Superligada 5 ta turdan so‘ng kimning ishlari 5 yoxud havotirli signal!

  • 12 aprel, 2023, 15:22
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligada dastlabki 5 ta tur ortda qolganini hisobga olsak, qisman bo‘lsa-da, dastlabki taassurotlar shakllanishi turgan gap. Buning ustiga odatda ko‘pchilik murabbiy yoki futbolchilar chempionat boshlanmasidan oldin yangi mavsum to‘g‘risida fikr bildirishar ekan, odatda 5-6 ta turdan so‘ng jamoalarning kuchi va imkoniyati bilinib qoladi, degan gaplarni aytishganiga ko‘p guvoh bo‘lamiz.

Tecno

Mana, chempionatimizda 5 ta tur o‘tkazildi va maktab o‘quvchisini oladigan bahosi fonida aytadigan bo‘lsak, qaysi jamoaning ishlari besh baho, qaysilariniki 2 bahoga loyiq, bu holat turnir jadvalida aks etib turibdi. Lekin shuni ham qo‘shimcha qilish joizki, chempionatni omadsiz boshlab, keyinchalik o‘yinini kuchaytirgan va natijalarini asta-sekin yaxshilab borayotganlar ham bor. Bunga “Paxtakor” yaqqol misol. Maksim Shatskix jamoasi bilan Superligani ketma-ket ikkita mag‘lubiyat bilan boshlashi evaziga tanqidlarga uchradi. Hamma buni sensatsiya sifatida baholadi. “Paxtakor”ning o‘sha ikkita mag‘lubiyatidan keyin ko‘zi “ochildi”, chog‘i, oxirgi uchta o‘yindan beri yutyapti. “Sherlar” o‘z nomiga yarasha harakatlanishni boshladi, desak to‘g‘riroq bo‘ladi.

paxtakor1_2

Xuddi shunga o‘xshash fikr “Nasaf” jamoasiga nisbatan ham ishlatilishi tabiiy. Yodingizda bo‘lsa, Ro‘ziqul Berdiev jamoasi 1-turni o‘z maydonida “Andijon”ga qarshi o‘tkazib 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi. Hozircha “Nasaf”ning o‘sha mag‘lubiyati yagonaligicha qolmoqda. Boisi, “Ajdarlar” shundan keyin 3 g‘alaba va 1 durang natija qayd etib, 10 ochko bilan 4-o‘rinda. Ko‘rinib turibdiki, “Paxtakor” bilan “Nasaf” o‘yiniga qo‘shib borishyapti. To‘g‘ri, ularning ishtirokidagi uchrashuvlarni kuzatayotganimizda o‘zlariga ham og‘ir bo‘layotgani bilinib turibdi. Buni to‘g‘ri tushunish kerak. Chunki hozir hech kim osonlikcha taslim bo‘lmayapti. Raqiblardan hayiqishmay qo‘ydi. Shuning evaziga etakchilarga ham endilikda yanada mashaqqatli bo‘layotgani ko‘rinmoqda. Shunda ham ikki etakchi jamoa bir amallab bo‘lsa ham raqiblarini mag‘lub etib jadvaldagi o‘rnini yaxshilashyapti. Endi har bir turda etakchilarni qoqilishi katta ehtimol bo‘lib turibdi.

Superligada 5 ta turdan hech kim 100 foizlik natija qayd etmagani ham intriganing ancha keskin tus olayotganini bildiradi. Ammo ikkita jamoa borki, ularning kuragi hali erga tekkani yo‘q. “Neftchi” hamda “Bunyodkor” klublari chempionat doirasida ortda qolgan o‘yinlarning 4 tasida g‘alaba qozondi va 1 tadan durang qayd etishib, ikkalasi 13 ochkodan jamg‘arib turnir jadvalini boshqarib turishibdi. Boshqalarga nisbatan aynan ushbu jamoalarning natijalarini 5 bahoga loyiq ko‘rsak yarashaveradi. Ikkala klubdan shunday startni kutganmidingiz? Ha, “Neftchi” ham, “Bunyodkor” ham etakchilarga munosib qarshilik ko‘rsatishi kutilgandi, ammo ko‘pchilik jadvalning yuqori qismida “Paxtakor”, “Navbahor”, “Nasaf” kabi klublarni taxmin qilgandilar. Hozircha ular uchlikda emas, balki bu vaqtinchalikdir, biroq jadvalning yuqori pog‘onalarida yana eski klublarning ko‘rinish berayotgani yaxshi, albatta. Eski deganda “Neftchi” bilan “Bunyodkor”ning oldingi muvaffaqiyatli davrlari nazarda tutilayotganini payqagan bo‘lsangiz kerak. Agar bu jamoalar mavsum oxirigacha hozirgi barqarorligini saqlab qolsa bormi, ana unda Superliga qay darajada “yonishini” tasavvur qilib ko‘ravering.

