"Paxtakor"da ishlab ketgan mutaxassis "Dinamo"ga kerak!
So‘nggi yillarda Superliga bilan pro liga o‘rtasida tushib chiqib yurgan “Dinamo” yangi mavsumni yana kuchlilar orasida o‘tkazadi. Bu yil pro liga musobaqasida Vadim Abramov jamoasi ikkinchi o‘rinni band etdi va Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish orqali vazifani bajardilar. Shuningdek, O‘zbekiston Kubogining yarim finaligacha ham etib borganliklarni tahsinga sazovor.
Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, “Dinamo” klubi allaqachon yangi mavsum uchun tadorigini boshlab yuborgan. Hadeb Superligadan tushib ketadigan jamoa rolini o‘ynamasligi uchun ular endi puxtaroq rejalar ishlab chiqishmoqchi. Buning uchun “Dinamo” selektsiyani sifatli bajarish va aniq strukturaga ega bo‘lish maqsadida tajribali mutaxassisga extiyoj sezmoqda. Boya aytganimizdek, “Dinamo” Superligaga chiqqach, yana tushib ketadigan klub rolini bajarmaslik uchun ishni har tomonlama puxta bajarishi, natijalar ham endi shunga yarasha bo‘lishi talab etiladi.

Balki shuning uchun bo‘lsa kerak, “Dinamo” mutasaddilari sport direktori lavozimiga Ja’far Irismetovni taklif qilishgan. Eshitishimizga qaraganda, tomonlar og‘zaki kelishib olishgan va shu kunlarda rasman shartnoma imzolanishi kutilmoqda.
Yaxshi bilasizki, Irismetov “Paxtakor” sport direktori sifatida ancha samarali ish olib borgan. Shota Arveladze bilan birgalikdagi ish faoliyati ancha muvaffaqiyatli chiqqan, desak mubolag‘a qilmaymiz. Oxirgi paytlarda futbolimizni chetdan kuzatib kelayotgan Irismetovga boshqa takliflar ham bo‘lib turdi. Aftidan, mutaxassis ularning orasidan “Dinamo” variantini tanlaganga o‘xshaydi.
Albatta, Ja’far Irismetov “Dinamo”da ish boshlaydigan bo‘lsa, bu pro ligadan chiqqan jamoa uchun ijobiy holatga aylanadi. Negaki, uning “Paxtakor”da to‘plagan boy tajribasi samarqandliklarga qo‘l kelishi katta ehtimol. Qolaversa, bosh murabbiy Vadim Abramov ham yonida mana shunday sherik va sport direktori bo‘lishiga qarshi emas.

“Dinamo” Superligada munosib ishtirok etish va jamoani shunga yarasha tayyorlashni ko‘zlamoqda. Buning uchun rahbariyat tarafidan klubga kerakli shart-sharoitlar yaratib berilishi ko‘zda tutilgan. Shuning uchun qishki selektsiya chog‘ida bu jamoadan qator yangiliklarni eshitsak hayron qolmaymiz. Boshlanishi esa Ja’far Irismetov misolida bo‘lsa, qolganini yana kuzatamiz. Balki siz bilan bizni boshqa syurprizlar ham kutayotgan bo‘lsa ajab emas.
Eshitishimizcha, “Dinamo” bir qator yangi o‘yinchilar bilan muzokaralarni boshlab yuborgan. Balki bunda Irismetovning qo‘li bo‘lsa ham ajablanmaymiz. Voqealar rivojini esa kuzatishda davom etamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.



Fikrlar