Shunday legionerlarimiz borki...

  • 1 sentabr, 2020, 22:41
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Malayziyaning “Terenganu” jamoasida to‘p surayotgan hamyurtimiz Sanjar Shoahmedov yana katta sahnaga chiqmoqda. U karantindan oldin ham o‘zining ajoyib o‘yinlari-yu, betakror gollari bilan malayziyaliklarni ham o‘ziga rom etib kelmoqda.

Tecno

Bir so‘z bilan aytganda, Shoahmedovning u erdagi faoliyati bir muncha samarali chiqmoqda. Hamyurtimiz sports.uz muxbiri bilan muloqotda u erdagi hayoti va yana boshqa holatlar haqida gapirdi.

Karantindan keyingi chempionat

-  Hamma qatori Malayziyada ham qat’iy karantin joriy qilindi. To‘rt oydan oshganidan keyin mashg‘ulotlarni boshladik va ortidan rasmiy o‘yinlarga ham kirishdik. Hozir bu erda vaziyat ancha yaxshi. To‘g‘risi, ikki oydan beri tinmay mashg‘ulotlar olib borayotgandik. Dastlabki rasmiy o‘yingacha 7-8 ta o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazdik. Shukrki, karantindan keyingi birinchi bellashuvda g‘alaba qozona oldik. Nasib qilsa, endi oktyabr oyigacha chempionat davom etadi. Bundan keyin ham yaxshi natijalar ko‘rsatishga harakat qilamiz.

Urayotgan gollarining chiroyli chiqayotgani tasodifmi yoki...

-  To‘g‘ri, har bir futbolchi gol urishni va ushbu gollari chiroyli chiqishini istaydi. O‘yin paytida esa baribir futbolchi o‘zi istagandek chiroyli gol urishi qiyin bo‘ladi. Axir maydonda raqib o‘yinchilari ham borligini unutmaslik kerak. Agar maydonda hech kim bo‘lmasa, o‘zingiz istagancha chiroyli gol urishga harakat qilsangiz bu boshqa gap. Uchrashuv davomida esa menda shunchaki chiroyli gol urish uchun imkoniyatlar bo‘lyapti. Zarbalarim esa chiroyli gol bilan yakunlanyapti. Lekin men gollarim chiroyli yoki xunuk bo‘lishiga jiddiy ahamiyat bermayman. Eng asosiysi, gollarim jamoamga foyda keltiryapti va biz g‘alaba qozonyapmiz.

shoahmedov

Bu yil uning shartnomasi tugaydi

-  O‘tgan yili “Terenganu” bilan ikki yillik shartnoma tuzganman. Bu yil esa klub bilan tuzgan shartnomam nihoyasiga etadi. To‘g‘ri, Malayziyaning top-klublaridan takliflar bo‘lyapti. Avvalo chempionatni tugatib olaylik. Qolganini keyin bafurja o‘ylab chiqamiz.

Yangi takliflar xususida

-  Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Balki kelasi yili yana Malayziya chempionatida qolishim ham mumkin. Dekabrda shartnomam tugagach, boshqa takliflar ustida jiddiy o‘ylayman. Hozir esa bu haqida o‘ylayotganim yo‘q. Bor e’tiborimni chempionatni jamoam bilan yaxshi kayfiyatda va yuqori o‘rinda tugatishga qaratganman. Malayziyada hammasi yaxshi, stadionlar ham, o‘yinlar ham. Chempionati ancha o‘sishga erishdi.

Shoahmedovda O‘zbekistonga qaytish niyati bormi?

-  Menimcha, har qanday futbolchida ham legioner bo‘lib o‘ynash niyati bo‘lsa kerak. Agar O‘zbekistondan yaxshi taklif bo‘lsa, o‘zimizning chempionatga ham qaytib qolishim mumkin. Yoki legioner sifatidagi faoliyatimni yana davom ettirarman, barchasini vaqt ko‘rsatadi.

shoahmedov3

Chempionatlardagi tafovut haqida

-  Har bir chempionatning o‘ziga yarasha futboli bor. Balki Malayziya chempionati qaysidir tomonlama boshqalardan kuchliroqdir. Yoki boshqa jihatdan kamchiliklari bordir. To‘g‘ri, chempionatlar bir-biridan farq qiladi. Axir hamma joyning futboli bir xil bo‘lavermaydi-ku, to‘g‘rimi? 

Yarim himoyachimizning ko‘proq gol urayotgani nima bilan bog‘liq?

-   Maydonda o‘ynayotgan futbolchi borki, hammasi gol urgisi keladi. Balki o‘zim yarim himoyachi bo‘lsam-da, hujumchilarga ko‘proq yordamga o‘tishim evaziga gollar ursam kerak-da. Bu yog‘iga ham to‘xtab qolmasdan yanada ko‘proq gollar urishga harakat qilaveraman. Asosiysi, jamoamiz g‘alaba qozonsa, shundan xursand bo‘lamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!