neftchi yangi1_2

Muxlislarga ham, mutaxassislarga ham aynan shunday yuqori darajadagi intriga kerak. Hamma shunday intrigani yana “Navbahor”dan kutayotgandi, shunday emasmi? Aksiga olib Samvel Babayan jamoasi 5 ta o‘yinning 2 tasidayoq yutqazishga ulgurdi. Tarkibi o‘ta kuchli va nomi chiqqan o‘yinchilar bilan boyitilganini hisobga olsak, dastlabki 5 ta turning 2 tasida mag‘lubiyatga uchragani namanganliklar uchun havotirli signal. Darvoqe, “Navbahor”ning natijalari bilan bog‘liq qiziq jarayon bor. Ular o‘z uyidagi uchrashuvlardagi raqiblari darvozasiga javobsiz 3 tadan gol uryapti. “Qizilqum”, “Metallurg” hamda “So‘g‘diyona” bir xil - 3:0 hisoblarida taslim etildi. Ammo safarda ikki marta o‘ynagan bo‘lsa, ikkalasida 2:1 hisoblarida mag‘lubiyatga uchrab, Namanganga quruq qo‘l bilan qaytishdi. Avvaliga “Paxtakor”ga, so‘ngra OKMKga ana shunday natijalar bilan imkoniyatni boy berdi. Chempionlikdan boshqa natija qoniqtirmasligi kundek ravshan bo‘lib turgan “Navbahor”ning ayniqsa, asosiy raqobatchilariga engilishi bir qator savollarni keltirib chiqarishi tabiiy holat. 2 ta mag‘lubiyatni juda ko‘p deb qabul qilayotgan namanganlik ishqibozlarning qanchalik talabchanligini hamma biladi. Shuning uchun ularni sevimli jamoasining 9 ochko bilan 5-o‘rinda borayotgani qoniqtirmayotgani aniq. To‘g‘ri, chempionat yaqinda boshlandi, lekin chempionlikni maqsad qilgan jamoaning ilk turlardayoq qoqilayotgani balki biroz kutilmagan holatdir. Umuman olganda, “Neftchi” bilan “Bunyodkor”ning mag‘lubiyatsiz odimlayotgani va boshqa etakchilarning yutqazishga ulgurgani bizni oldinda yana qator syurpriz va kutilmagan natijalar kutib turgandek.

Superligada 2 bahoga loyiq jamoalar 2-3 tani tashkil qilyapti. Masalan, “Turon” bilan “So‘g‘diyona”ni olaylik, ikkalasi ham hali g‘alaba nimaligini bilmay kelishyapti. 2 ta durang va 3 ta mag‘lubiyat qayd etishdi. Lekin eng ko‘p mag‘lubiyat bu emas. “Turon” va “So‘g‘dinyona”dan so‘ng turnir jadvalida 12-o‘rinni egallab turgan “Buxoro” hisobida 1 g‘alaba va 4 durang bor. Chempionatni g‘alaba bilan boshlagan buxoroliklar shundan beri qatorasiga yutqazib kelyapti. Bu esa ishqibozlarini ranjitayotgani bor gap. Mag‘lubiyatlar fonida bosh murabbiyni ham almashtirishdi va Ulug‘bek Baqoev qaytarildi. Lekin uning “Buxoro”dagi debyuti ham omadsiz chiqdi. O‘z uyida “Bunyodkor”dan engildilar. Turdan-turga sovrinli o‘rinlar va ligada qolish uchun kurashadigan jamoalar saralanib borayotganga o‘xshaydi. Lekin unutmaslik kerakki, joriy yildagi Superliga hali siz bilan bizga yana ko‘plab syurprizlarni taqdim etadigandek...

Shuhratbek Jo‘raev. 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!