
"Rosti, O‘zbekistondan ham takliflar bo‘ldi, "Zob Axan"ni tanlab to‘g‘ri tanlovni amalga oshirdim, "Navbahor"dan ketish og‘ir bo‘ldi, ammo..." - Exsoni Panshanbe bilan suhbat
Tojikistonlik yarim himoyachi Exsoni Panshanbe yaqinda Eronning “Zob Axan” klubiga ko‘chib o‘tdi. Kuni kecha ushbu o‘yinchi Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Exsoni “Navbahor”dan ketishni oldindan rejalashtirganmidingiz?
- Yo‘q, bunaqasi hech qachon bo‘lmagan.
- “Navbahor” bosh murabbiyi Samvel Babayan bilan gaplashganimda u siz haqingizda ijobiy fikrlarni aytdi. Ayting-chi, klubdan ketishingizda uning qo‘li bormi?
- Samvel Vyacheslavovich birinchi navbatda juda yaxshi inson. U yana eng yaxshi murabbiy. Mening boshqa klubga o‘tishimda katta rol o‘ynadi. Ketishim bo‘yicha gaplashganmiz va yaxshi maslahatlar bergan. Babayan ham boshqa jamoada to‘p surishimni tarafdori bo‘lgan. Shuning uchun unga va murabbiylar shtabiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Umuman olganda, Babayandan tashqari klub prezidenti Otabek Samatov va viloyat hokimi ham “Navbahor”da o‘ynab ketishimda katta rolni bajarishgan. Bunday jonkuyar insonlar kam. Ular futbolni juda sevishadi. Shuning uchun bu kabi insonlarni qadrlash kerak.
- Sizda “Navbahor”da qolish imkoniyati qolmaganmidi?
- Umuman olganda, qolish varianti ham bo‘lgandi. Ya’ni, meni ketishimga qarshi odamlar ham bor edi.
- Transferingiz ko‘pchilikni qiziqtirdi. Eron klubi siz uchun qancha narx to‘ladi?
- Yo‘q, bepul. Barcha masalani kelishib olgandik.
- “Navbahor” hozir musobaqa jadvalida peshqadam bo‘lib turibdi va sizda ham mavsum yakunida sovrin yutish imkoniyatingiz ko‘proq edi. Shuni inobatga olganda, hech bo‘lmaganda nimadir yutib keyin ketsangiz bo‘lmasmidi?
- Juda yaxshi va qiziqarli savol. Umuman aytganda, sovrin yutib ketishni xohlagan bo‘lardim. Lekin men o‘ynashda davom etishim kerak. Endi 23 yoshga kirdim. Yana o‘sishim va rivojlanishim lozim. “Navbahor”ga omad tilayman. Oxirigacha shunday davom etsin. Asosiysi, yigitlar jarohatlardan holi bo‘lsin.
- Nima uchun “Zob Axan” klubini tanladingiz?
- Rosti, menga O‘zbekistondan takliflar bo‘lgan. Buni inkor etmayman. Ko‘plab qiziqishlar bo‘ldi. Bu paytda men “Zob Axan” bilan muzokaralar o‘tkazayotgandim. O‘zimni Eron chempionatida sinab ko‘rishni xohladim. “Zob Axan” juda yaxshi jamoa va boy tarixga ega. Adashmasam, Osiyo Chempionlar ligasi finalida ishtirok etgan. O‘ylaymanki, men to‘g‘ri tanlovni amalga oshirdim.
- “Navbahor”dan ketish qiyin bo‘lmadimi?
- Ha, juda qiyin bo‘ldi. Nima bo‘lgan taqdirda ham “Navbahor”da ikki yil to‘p surdim. “Navbahor” va Namangan mening ikkinchi uyimdek bo‘lib qolgandi. Shuning uchun u erdan ketish og‘ir kechdi. Lekin oldinga qarab intilishda davom etish kerak. Hozirgacha jamoadoshlarimni sog‘inyapman. Ammo nima ham qila olardik, hayot shunday ekan. “Navbahor” doim qalbimda qoladi. Bundan keyin ham bu klubga chin yurakdan muxlislik qilaman.
- Umuman olganda, Namangandagi faoliyatingiz yoqdimi?
- Ha, “Navbahor”da hammasi a’lo darajada bo‘lgan. Hech nimadan afsuslanmayman. Klubda barcha narsa yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgandi.
- “Zob Axan”da sizni qanday kutib olishdi? Sizga qanday talablar qo‘yishdi?
- Meni bu erda yuqori darajada kutib olishdi. Bundan minnatdorman, hammasidan qoniqish hosil qildim. Yangi jamoadoshlarim ham ajoyib yigitlar ekan, ular meni yaxshi qarshi olishdi. Klub rahbarlari, xodimlari, shahar hokimi ham yaxshi kutib olishdi. “Zob Axan” top-darajadagi jamoa. Yuqorida aytganimdek, chempionlar ligasi finalida ishtirok etgan, bu ham bejiz emas. Bu ham klubning mavqei qandayligini ko‘rsatib turibdi.
