
Slovakiyadagi MMA turnirida o‘zbek o‘g‘loni raqibini nokautga uchratdi
Ma’lumki, joriy yilda Otabek Umarov boshchiligida O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi ochilishi bilan mamlakatimizning ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritadigan sportchilarga keng imkoniyatlar eshigi ochildi. Jumladan, juda ko‘p jangchilarimiz xorij promoushenlari tomonidan tashkil qilinadigan jang kechalarda ishtirok etishni boshlab yuborishdi. Albatta, avval ham bunday turnirlarda bir qator sportchilarimiz ishtirok etardi. Lekin bitta omilga e’tibor qaratishingizni so‘rardim...
Ya’ni, rasman MMA ga ruxsat yo‘qligi, e’tibor kamligi uchun juda yaxshi mahoratga ega bo‘lgan, K-1, kikboksing, qo‘l jangi, jangovar sambo hamda muaytay borasidagi professionallarimiz MMA da ishtirok etmasdi. Vaholanki, ular bu yo‘nalishda ham ajoyib natijalar qayd etishi mumkin edi. Mana endi, ular ham qo‘rqmasdan shunday turnirlarda o‘z janglarini o‘tkazishmoqda. Jumladan, Slovakiyaning Bratislava shahrida o‘z vaqtida Mahmud Muradov faoliyat olib borgan XFN turniri bo‘lib o‘tdi.
Unda oktagonga ko‘tarilgan, K-1 bo‘yicha bir qator nufuzli turnirlar g‘olibi, Osiyo chempioni, Jasur Alijonov shogirdi hamyurtimiz Islombek Maxammadjonov raqibini nokautga uchratib, navbatdagi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Islombekka amerika top-ten klubi a’zosi Gabriel Buds raqiblik qildi. Jangning birinchi raund 38 sekundida yurtdoshimiz raqibiga juda kuchli zarba berib, uni nokautga uchrata oldi.
Eslatib o‘tamiz: Islombek Maxammadjonov ushbu jangga qadar MMA yo‘nalishida bir marotaba oktagonga ko‘tarilib, unda ham g‘alaba qozongan edi.
Fikrlar