shu bilan birga optimal tarkib tayyor deb hisoblaysizmi yoki bu borada qanaqadir muammolar bormi?
- Aniqki, biz qatnashadigan har bir musobaqada faqat eng yuqori o‘rinlar uchun kurashamiz. Ayniqsa, so‘nggi yillarda yoshlar futbolida terma jamoalarimizning natijalari yaxshilanib kelyapti. Xalqimiz ham bunga ancha o‘rganib qolgan. Shu sababli zabt etiladigan marralar ko‘tarilgan. Masalan, Toshkentda o‘tgan U20 Osiyo chempionatida terma jamoamiz chempion bo‘ldi. Kuni kecha milliy terma jamoamiz jahon chempionatlarida munosib ishtirok etib keladigan Meksika bilan jangovar durang o‘ynadi. Aytmoqchimanki, biz ham xalqimizni xursand qilish uchun yangi tarix yaratishimiz kerak. Mundiallarda oldingi qayd etilgan natijalarni yangilab, yangi tarix yozmoqchimiz. Biroq hali bu borada rahbariyat bilan gaplashmadim. Lekin bilamanki, oldimizga eng yuqori maqsadlar qo‘yiladi. Futbolchilarga ham, murabbiylar shtabiga ham ishonamanki, biz albatta maqsadimizga erishamiz.
- Guruhimizdagi har bir raqibimizga qanday ta’rif bera olasiz?
- Guruhdagi raqiblarimiz haqida gapirishga biroz shoshmayman. Bugundan raqiblarimiz o‘yinlarini kuzatib borishni boshladim. Ispaniya futboli va filasofiyasi sistema bo‘yicha ishlanadi. Bolalar va yoshlar futbolining katta terma jamoasi bilan u qadar farqi sezilmaydi. Bitta yo‘nalishda ishlanadi. Aytishim mumkinki, ispan futboli to‘pni yaxshi nazorat qiladigan, qisqa va o‘rta paslar bilan pozitsion hujumlarga yondashgan holda o‘yin quradi. Ularga qarshi bahs olib borganda to‘psiz o‘ynash ham muhim. Maliga kelsak, har doim Afrika terma jamoalari yoshlar o‘rtasidagi musobaqalarda yaxshi natijalarga erishib kelishgan. Albatta, bu terma jamoaning ham o‘yinini diqqat bilan kuzatamiz, tahlil qilamiz. Ushbu raqib ko‘proq jismoniy kuchga tayangan holda o‘yin quradi. Bunga tayyor bo‘lishi kerak. Kanada ham jismoniy taraflama o‘z o‘yiniga yondashadi. Ammo, baribir bular raqiblar haqidagi dastlabki fikrlar. Ularni o‘rganishda davom etamiz. Shundan keyin har bir jamoa xususida yakuniy xulosaga kelamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar