Shomurodov to‘purarlar poygasida: Raqiblar kim, hujumchimiz nechanchi o‘rinda bormoqda?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov Turkiya futbolini ham zabt eta boshladi. “Istanbul Bashakshehir” yozgi transferlar davrida o‘zbek hujumchisini tanlab adashmagani namoyon bo‘lmoqda.
Ma’lumki, istanbulliklar 30 yoshli o‘zbek hujumchini “Roma”dan keyinchalik to‘liq transfer qilish huquqi bilan bir mavsumga ijaraga olgan edi. Ijara puli 3 million evroni tashkil qildi. Yozda “Bashakshehir” yana 2,7 million evro to‘lab, Shomurodovning shartnomasini to‘liq sotib olishi mumkin.
Eldor Shomurodov 2020 yili Rossiya chempionatidan Italiya A Seriyasiga ko‘chib o‘tganidan keyin, “Jenoa”, “Spetsiya”, “Kalyari” va “Roma” klublarida o‘ynagan davrda chempionat to‘purarlari poygasida ishtirok eta olmadi.
Turkiyaga kelganidan keyin Eldorning ishtahasi ochilib ketdi. “Istanbul Bashakshehir”ning o‘yini va qayd etayotgan natijalariga e’tibor bersak, bu ko‘p gol ura oladigan jamoa emas. Mavsum boshidayoq bosh murabbiyni almashtirishga to‘g‘ri kelgan “Istanbul Bashakshehir” o‘ninchi turgacha atigi ettita to‘p kiritdi. Shularning yarmidan ko‘pi Eldorning hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shomurodov Superliganing o‘ninchi turida “Antalyaspor” maydonidagi uchrashuvda ham hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Legionerimiz 22-daqiqada jamoadoshi uzatgan to‘pni bir urinishda “Antalyaspor” darvozasiga joylab qo‘ydi.
O‘yinning qolgan daqiqalarida Nunu Da Kosta bir juft gol urib, hisobni yirik ko‘rinishga olib keldi.
Muhim uchrashuvga nuqta qo‘yish baribir Eldorga nasib qildi. Hamyurtimiz 88-daqiqada jamoadoshi Amin Arit uzatgan to‘pni yana darvozaga joyladi. Eldordan dubl, hisob – 4:0.
Hozirgacha yakunlangan o‘yinlar natijasidan keyin Eldor Shomurodov gollari sonini oltitaga etkazib oldi va Turkiya chempionati to‘purarlari bahsida ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi.
To‘purarlar bahsida “Trabzonspor” vakili Pol Onuachu ettita to‘p bilan peshqadamlik qilmoqda. O‘z davrda “Sautgempton”da o‘ynab, Angliya futboli tajribasini o‘zlashtirgan nigeriyalik hujumchi chempionat boshidan beri muntazam to‘p kiritib kelyapti.
Onuachuni ta’qib qilayotgan Eldor Shomurodov to‘purarlar poygasida “Trabzonspor”ning ikkinchi vakili Felipe Augusto, “Beshiktosh” hujumchisi Rafa Silva va “Galatasaroy” yulduzi Mauro Ikardidan o‘zib ketdi. Ularning bari beshtadan golga mualliflik qilgan.
Braziliyalik legioner Augusto keyingi to‘rtta uchrashuvda bittadan to‘p kiritib, barqarorlik namoyish qilyapti. “Benfika”dan olib kelingan Rafa Silva esa, “Beshiktosh” tarkibida oktyabr oyidagi to‘rtta o‘yinda hali birorta to‘p kiritmadi.
“Galatasaroy” sharafini himoya qilib kelayotgan argentinalik mashhur yulduz Mauro Ikardi ham beshta golining barini avgust va sentyabr oyidagi o‘yinlarda kiritgan.
Ta’kidlash joizki, Eldor Shomurodovga Turkiya Superligasi “Oltin butsa”si uchun kurashish oson bo‘lmaydi. Chunki uning raqobatchilari muntazam ko‘p gol uradigan hujumkor o‘yin namoyish qiluvchi jamoalarda to‘p tepyapti. Xususan, “Bashakshehir”ning joriy chempionatda kiritgan to‘plari soni endi o‘ntadan o‘tdi.
To‘purarlar kurashida etakchilik qilayotgan boshqa hujumlar o‘ynayotgan “Galatasaroy”, “Trabzonspor” va “Beshiktosh” eng ko‘p gol urayotgan jamoalar hisoblanadi.
Turkiya chempionatining o‘ninchi tur bahlari hali davom etmoqda va 27 oktyabr oqshomida yakunlanadi. Bu maqoladagi ma’lumotlar hali o‘zgarishi tabiiy. Biroq Eldor Shomurodov mavsum davomida to‘purarlik mahoratini namoyish qilib, chempionat oxirigacha to‘purarlar poygasining yuqori qismida bo‘lishiga umid qilamiz.
Kutilmagan burilish: Husanov jiddiy sinovdan o‘tyapti
Husanov haqidagi xushxabarga qanday reaktsiya bo‘ldi?
Husanov haqida so‘nggi ma’lumot!
Mbappe Shomurodovning o‘yinlarini kuzatyaptimi?
“Manchester Siti”ning Husanov bo‘yicha yakuniy qarori ma’lum bo‘ldi



Fikrlar