Rashidov terma jamoada to‘p surishga xohishi yo‘q, degan gap 100 foiz noto‘g‘ri - futbolchi atrofida yuz berayotgan vaziyat haqida ochiq gapirdi

  • 18 noyabr, 2020, 19:41
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Qatar chempionatida to‘p surgan Sardor Rashidov uyga qaytgani to‘g‘risida yaqinda sports.uz orqali xabar bergandik. Ammo shunda ham uni milliy terma jamoaga chaqirishmadi. Bu esa odamlar orasida turli savollarni keltirib chiqardi.

Tecno

Rashidov aslida Abramov uchun kerakmi? Mana shu savol bir necha bor yangradi. Bundan tashqari, futbolchining o‘zida terma jamoada to‘p surishga bo‘lgan ishtiyoq unchalik emas, degan turli gap-so‘zlar ham bo‘ldi. Aslida ham holat shundaymi? Ayniqsa, O‘zbekistonning Suriya hamda Iroqqa yutqazgani ishqibozlarni qattiq ranjitdi. Sardor Rashidov esa terma jamoa va klubidagi keyingi taqdiri xususida saytimizga intervyu berdi.

-  Sardor yaxshimisiz? Oxirgi paytlarda sizni terma jamoaga taklif qilishmayotgani borasida tushunmovchiliklar kelib chiqyapti. Lekin Rashidovni bosh jamoamizda ko‘rishni istayotgan ishqibozlar ham ko‘p. Siz bilan terma jamoa o‘rtasida qanday vaziyat yuz beryapti?

-  Milliy terma jamoada kimning o‘ynagisi kelmaydi? Masalan, mening O‘zbekiston termasida to‘p surishga bo‘lgan xohishim juda baland va bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Sizga rostini aytaman, bu haqida Vadim Abramov bilan gaplashganim yo‘q. Terma jamoadan futbolchilarga xat jo‘natadigan Roma degan inson bilan gaplashdim. Kerak bo‘lsa, o‘zim unga aloqaga chiqib, terma jamoa qachon yig‘iladi, deb so‘rardim. Shuning o‘zi aslida mening xohishim kuchli ekanini ko‘rsatib turibdi-ku! Terma jamoanikidan ko‘ra, mening u erda to‘p surishga bo‘lgan ishtiyoqim yuqori darajada. Istalgan futbolchi, hatto u “Real”da to‘p surmaydimi, baribir har qanday o‘yinchiga terma jamoa libosida maydonga tushish katta sharaf. Milliy termamizning ikkita mag‘lubiyati reytinga qattiq ta’sir qiladi, deb o‘ylayman. O‘sha Saudiya Arabistoni bilan uchrashuvda nima uchun yutqazganimizni bilmadim. Vadim Karlenovichning taktik g‘oyalaridan bexabarman. Lekin Sardor Rashidovning terma jamoada to‘p surishga xohishi yo‘q, degan gap 100 foiz noto‘g‘ri. Hech qachon menda bunday bo‘lmagan. Yana qaytarishim mumkin, O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilish men uchun katta mas’uliyat va katta sharaf.

-  Abramov bilan oxirgi marta qachon gaplashgansiz?

-  Vadim Karlenovich bilan gaplashmaganman.

rashidov3_1

-  Terma jamoa ustozi bo‘lib ishlab kelayotganidan beri-ya?!

-  Ha, gaplashmaganman.

-  Milliy termadan chetda qolib ketayotganingiz o‘zingizga qanday ta’sir qilyapti?

-  Albatta, ta’sir qilyapti. Mana, Saudiya bilan o‘ta muhim o‘yinda yutqazdik. Oxirgi ikkita nazorat bellashuvida ham yana mag‘lubiyat. Bu albatta futbolchilarga alam qiladi. Agar men ham maydonda bo‘lganimda, albatta yordam berardim, degan tuyg‘u har qanday o‘yinchining qalbidan o‘tadi.

-  Hozirgi vaziyatdan kelib chiqsak, terma jamoamizga etishmayotganingizni qanchalik his qilyapsiz?

