
Ramos “Oltin to‘p”ni tanish-bilish orqali qo‘lga kiritishga uringani fosh bo‘ldi
El Confidencial nashri ispaniyalik mashhur himoyachi Serxio Ramos “Real”da o‘ynab yurgan kezlari, ya’ni 2020 yili “Oltin to‘p”ni olishida unga yordam berishlarini so‘ragan.
Manba Ramosning Ispaniya Qirolligi futbol federatsiyasi rahbari Luis Rubiales bilan telefon orqali bu borada suhbatlashgani haqidagi audiomaterillar e’lon qilindi.
Unda Ramos tashkilot rahbaridan unga “Oltin to‘p”ni olishi uchun yordam berishlarini so‘rayotgani aks etgan.
- Xayrli kech, Rubi. Men hech qachon sizdan hech narsa so‘ramaganimni yaxshi bilasiz. Lekin hozir shunday qilmoqchiman. O‘yinimga e’tibor bersangiz, bu mavsum men uchun o‘zgacha ahamiyat kasb etdi. UEFAdagi kerakli nuqtalarni harakatga keltirib, kerakli odamlar bilan “Oltin to‘p” masalasida gaplashib berishingizni so‘rayman.
Men doim sizdan minnatdor bo‘laman. Bu faqatgina mening shaxsiy istagim emas, balki butun ispan futbolining yutug‘i bo‘ladi, - degan ekan Ramos.
- Salom Serxio. Avvalo sizni muvaffaqiyatli mavsum bilan tabriklayman. Tabiiyki, “Oltin to‘p”ni topshirish menga bog‘liq emas. Lekin qo‘limdan kelganicha sizga yordam berishga harakat qilaman. Menga ishonishingiz mumkin, - deb javob berdi Rubiales.
Qizig‘i shundaki, koronavirus pandemiyasi tufayli 2020 yilda “Oltin to‘p” g‘olibi aniqlanmadi. Shu yili ko‘pchilik Robert Levandovskini mavsumning eng zo‘r o‘yinchisi, deb topgandi.
Fikrlar