
Tennis. Rojer Federer o‘ziga yangi xobbi topdi (video)
"Katta Dubulg‘a"ning 20 karra chempioni, jahonning sobiq birinchi raqamli tennischisi, shveytsariyalik tennischi Rojer Federer yangi sport turiga qiziqib qoldi. Ijtimoiy tarmoqlarda 42 yoshli sportchi golf o‘ynayotgani aks etgan videolar tarqaldi.
"Men yangi sevimli mashg‘ulotim bilan shug‘ullanishga harakat qilyapman. Menga omad tilang" — deb yozdi Federer o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Federer 2022 yil sentyabrida Londonda bo‘lib o‘tgan Leyver Kubogidagi ishtirokidan so‘ng katta sportni tark etgan. O‘shanda Rojer xayrlashuv uchrashuvini “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi musobaqalarning 22 karra chempioni, jahonning sobiq birinchi raqamli tennischisi, ispaniyalik Rafael Nadal bilan juftlikda o‘tkazgan. Shveytsariyalik tennischi faoliyati yakunida ba’zan ko‘rgazmali musobaqalarda kortga chiqishi mumkinligini inkor etmadi, biroq u professional sportga qaytmasligini, bundan tashqari "Katta dubulg‘a" turnirlarida ham ishtirok etmasligini ta’kidlagan.
Fikrlar