-  Har bir futbolchida bu holat kuchli bo‘ladi. Yuqorida aytdim-ku, futbolchi borki, terma jamoaga foydasi tegishini istaydi. Axir bu vatan jamoasi-ku!

rashidov2_2

-  O‘zbekistonning ikkita mag‘lubiyatidan keyin tanqidlar avj olmoqda. Suriya bilan Iroqqa hurmatni saqlagan holda aytganda, aslida ular yutsa bo‘ladigan raqiblar, bizdan ustun emas. Garchi bu o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lsa ham milliy terma jamoa o‘ynayotganda hammaning e’tibor unga qaratiladi. Ushbu mag‘lubiyatlarni qanday ogohlik qo‘ng‘irog‘i deb qabul qilasiz?

-  Buni qattiq qo‘ng‘iroq, deb qabul qilaman. Nimagaki, oldimizda hali Saudiya Arabistoni terma jamoasi kutib turibdi. Bu raqib Suriya ham, Iroq ham emas. Xudo ko‘rsatmasin, mabodo ularga yutqazib qo‘ysak, katta yo‘qotishga uchraymiz va guruhda qolib ketishimiz ham mumkin. Hali saudiyaliklar bilan bahsga Abramovning 3-4 oy vaqti bor. O‘sha o‘yinga o‘ta jiddiy tayyorlanish kerak. Endi faqat jiddiy qarash darkor, bu yog‘iga yutqazishga haqqimiz qolmadi. Iroq bilan Suriyaga mag‘lubiyatga uchraganimiz xazil emas.

-  Bunday o‘yinlardan so‘ng O‘zbekistonning mundialga bo‘lgan imkoniyatini qanday baholayapsiz?

-  Hozir o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazildi. Saudiyaga qarshi o‘yindan avval Ravshan Ermatov hamda Vadim Abramov vaziyatga jiddiy qarashadi. Mana shunday o‘ta muhim uchrashuvlarda murabbiy terma jamoaga munosib va loyiq bo‘lgan futbolchilardan foydalanadi, degan umiddaman.

-  Terma jamoamiz libosidagi oxirgi o‘yiningizni eslay olasizmi?

-  Menimcha, Osiyo Kubogida edi.

-  Sizni kutayotgan muxlislar uchun nima deya olasiz?

-  To‘g‘risi, ishqibozlarga bir narsa deyishga ham odam uyaladi. Ular jamoani qo‘llab-quvvatlashda davom etishsin. Hammasi yaxshi bo‘ladi, barchasi oldinda. Vaqtimiz bor. Saudiya bilan uchrashuvda xalqimizni xursand qilamiz, degan umiddaman.

rashidov_4

-  Endi klubingizdagi holat haqida gaplashsak. “Qatar SK” bilan butkul orani ochiq qildingizmi?

-  Klubim – “Qatar SK” bilan yanvargacha shartnomam bor. Lekin men uydaman. Xudo xohlasa, hammasini kelishgan holda yanvarda yangi jamoaga o‘taman. Ungacha shartnomam o‘z kuchida.

-  Qatardan ketishingizni qanday izohlaysiz?

-  Yanada kuchliroq klubga o‘tmoqchiman. Chempionlar ligasida ishtirok etadigan jamoa sharafini himoya qilish niyatim bor. Yangi marralar va yangi maqsadlar sari olg‘a intilaman.

-  Sizga qiziqayotgan klublar ko‘p, deb eshitdim...

-  Ha, muzokaralar davom etyapti.

-  Xavining sizga taklifi nima bo‘ldi? O‘z kuchidami yoki...

-  Xavi bilan telefon orqali ham, internet orqali ham gaplashdim. U menga kutib tur, seni klubimda ko‘rishni xohlayman, biz uchun kerakli futbolchisan, dedi. Faqat “Al-Sadd”da ikki nafar janubiy koreyalik legionerlar bor. Ulardan birining o‘rniga seni “Al-Sadd”ga olib kelmoqchimiz, dedi Xavi. Shuning uchun yanvargacha kutishga majburmiz.

-  O‘zbekistondasiz va hozir nimalar bilan bandsiz?

-  Uyimdagilar bilan vaqtimni chog‘ o‘tkazyapman. Bir yil bo‘lgandi, ularni ko‘rmaganimga. O‘tgan yili noyabrda uyga kelgandim. Shuningdek, o‘zim mashg‘ulot qilib turibman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Dastan Uteuliev
20/11/2020 20:10
Бир тийин
&
BLCHAD
18/11/2020 21:08
Shaxsan men uchun tarkib
Darvozada otkir yusupib
Himoya Farruh rustam golbin Dotson
Yarimhimoya jaloldin otabek Odil C
hujim Sergeyib eldor sardor