
Ro‘ziqul Berdiev: Chempiondan yaxshi o‘ynab, mag‘lubiyatga uchradik
O‘zbekiston Superligasi 14-turidan o‘rin olgan "Paxtakor" - "Nasaf" uchrashuvida poytaxtliklar 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yindan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida "ajdarlar" ustozi Ro‘ziqul Berdiev ishtirok etdi va quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
"O‘zingiz guvohi bo‘lganingizdek, kurashlar va hissiyotlarga boy bellashuv bo‘ldi. Biz raqibga o‘z o‘yinini ko‘rsatishga imkon bermadik. Menimcha, "Paxtakor" bugun eng yomon o‘yinlaridan birini o‘tkazdi va yakunda g‘alaba qozondi. Raqibga o‘yin bermaslik uchun ko‘proq bosim uyushtirishimiz talab etilardi va o‘ylaymanki, bahs uchun tanlagan taktikamiz bizga qo‘l keldi.
Menimcha, bugun "Paxtakor"ga qaraganda ko‘proq vaziyat yaratdik, lekin ulardan foydalana olmadik. Chempiondan yaxshi o‘ynadik, biroq mag‘lubiyatga uchradik. Himoyachi va darvozabonimiz yo‘l qo‘ygan xato tufayli imkoniyatni boy berdik.
Superligamizda bizning futbolchilardan ko‘proq yuguradigan birorta jamoani bilmayman. Shuning uchun, biz pressingda harakat qilamiz. Mag‘lubiyatlarimizga sabab qilib etakchi futbolchilarimizning yo‘qligini ko‘rsatgan bo‘lardim. Menimcha, ular qaytsa, siz kutgan futbolni namoyish eta olamiz.
Bilsangiz, "Paxtakor" hujumlari asosan, Odil Hamrobekov orqali boshlanadi. Oybek Bozorovning bugungi o‘yin uchun vazifasi uni zararsizlantirish edi. Balki Oybek hujum bobida o‘zini ko‘rsata olmagandir, lekin men yuklagan vazifani uddaladi.
O‘yin vaqtida hissiyot bilan hakamning qarorlariga e’tiroz bildirishimning nimasi yomonligini tushunmayman. Ularni haqorat qilmayapman. Men murabbiyman. Tabiiyki, ayrim vaziyatlarda jahlim chiqadi. Futbolimiz shu bilan qiziq-ku, axir.
Fikrlar