- Yuqorida O‘zbekistondan takliflar bo‘lganini aytdingiz. Sir bo‘lmasa, Superligadan qaysi jamoalar qiziqish bildirishgandi?
- Endi bu haqida gapirsam noto‘g‘ri bo‘ladi, deb hisoblayman. Bu albatta o‘z fikrim. Men O‘zbekistondagi barcha jamoalarni hurmat qilaman. O‘zbekiston biz tojiklar uchun xuddi o‘z uyimizdek. An’analarimiz, yashash tarzimiz va milliy urf-odatlarimiz ham deyarli bir xil. Bundan tashqari, biz qo‘shnilarmiz. Shu sababli ham qanday takliflar bo‘lgani xususida gapirish noto‘g‘ri. Umid qilamanki, yana qachonlardir O‘zbekistonga qaytaman.
- “Zob Axan” bilan “Navbahor”ning farqi nimada?
- Nima desam ekan, hozir aniq bir gap ayta olmayman, endi 4-5 kundan beri yangi klubimda shug‘ullanyapman. Barchasini vaqt ko‘rsatadi.
- Yangi klubingizni maqsadi qanday?
- Yangi klubimda men uchun birinchi navbatda jamoa turadi. Asosiysi, jamoamning yaxshi o‘yin ko‘rsatishi va g‘alaba qozonishi muhim. “Navbahor”da ham doim shunday bo‘lgan.
- “Navbahor”da eng yaqin do‘stingiz kim edi?
- Klubda hamma bilan munosabatlarim juda yaxshi edi. Do‘stona munosabat o‘rnatilgandi. Bu borada kimnidir alohida ajratib ko‘rsata olmayman.
- Eron chempionati kuchlimi yoki O‘zbekiston Superligasimi?
- Hozircha bu masalada ham bir nima deya olmayman. Yaqindagina keldim. Chempionat boshlanganidan keyin ko‘ramiz.
- “Zob Axan”da qaysi raqamni tanladingiz va nima uchun?
- 17-raqamni oldim. Bolaligimdan beri shu raqamda o‘ynab kelaman. Shu bois bu erda ham 17 ni tanladim.
- Siz uchun “Navbahor”dagi yoqimli va yoqimsiz o‘yin?
- “Navbahor”da barcha o‘yinlar yaxshi o‘tdi, deb hisoblayman. Yutamizmi-yutqazamizmi, baribir ajoyib o‘yinlar o‘tkazdik. O‘tgan yili O‘zbekiston Kubogida “Nasaf”ga qarshi qo‘shimcha daqiqalarning oxirida gol o‘tkazib yutqazganimiz eng yoqimsizi bo‘lgandi.
- Eron chempionatiga ketishingiz faoliyatingizda oldinga tashlangan qadammi?
- Hozircha bir nima deya olmayman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Chempionat boshlanaversin, qolganini ko‘ramiz.
- O‘zbekiston chempionatida faoliyat olib borib, ko‘proq nimalarni o‘rgandingiz?
- O‘zbekiston chempionati juda yaxshi. Men u erda juda ko‘p narsalarni o‘zlashtirdim va o‘rgandim. Ko‘pchilik bilan, boshqa klublardagi futbolchilar bilan ham do‘stlashdim. Umuman aytganda, O‘zbekiston chempionati menga ko‘p narsa berdi.
- Sir bo‘lmasa, “Zob Axan”da sizga qanday maosh taklif qilishdi? U erga ketishingizda pul muhim rol o‘ynadimi?
- O‘zingiz yaxshi tushunasiz, professional futbolchi maosh haqida gapirmaydi. To‘g‘ri, bu sir emas, buni ko‘pchilik biladi. Lekin bu erda hech qanaqa pul rol o‘ynamaydi.
- Yuqorida yana O‘zbekistonga qaytishingiz mumkinligi haqida aytdingiz. Bu u qadar uzoqqa cho‘zilmaydimi?
- Ha, yana O‘zbekistonga qaytishni xohlayman. Nasib qilsa, kun kelib albatta qaytaman.
- Yangi klubingizda boshqa xorijlik futbolchilar ham bormi?
- Klubda birgina men legionerman. Boshqa legionerlar yo‘q. Jamoaning qolgan barcha fubolchilari mahalliy ijrochilar. Men ushbu suhbatdan foydalanib, “Navbahor”ning ashaddiy muxlislari haqida gapirmoqchiman. Ular O‘zbekistonda eng zo‘rlaridan biri. Jamoani va meni har qanday holatda ham qo‘llab-quvvatlashgan. Buning uchun ularga katta rahmat. Ishqibozlar har doim jamoasini yolg‘izlatib qo‘yishmaydi.
Fikrlar